date

Bulung‘urda auksion yer va’dasi 130 millionga tushdi

Bulung‘urda auksion yer va’dasi 130 millionga tushdi

Samarqand viloyatida yer masalasi atrofida yana bir jiddiy holat qayd etildi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.A. boshqa bir fuqaro J.Q.ning ishonchiga kirib, tuman hududidan auksion savdolari orqali 22,5 sotix yer maydonini olib berishi bahonasida katta miqdorda pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Tekshiruv materiallariga ko‘ra, M.A. “hammasi hal, yer sizniki bo‘ladi” degan mazmunda va’da berib, bu ish uchun 130 million so‘m mablag‘ni olgan. Biroq o‘rtada haqiqiy auksion natijasi ham, rasmiy rasmiylashtirish ham bo‘lmagan.

Eng e’tiborli jihati — gumonlanuvchi go‘yoki “Yagona Raqamli Platforma Dav Xizmati” MCHJ nomidan to‘lov amalga oshirilgani va E-AUKSION elektron tizimida “g‘olib bo‘lingani” haqida qalbaki hujjatlar tayyorlab bergani aytilmoqda. Ya’ni, ishonchni yanada mustahkamlash uchun qog‘ozbozlikni ham “tayyor” qilib qo‘ygan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qisqasi, “auksion orqali yer olib beraman” degan gapga ishonib, pulni shoshib berish — juda qimmat xato bo‘lishi mumkin. Yer — qog‘ozda emas, rasmiy tizimda va qonuniy tartibda olinsa, yer bo‘ladi. Aks holda, “g‘olib” faqat firibgarning o‘zi chiqib qolyapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Bulung‘urda auksion yer va’dasi 130 millionga tushdi