13:09 / 06.03.2021
550

Prezident O‘zbekiston xotin-qizlariga minnatdorlik bildirdi

Prezident O‘zbekiston xotin-qizlariga minnatdorlik bildirdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ayni daqiqalarda poytaxtdagi «Kongress-holl»da 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tyapti. Unda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Prezident o‘z nutqini ayollarni tabriklashdan boshladi va shunday dedi:

«Hamma harakatlarimizda ayollarimiz, muqaddas onalarimizni rozi qilish yotadi. Mana shunday paytda, siz azizlarning sha’ningizga madhiyalar aytish uchun odam shoir bo‘lib tug‘ilmaganiga afsuslanib qoladi. Sizlar biz uchun avvalo muqaddas ona, aziz vatan, oila timsoli, bitmas-tuganmas mehr, ezgulik va kuch-g‘ayrat manbaidirsiz. Bu azaliy haqiqatni, murakkab pandemiya sharoitida, ayniqsa, chuqur his etmoqdamiz.

Sizlarning barcha sohalardagi fidokorona mehnatingiz hisobidan mamlakatimizning qudrati va salohiyati, xalqaro obro‘-e’tibori tobora ortib bormoqda.

Bugun barcha sohalarda marrani juda katta olyapmiz, ulkan dasturlar, reja va loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ular, birinchi navbatda, onalarimiz, opa-singillarimiz, aziz farzandlarimizning hayoti va mehnat sharoitini yaxshilashga qaratilgan.

Fursatdan foydalanib, barchamizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotganingiz uchun sizlarga, butun O‘zbekiston xotin-qizlariga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Bugungi davramizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham chin dildan qutlayman. Mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik uchun ularga samimiy tashakkurimni izhor etaman
».
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Prezident O‘zbekiston xotin-qizlariga minnatdorlik bildirdi