Qibraydagi ommaviy mushtlashuv: tergov harakatlari davom etmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Qibray tumanida bir guruh shaxslar o‘rtasida janjal aks etgan videolar tarqaldi. Toshkent viloyati IIBB mazkur video bo‘yicha rasmiy izoh berdi. Hodisa to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, barcha ishtirokchilar jalb qilingan holda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 4 yanvar kuni X.Sh. (1982 yilda tug‘ilgan) va Sh.M. (2003 yilda tug‘ilgan) Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani hududida transport vositalari harakati vaqtida yo‘l talashuvi tufayli nizoga kirishgan. Shuning ortidan ikki kun o‘tib, 6 yanvar kuni ular telefon orqali kelishib, Qibray tumanidagi «Sohibkor» MFY hududida uchrashgan.
Uchrashuv jarayonida Sh.M.ning qarindoshlari ham qo‘shilishi natijasida mojaro mushtlashuvga aylangan. Videoda ularni ajratayotgan qo‘shnilar ham aks etgan bo‘lib, voqea “ommaviy mushtlashuv” ta’sirini uyg‘otgan.
Hozirda janjalga aloqador besh kishi jinoyat ishiga jalb qilingan va tergov harakatlari davom etmoqda. Hodisa Toshkent viloyati IIBB nazoratida bo‘lib, qonun ustuvorligi ta’minlanmoqda. Tergov yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi ma’lum qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!