Istanbulda halok bo‘lgan Durdona Hakimovaning jasadi O‘zbekistonga olib kelindi

Turkiyada vafot etgan O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimovaning jasadi hamda uning ikki nafar farzandi Istanbuldagi Bosh konsullik ko‘magida O‘zbekistonga yetkazildi. Repatriatsiya bilan bog‘liq xarajatlar diplomatik vakolatxona va Migratsiya agentligi tomonidan qoplandi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Fojia ortidan ijtimoiy tarmoqlarda marhumaning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, biryoqlama va salbiy fikrlar tarqala boshladi. Biroq rasmiylar keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Durdona Hakimova Turkiyada o‘z ishiga ega bo‘lgan tadbirkor edi: u Istanbulning Fatih tumanida Eskeri melzeme nomli harbiy anjomlar do‘koni ta’sischisi bo‘lgan.
Qayd etilishicha, u faol biznes vakili sifatida xorijda yurgan vatandoshlariga bir necha bor yordam ko‘rsatgan. Uning farzandlari ham ta’lim muhitiga moslashgan bo‘lib, dizayn yo‘nalishiga ixtisoslashgan nufuzli litseyda o‘qigan.
Bosh konsullik fuqarolarni haqoratli izohlar yozmaslikka, tekshirilmagan axborotni tarqatmaslikka chaqirdi. Diplomatlar shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish qonunda belgilangan javobgarlikka olib kelishini eslatib, asossiz hujumlar xalqaro maydonda o‘zbek millati obro‘siga ham zarar yetkazishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Istanbul va Anqarada Durdona Hakimova o‘ldirilgani ortidan namoyishlar boshlangan. Ayolning boshsiz jasadi 24-yanvar kuni Istanbulning Shishli tumanidagi chiqindi konteyneridan topilgan, bo‘laklarga ajratilgan jasadni esa makulatura yig‘uvchi aniqlagan. Politsiya tezkor tarzda ikki nafar gumonlanuvchini — O‘zbekiston fuqarolarini qo‘lga olgan: ular Istanbul aeroporti orqali Gruziyaga uchib ketishga uringan.
Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan biri so‘roq paytida Hakimovani janjaldan so‘ng o‘ldirganini aytgan va ular munosabatda bo‘lganini da’vo qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!