13:00 / 11.10.2021
2 450

Shunchaki, hech bir sababsiz yaxshilik qiladigan yaxshi odamlar haqida kichik hikoya

Shunchaki, hech bir sababsiz yaxshilik qiladigan yaxshi odamlar haqida kichik hikoya
To‘qqiz yildan buyon Gretsiyada doimiy yashaydigan, oktabrda O‘zbekistonga kelgan Facebook foydalanuvchisi Nata Demi’ning toshkentlik ziyoli taksist bilan kechgan sarguzashti ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida o‘tgan hafta tarqalgan, ta’bir joiz bo‘lsa, eng pozitiv hikoyalardan biri bo‘ldi. Tarmoq faollari ta’kidlaganidek, «shunaqa hikoyalar kerak bizga».

«Daryo» Nata Demi yozgan kichik, lekin hayotiy hikoyaning o‘zbekcha tarjimasini e’tiboringizga havola qiladi.

Toshkentlik taksist haqida
Toshkentda taksi shunday to‘xtatiladi — yo‘l yoqasiga salgina yaqinlashsang bas, haydovchilar «meni to‘xtatsin!» degan ilinj bilan chiroqlarini lipillata boshlaydi yo signal chaladi yoki birdaniga bir necha mashina yoningga kelib to‘xtaydi.

Gretsiya bilan solishtirganda, taksida yo‘lkira uncha qimmat emas. Lekin savdolashmaslik — gunoh.

Bizga bir dunyo dori-darmon yozib bergan nevrolog qabulidan chiqib, dorilarni sotib olishga yetarli pulga ega bo‘lish maqsadida Shimoliy vokzaldagi bank tomon otlandik. Onam bekatda o‘tirardi, men esa taksi tutayotgandim — aniqrog‘i, taksichilar meni tutayotgandi.

Mana, eskigina «Jiguli» kelib to‘xtadi — bunaqasini to‘qqiz yildan beri ko‘rmagandim. Rulda boshiga to‘rdo‘ppi kiygan, soqol qo‘ygan odmigina amaki (yoshi katta, lekin hali boboy-chol bo‘lib qolmagan erkak) o‘tirardi. Uning yonida, oldi o‘rindiqda xolajon — yoshi katta, lekin hali kampir bo‘lib qolmagan ayol ham bor edi.

Men ishonqiramay, xo‘rsinib qo‘ydim — bu yo‘lovchisi bor shaldiroq aravaga kim ham o‘tirardi? Qayerga borish kerakligini aytdim. Onam tomonga ishora qilib, ikki kishi ekanligimizni bildirdim. U indamay ketib qolar degan umidda 20 ming so‘m (salkam 2 dollar) taklif qildim. Amaki esa meni hayron qoldirib, darrov ko‘na qoldi.

Onam qo‘ltiqtayoq bilan «Jiguli»ning oldiga kelganida old o‘rindiqdagi xolajon hovliqib qolib, mashinadan tezgina tushdi va nisbatan qulayroq joyni onamga bo‘shatib berdi, qo‘llaridan ehtiyotkorlik bilan ushlab, mashinaga avaylab o‘tqazdi, o‘zi esa men bilan orqa o‘rindiqqa o‘tirdi. Shundan so‘ng yo‘lga tushdik.

Haydovchi onamdan rahmdillik bilan shunday go‘zal ayolga qo‘ltiqtayoq nima uchun kerakligi, mabodo bankni o‘margani ketmayapmizmi-yo‘qmiligini so‘radi. Shunday qilib, gap gapga ulanib, suhbatlashib ketdik.

Toshkentda to‘qqiz yildan beri bo‘lmaganimni eshitgan amakijon bizni Xalqlar do‘stligi shohko‘chasi, Anhor bo‘yi va Mustaqillik maydoni qarshisidan olib o‘tib, men uchun yangi bo‘lgan Toshkentni ko‘rsatish va ta’riflash maqsadida, atayin uzoq yo‘l orqali haydadi.

Amaki oilasi bilan AQSHga Meksika orqali noqonuniy ketmoqchi bo‘lgani, lekin nimadir o‘xshamay qolib, to‘rt oy Turkiyada qolib ketishgani, keyin esa ortga qaytishga qaror qilishgani haqida hikoya qilib berdi — har holda, noqonuniy immigratsiya xavfli, Meksika—Amerika chegarasini esa hamma ham kesib o‘ta olmaydi.

Biz Gretsiyadagi hayot, bolalar haqida gaplashdik. Narxlarni solishtirib, jig‘ibiyron bo‘ldik. Uyoqdagi va buyoqdagi hukumatlarni to‘yguncha koyidik va bizning zamonda hech kimga oson tutib bo‘lmasligi haqida suhbatlashdik.

Markaziy univermag (SUM) va kitob rastalaridan o‘tayotib, o‘smirlar Soljenitsinni o‘qishlari kerakmi yo unda isyonkorlik ko‘pmi, Pushkining «Qur’onga taqlid» asaridan olingan taassurotlar va Lev Tolstoyning eng kuchli asari «Mutolaa doirasi» ekanligi borasida bahslashdik. Keyin esa Ulug‘bek amaki Shekspirning o‘sha mashhur «To be or not to be»sini ingliz tilida o‘qib berdi.

Men qotib qoldim. Hayratdan. Toshketning aqldan ozdiradigan ko‘chalari bo‘ylab arang ketayotgan shalog‘i chiqqan «Jiguli»da Turgenev to‘g‘risida mulohaza yurituvchi va yaqindagina kinofestival bo‘lib o‘tgan «O‘zbekkino» binosi haqida hikoya qilib beruvchi o‘rangan ayol bilan ketayotganimdan hayratda edim.

— Ulug‘bek amaki, qayerda o‘qigansiz? — deb haydovchimizdan so‘radim.

— Eh, men tentakman. Ittifoq parchalanayotgan vaqtda Moliya institutini 3-kursda tashlab ketganman. Ishlagani ketdim. Mana, endi qarib qoldim, faqat kitob o‘qiyman.

Biz Navoiy teatri va San’at muzeyi yonidan o‘tayotib, Botichellining Venerasi haqida (buning nimaligini toshkentliklar biladi), san’atning qanday ajoyibligi va uni bolalarga ko‘rsatish qanchalik muhimligi haqida fikrlashdik. Lekin har qanday yaxshi narsaning oxiri bo‘lgani kabi biz ham bankka yetib kelgandik.

Boshida kelishilgan arzimasgina pulni tutqazishga endi uyalayotgandim, axir Ulug‘bek amaki menga Toshkentning yarmini ko‘rsatdi. Men yana qo‘shib berishga qaror qildim.

Ulug‘bek amaki esa yo‘l haqini olishdan qat’iy bosh tortib, shu yaqin atrofda kitob do‘koni borligi va u yerdan bo‘yi yetgan grek qizim uchun Abdulla Qodiriyning rus tiliga o‘girilgan kitoblarini sotib olishim mumkinligini aytdi.

Toshkentliklar baribir juda boshqacha. Ularning qalbi ochiq. Ular sizga uyining to‘ridan joy beradi, eng mazali taomlar bilan siylaydi va agar bu mehmondo‘stlikdan bosh tortsang, xafa bo‘ladi. Men kunning ikkinchi yarmida ham o‘sha shaldiroq «Jiguli»dagi odmigina haydovchi va u bilan barcha narsalar haqida kechgan dunyoviy suhbatimizni eslab, kulib yurdim.

Rahmat sizga, Ulug‘bek amaki!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shunchaki, hech bir sababsiz yaxshilik qiladigan yaxshi odamlar haqida kichik hikoya