23:42 / 18.02.2021
3 005

Xususiylashtirish – Stalin qilgan ishning teskarisi bo‘lib qolmasin...

Xususiylashtirish – Stalin qilgan ishning teskarisi bo‘lib qolmasin...
Hammamizga ma’lum bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri – xususiylashtirish jarayonlari hisoblanadi. Shu haqida fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashishni lozim, deb topdik.

Umumiy konsensus mavjud – xususiy sektor odatda davlat sektoridan samaraliroq, deb hisoblanadi. Xususiylashtirish orqali samarasiz bo‘lgan davlat ishtirokidagi korxonalar xususiy sektor qo‘liga o‘tadi va mulk huquqidan manfaatdor bo‘lgan yangi elita shakllanadi. Ommaviy xususiylashtirishni o‘tkazishga dahvat qiluvchi iqtisodchilar shu ssenariydan umidvor edi. Xususiylashtirish – «Washington Consensus» deb nom olgan va Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) tomonidan postsovet davlatlarida sinalgan iqtisodiy reformalarning asosiy siyosatlaridan biriga aylandi.

Shuningdek, bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini baholovchi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki reytingning asosiy komponentlari sifatida Sobiq Ittifoq davlatlarida o‘tkazilgan kichik va katta masshtabdagi xususiylashtirish ishlarining holatlari ham baholanib kelindi. Bir so‘z bilan aytganda, ommaviy va tezkor xususiylashtirishni amalga oshirish mazkur tashkilotlarga yoqishning bir usuli edi.

Ammo ko‘plab Sobiq Ittifoq davlatlaridagi (xususan, Rossiyadagi) ommaviy xususiylashtirish iqtisodchilar kutgan natijani bermadi. Xususiy sektorning gullab-yashnashi, resurslardan samarali foydalanuvchi mulkdorlar sinfi shakllanmadi. Eng muhim kutilgan mexanizm – kuchli mulk huquqi va qonun ustuvorligiga erishilmadi.

Xususan, o‘tish iqtisodiyoti davlatlarida katta tajribaga ega bo‘lgan iqtisodchi Branko Milanovich fikricha, Sharqiy Yevropa va Sobiq Ittifoq davlatlarida o‘tkazilgan xususiylashtirish iqtisodiy o‘sish uchun (kutilganidek) muhim bo‘lib chiqmadi, balki xususiylashtirishga kamroq urg‘u berib, ko‘prok makroiqtisodiy barqarorlika e’tibor qaratgan va yangi xususiy sektorni paydo bo‘lishiga sharoit yaratgan davlatlar yaxshirok natijaga erishdi. Eng muhimi, siyosiy yaqin doiralarga aktivlarni sotgan davlatlar oxir-oqibatda eng yomon ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Aktivlar samarasiz ishlatildi. Daromadlar tengsizligi kuchaydi va iqtisodiy o‘sish sodir bo‘lmadi.

Balkim shu yoki boshqa sababmi, bugun xalkaro tashkilotlarga yoqish uchun tezkor xususiylashtirishni o‘tkazish shart emas. Masalan, 2016 yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining metodologiyasiga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, https://www.ebrd.com/news/2016/ebrd-updates-transition-concept-.html unda xususiylashtirish buyicha yuqorida aytilgan komponentlarni ko‘rmaysiz.

Yoki XVJni olaylik. Uning muhim nashri bo‘lgan (jamg‘arma va uning iqtisodchilari pozitsiyasini ifoda etuvchi) bo‘lgan “Article IV” deb ataluvchi hisobotlarida bugungi kunga kelib xususiylashtirish, liberalizatsiya so‘zlarining ishlatilishi keskin kamaygan. Jamg‘arma tadqiqotchilari yaqinda o‘tkazgan o‘rganishlarida aniqlanishicha, iqtisodiy o‘sish uchun berilgan maslahatlar orasida – «Washington Consensus» siyosatiga kiruvchi so‘zlar (“xususiylashtir”, “xususiylashtirish”, “liberalizatsiya” kabilar) o‘rnini bugunda “institutlar”, “boshqaruv”, “shaffoflik” kabilar egallagan.

Boshqacha aytganda, o‘tish iqtisodiyotidagi davlatlar uchun “retsept” bo‘lgan «Washington Consensus» siyosati bugun XVJning asosiy instrumenti emas. Qiziq tomoni, O‘zbekiston uchun 2018 yildan keyin chop etilgan hisobotlarda ham O‘zbekistonni xususiylashtirishni zudlik bilan amalga oshirishga chaqiruvlar uchramaydi.

Yuqoridagi fikrlardan xususiylashtirish kerak emasmikin o‘zi degan fikrga kelish mumkin. Unday emas. Xususiylashtirish, albatta, amalga oshirilishi kerak. Faqat, bunda eng muhim masala – yirik korxonalar xususiylashtirishi qanday tarzda amalga oshirilishi kerak?

Tashqaridan qaraganda, go‘yoki, xususiylashtirish jarayonining muvaffaqiyat mezoni sifatida «tezlik» ko‘rinishi mumkin. Ammo, yuqoridagi holatlar va muvaffaqiyatli xususiylashtirishni amalga oshirgan davlatlar (Polsha, Vengriya) tajribasi ko‘rsatdiki, yirik davlat ob’ektlarini xususiylashtirishda evolyutsion, organik yo‘ldan yurish eng maqbul yuldir.

E’tiroz tug‘ilishi mumkin – «axir shuncha yil o‘tdi, yana qancha kutish mumkin – tezda xususiylashtirish va samarasiz davlat korxonalaridan kutilishi kerak» deb. Mana qancha vaqtdan beri savdoga chiqarilgan davlat aksiya paketlarini (ulushlari) hech kim olmaydi – ularning narxini tushirib, tezroq sotish kerak deb uylashi mumkin. Bu fikrda ham jon bor. Sababi, davlat korxonalari «davlatning quchog‘i»da yurishga o‘rganib qolgan. Ular imtiyoz, yordam olishda doimo prioritetda. Eng yaqin misol – pandemiya davrida ularga ko‘rsatilgan yordamni olish mumkin.

Lekin yangi davr yillarida amalga oshirilgan va bugunga kelib marjinal nafliligi pasayib borayotgan islohotlar fonida xususiylashtirishni sifatli o‘tkazish – hukumatga bugungi kunda suv va havodek zarur bo‘lgan ishonchni jonlantirish va kelgusi islohotlar uchun leveredj beradi.

Yana bir muhim masala – xususiylashtirish jarayonida muvafaqqiyat mamlakatda institutlarning qanchalik samarali ishlashi bilan uzviy bog‘lik. Samarali institutlar bu – kuchli antikorrupsiya tizimi, kuchli korporativ boshqaruv, kuchli kapital bozori regulyatori degani. Bular xususiylashtirish ortidan kelishi mumkin bo‘lgan — boshqaruvdagi o‘zboshimchalik (self-dealing), minoritar huquqlarning buzilishi, manfaatlar to‘qnashuvi kabi holatlarga qarshi ishlaydigan mexanizmlar hisoblanadi. Mana shunday kuchli mexanizm bugunda O‘zbekistonda mavjudmi? Afsuski, ishonch bilan hech kim tasdiqlolmaydi.

Shuning uchun bugun amalga oshirishga harakatlar qilinayotgan tezkor xusususiylashtirishning muqobili – ishonchli, ochiq, shaffof va bosqichma-bosqich xususiylashtirish bo‘lishi kerak. Xususiylashtirish yuqorida qayd etilgan institutlarni shakllantirish bilan hamohang ketishi zarur. Samarasiz davlat korxonalariga kelsak, ularning budjeti qattiq «qisilishi» va shu tariqa ularni bozorning tabiiy seleksiya jarayoniga qo‘yib berish kerak.

O‘ylaylik, postsovet davlatlari tajribalarini chuqurroq o‘rganaylik, o‘zimiz bosib o‘tgan yo‘lga qaraylik. Eng muhimi, boshqalar va o‘zimiz qilgan xatolarni takrorlamaylik. Qisqa aytganda, xususiylashtirish Stalin o‘tkazgan kollektivlashtirishining teskarisi – hamma narsani tekinga berib yuborish jarayoniga aylanmasligi kerak. Zero, o‘rtaga ishonch tikilgan. Ishonch esa eng qimmat aktiv.

Qobil Xidirov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xususiylashtirish – Stalin qilgan ishning teskarisi bo‘lib qolmasin...