10:06 / 23.02.2021
1 545

2000 ga yaqin Hukumat qarorlari o‘z kuchini yo‘qotdi. Ularni bekor qilishning fuqarolar hayoti va tadbirkorlar faoliyatidagi ahamiyati

2000 ga yaqin Hukumat qarorlari o‘z kuchini yo‘qotdi. Ularni bekor qilishning fuqarolar hayoti  va tadbirkorlar faoliyatidagi ahamiyati
Hayotimizning barcha jabhalari qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solingan. Bugungi kunga kelib, Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (lex.uz) da ularning soni 35 mingdan ortiq.

Qonunosti hujjatlarning ko‘pligi qonunchilikdagi takrorlanishlarga, tafovut va chalkashliklarga sabab bo‘lmoqda. Bu esa o‘z navbatida huquqni qo‘llash amaliyotini murakkablashtiradi, ulardan foydalanishda noqulayliklar keltirib chiqaradi. Chunki bir masalani tushunish uchun yuzlab hujjatlarni ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.

Shu kabi muammolarninng dolzarbligini inobatga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan barcha sohalarda qonunchilikni tizimlashtirish orqali qonunchilik bazasini qisqartirish yoki boshqa so‘z bilan aytganda kesib tashlash (“tartibga soluvchi gilotina” usuli orqali) ishlari samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, Adliya vazirligining takliflari asosida 2020 yilda 500 ga yaqin hujjatlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilindi. Shuningdek, kuni kecha 2000 ta Vazirlar Mahkamasining hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori qabul qilindi.

Mazkur bekor qilingan hujjatlar bugungi kunda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, bir martalik qoidalarni nazarda tutadigan yoki muayyan muddat davomida amalga oshirishga mo‘ljallangan topshiriqlardan iborat hujjatlardir.

O‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlarni bekor qilishning amaliy ahamiyati nimada, ya’ni fuqarolar va tadbirkorlar uchun nima foydasi bor degan o‘rinli savol tug‘ilishi tabiiy. Qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish yoki boshqa so‘z bilan aytganda ularni kamaytirish:
  • birinchidan, fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan aynan qaysi hujjatdan foydalansa, to‘g‘ri bo‘ladi degan savolga yechim topiladi;
  • ikkinchidan, huquqiy axborotdan foydalanishda va huquqshunos xizmatlari bilan bog‘liq sarf-xarajatlar qisqarishiga xizmat qiladi;
  • uchinchidan, qonunchilikdagi takrorlanishlar va tafovutlarning bartaraf etilishiga olib keladi.

Bir so‘z bilan aytganda qonunchilik hujjatlarini qisqartirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish, tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan tartibga solish yukini kamaytirish, qonunchilik bazasini harakatsiz va amalda qo‘llanilmayotgan hujjatlardan “xalos etish”, pirovardida qonunchilik hujjatlaridan foydalanishda fuqarolar va tadbirkorlarga yengillik yaratishdir.

Bugungi kunda Adliya vazirligi tomonidan boshlangan qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish bo‘yicha ishlar dastlabki qadamlar bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi ishlar yana davom ettiriladi. Hozirda vazirlik tomonidan qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirishning ikkinchi bosqichi boshlangan bo‘lib, unda qonunchilik hujjatlari sohalar kesimida birlashtiriladi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 2000 ga yaqin Hukumat qarorlari o‘z kuchini yo‘qotdi. Ularni bekor qilishning fuqarolar hayoti va tadbirkorlar faoliyatidagi ahamiyati