Qayd etish lozimki, saylov sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi barcha turdagi normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan qonun va qonunosti hujjatlari saylov qonunchiligini tashkil qiladi.
Saylovga oid munosabatlarning rivojlanishi va qonun hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishi nuqtai nazaridan, O‘zbekistonda saylov qonunchiligining takomillashuv bosqichlarini uch bosqichga ajratish mumkin:
birinchi bosqich, ya’ni mustaqil O‘zbekiston saylov institutining tashkil etilishi va sohaga oid dastlabki qonun hujjatlarining qabul qilinishi davri (19912002 yillar);
ikkinchi bosqich, oliy vakillik organlariga bo‘ladigan saylov muddatlarining aniq belgilanishi, Markaziy saylov komissiyasining vazifalari va faoliyatining asosiy prinsiplari, tashkil etish tartibini konstitutsiyaviy normalar doirasida mustaqhamlanishi davri (20022014 yillar);
uchinchi bosqich, 2017 yildan boshlab saylov sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishning yangi davri boshlandi.
Mazkur saylov qonunchiligining rivojlanish tendensiyalarini quyida kengroq tahlil etib o‘tamiz.
Saylov qonunchiligi takomillashuvining birinchi bosqichi
O‘zbekiston saylov qonunchiligi tizimini shakllanishida mamlakatda Prezidentlik lavozimining ta’sis etilishi ham muhim rol o‘ynadi. Xususan, dastlabki normativ-huquqiy hujjatlardan biri bo‘lgan hamda Prezident sayloviga oid tashkiliy-huquqiy jihatlarni qamrab olgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun 1991 yil 18 noyabrda qabul qilindi. Saylov institutining muhim prinsiplari hisoblangan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li dastlab mazkur qonun bilan mustahkamlandi.
Shuningdek, 1992 yil qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida “Saylov tizimi” deb nomlangan maxsus bob kiritilib, mamlakatimiz fuqarolari vakillik organlariga saylash va saylanish huquqi, har bir saylovchi bir ovozga egaligi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi mazkur bobda o‘z aksini topdi.
1993 yil 28 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, 1994 yil 5 mayda “Xalq deputatlari viloyat tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Har ikkala qonunlarga keyinchalik o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, yanada takomillashtirildi.
Saylov qonunchiligi takomillashuvining ikkinchi bosqichi
Saylov qonunchiligining mazkur davri 2002 yil 27 yanvarda o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijalariga ko‘ra hamda uning asosida O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 24 yanvarida qabul qilingan qonuniga muvofiq Konstitutsiyaning 117-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi bilan boshlangan.
Natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar, davlat hokimiyati organlariga saylovlar kunining avvaldan aniq belgilab qo‘yilishi, turli sabablar bilan saylov muddati hokimiyat, mansabdorlar manfaatlaridan kelib chiqib o‘zgartirish hollariga barham berib, saylovlarni qat’iy bir vaqtda o‘tkazilishini ta’minladi.
2008 yil 25 dekabrda qabul qilingan “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan 2004 yil 2 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, uning asosida deputat o‘z okrugi saylovchilari bilan, uni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya bilan aloqa bog‘lab turadi, Qonunchilik palatasida ularning manfaatlarini ifoda etishi belgilab qo‘yildi.
2014 yil 16 aprelda Konstitutsiyamizning 117-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, uning asosida Markaziy saylov komissiyasining vazifasi, faoliyatining prinsiplari, tashkil yetish tartibi konstitutsiyaviy normalar darajasida belgilandi.
Saylov qonunchiligi takomillashuvining uchinchi bosqichi
Mazkur davrda hududiy vakillik organlari, ya’ni xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlarga oid qonunchilik takomillashtirildi.
Jumladan, 2017 yil 29 avgustda “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi Qonun davlat hokimiyatining demokratik asoslarini, vakillik organlarining ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni amalga oshirishdagi roli va ahamiyatini yanada mustahkamlash, shuningdek, mahalliy Kengashlarga saylovni saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, saylovchilarning xohish-irodasiga to‘la muvofiq hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini inobatga olgan holda o‘tkazish maqsadida qabul qilindi.
Saylov qonunchiligi tizimlashtirilishida 2019 yil 25 iyunda qabul qilingan va 103 ta moddani qamrab olgan Saylov kodeksi muhim ahamiyat kasb etib, mazkur kodeks asosida, shu vaqtga qadar amalda bo‘lgan 26 ta qonun o‘z kuchini yo‘qotdi.
Ushbu kodeks bilan quyidagi yangi tartib va o‘zgarishlar joriy etildi.
– uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bir tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi. Bu saylovlarni o‘tkazish va tashkil etishda xolislik tamoyili hayotga tatbiq etilganidan dalolat;
– xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida muhokama etiladigan va tavsiya etiladigan uchastka saylov komissiyasi a’zolari nomzodlari bo‘yicha jamoat birlashmalari va tashkilotlarining takliflari olinishi tartibi o‘rnatildi;
– ilgari Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylov bir vaqtda o‘tkazilganda yagona saylov uchastkasini tuzish tartibi qonunchilikda belgilanmagan edi. Saylov kodeksida mazkur masala huquqiy yechim topdi. Endilikda, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi yagona saylov uchastkasi tuzish tartibi o‘rnatildi;
– kodeksga muvofiq, nomzodlarni xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ko‘rsatish tartibi bekor qilindi;
– saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan boshlanishi belgilandi.
Mazkur davrda Asosiy qonunimizga muhim o‘zgarishlar kiritildi, xususan 2021 yil 8 fevralda Konstitutsiyaning
117-moddaning ikkinchi qismiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu moddaning sakkizinchi qismiga kiritilgan o‘zgarishga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda muhim siyosiy jarayon bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik bilan bog‘liq siyosiy partiyalar va saylov organlari tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Amaldagi qonunchilikdan kelib chiqib, O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar mavjud 5 ta siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan ko‘rsatildi.
Aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining ahamiyati shundaki, fuqarolarimiz o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga, Konstitutsiyaga, huquqiy demokratik davlat qurish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga, o‘z Vataniga sodiqligini jahon hamjamiyati ko‘z o‘ngida yana bir bor namoyish etish sharafiga muyassar bo‘ladilar.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, demokratiyaning eng muhim elementlaridan biri bo‘lgan saylov instituti bo‘yicha mamlakatimiz saylov qonunchiligi xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqini ta’minlashga xizmat qiladi.
A.Xujanazarov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
o‘qituvchisi
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Toshkent davlat yuridik universiteti
o‘qituvchisi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin