15:53 / 25.05.2021
2 919

Andijon prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda 5 oylik kelinning zo‘rlanishiga oid asossiz xabarlarga tayanmaslikka chaqirdi


Foto: Videodan kadr
Andijon viloyati prokuraturasi internet orqali 5 oylik kelinning zo‘rlanishi bilan bog‘liq yolg‘on xabarlarni tarqatmaslik bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi.

Andijonda besh nafar erkak dala shiyponida 18 yoshli kelinni zo‘rlagani, kelinning yaqinlari qonunbuzarlarga chora ko‘rishni so‘rayotgani xabar berilgandi.

Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, 13 may kuni fuqaro O.O.ning zo‘rlanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini har tomonlama to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining malakali tergovchisi ish yurituviga o‘tkazilgan va tergov guruhi tuzilgan.

Holat yuzasidan hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi chiqib, videotasvirga olgan holda ko‘zdan kechirilgan va tergovga qadar tekshiruv davomida ishga aloqador bo‘lgan barcha ashyolar olingan. Tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi hamda gumon qilingan shaxslarning barchasi sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilib, olingan ashyolar bo‘yicha sudga oid biologiya, sudga oid kriminalistika va sudga oid mikrotola ekspertizalari tayinlangan.

Shuningdek, ishga aloqador bo‘lgan barcha shaxslar guvoh tariqasida batafsil so‘roq qilinib, gumonlanuvchilarning shaxslari tezkor yo‘llar bilan o‘rganilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlash va zudlik bilan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tergov harakatlari bo‘yicha Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan yozma ko‘rsatma berilib, tergov harakatlari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Ta’kidlanishicha, jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida olib borilib, aybdor shaxslar doirasi to‘liq aniqlanadi va ularga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, YouTube’dagi turli kanallarda bir guruh blogerlarning Andijonga borib, holat yuzasidan videomateriallar tayyorlagani tasvirlangan roliklar tarqalmoqda. Andijon prokuraturasi fuqarolarni asossiz xabarlarga tayanib qolmaslikka chaqirgan.

«Prokuratura organlari har bir xabar yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlaydi va fuqarolarimizdan vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlanmagan turli asossiz xabarlarga tayanmaslikni so‘rab qoladi», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, viloyat prokuraturasi aholi orasida yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan hamda vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatib o‘tgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Andijon prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda 5 oylik kelinning zo‘rlanishiga oid asossiz xabarlarga tayanmaslikka chaqirdi