17:06 / 31.01.2021
2 232

Adliya vazirligi: xalq adliya organlari faoliyatidan rozi bo‘lish kerak

Adliya vazirligi: xalq adliya organlari faoliyatidan rozi bo‘lish kerak
2021 yil 30 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining navbatdagi kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Adliya vazirligining 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar yakuni, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Hay’at majlisi videkonferensaloqa shaklida o‘tkazilib, unda adliya organlari va muassasalarining rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Qayd etildiki, so‘nggi paytlarda adliya tizimining aholi bilan muloqoti tubdan o‘zgardi, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi bilan yaqindan muloqot qilishning yangi, zamonaviy va ta’sirchan shakllari amaliyotga joriy etildi, innovatsion yangi loyihalar asosida zamonaviy targ‘ibotning o‘ziga xos ko‘rinishlari yaratildi.

Ta’kidlash joyizki joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan adliya organlari faoliyatiga alohida e’tibor qaratilib, soha faoliyatini takomillashtirishga doir bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarma va bo‘limlarining asosiy vazifalari qabul qilingan qonun hujjatning mazmun-mohiyatini mas’ullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish va nazorat qilishdan iborat bo‘lishi aytib o‘tildi.

O‘tgan 2020 yil Adliya organlari faoliyati tubdan isloh qilinib, vazirlik zimmasiga qator vazifalar yuklatildi hamda vazirlik markaziy apparatida yangi tarkibiy bo‘linmalar tashkil etildi. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarni rivojlantirish, Ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish va monitoringini yuritish, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash hamda Tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmalari shular jumlasidandir.

Shu bilan birga vazirlikka bir qator yangi vakolatlar yuklatildi. Misol tariqasida:
•amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarning samaradorligi va natijadorligini monitoring qilish, ushbu sohada vazirlik va idoralar vakolati va funksiyalarining to‘liq va sifatli amalga oshirilayotganligi hamda belgilangan maqsadlarga erishilayotganligini funksional tahlil qilish;
•qonun hujjatlari va ularning loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;
•xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasi o‘rnining yaxshilanishiga to‘sqinlik qilayotgan huquqiy omillar yuzasidan fundamental huquqiy tadqiqotlar o‘tkazilishini ta’minlash vakolatlarini keltirish mumkin.

Shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida vazirlik huzurida “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tashkil qilindi.

O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) tasdiqlandi.
Xalqaro “SERT International” tashkiloti tomonidan Adliya vazirligiga ISO 37001:2016 xalqaro standarti berildi.

Adliya vazirligi tomonidan davlat va jamiyat hayotining muhim masalalarini tartibga solishga qaratilgan 199 ta qonun hujjatlari, shu jumladan 45 ta qonun loyihalari ishlab chiqildi hamda 2 463 ta qonun hujjatlari loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.
Adliya tizimini aholi bilan muloqoti tubdan o‘zgardi, ayniqsa pandemiya davrida internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi bilan yaqindan muloqot qilishning yangi, zamonaviy va ta’sirchan shakllari amaliyotga joriy etildi.

Kelib tushgan jami 90 ming 41 ta murojaatlarning 86 foizi qonuniy hal etildi. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida 334 mingdan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Davlat xizmatlari markazlari sohasida islohotlar ham samarali davom ettirildi. Ular tomonidan 8 mln. 235 mingdan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi.

Hay’at majlisida asosiy e’tibor mavjud xato va kamchiliklar hamda ularning ildizlarini puxta tanqidiy tahlil qilishga, faoliyatdagi muammolarni ochiq-oshkora muhokama qilishga qaratildi.

Xususan, aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish ishlarini tashkil qilishda ayrim tizimli muammolar mavjudligi, davlat xizmatlari markazlari xodimlari tomonidan fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda jiddiy kamchiliklar ko‘zga tashlanayotganligi, tuman (shahar) adliya bo‘limlari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishga jiddiy yondashmayotganligi, ya’ni aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, xalq ichiga kirib borish faoliyati talab darajasidan ancha yiroqligi, ayrim hududdagi aholi adliya bo‘limlari faoliyati tashkil etilganligidan bexabar ekanligi, sohani takomillashtirish va aholiga qulayliklar yaratishdagi muammolarni hal etishda rahbarlarda shaxsiy tashabbus va talabchanlikning yetarli bo‘lmayotganligi aytib o‘tildi.

Hay’at majlisida Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi hamda Davlat xizmatlari agentligining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasining
2020 yildagi faoliyati ham tanqidiy tahlil etildi.

Shuningdek, amaliyotdagi mavjud muammolarni yaxshilash yuzasidan aniq maqsadga yo‘naltirilgan takliflarni ishlab chiqish va ularni ommalashtirish bo‘yicha ishlar qoniqarsiz olib borilayotganligi alohida qayd etildi.

Majlis kun tartibidagi masala bo‘yicha, vazir o‘rinbosarlari, markaziy tarmoq rahbarlari, joylardagi adliya organlari va muassasalari rahbarlarining hisobotlari hamda adliya organlari faxriylarining taklif va tavsiyalari eshitildi.

Shu maqsadda, adliya organlari rahbarlari tomonidan ushbu sohada tizimli nazoratni ta’minlash va yanada kuchaytirish, xodimlarning mas’uliyatini va ularning kasb-odob qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha shaxsiy javobgarligini oshirish, xizmat ko‘rsatuvchi idoralar faoliyatini tizimli ravishda nazoratda ushlab turish, jamoatchilik guruhlari yordamida “sirli mijoz” tadbirlarini keng amalga oshirish, jamoat nazoratini kuchaytirish hamda tegishli masalalarni soha mutaxassislari bilan maslahat qilish orqali hal qilish belgilab olindi.

Hay’at majlisida xalq adliya organlari faoliyatidan rozi bo‘lish kerakligi, adliya organlari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymasligi va kelgusida belgilangan rejalarni amalga oshirishda faol bo‘lish kerakligi yana bir bor ta’kidlab o‘tildi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi: xalq adliya organlari faoliyatidan rozi bo‘lish kerak