16:20 / 13.11.2021
2 481

Monopoliyami yo korrupsiya: Flydubai'ning imkoniyatini cheklashdan kim nima yutyapti?

Monopoliyami yo korrupsiya: Flydubai'ning imkoniyatini cheklashdan kim nima yutyapti?
Foto: Getty Images/Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati
Transport vaziri Ilhom Mahkamov bir vaqtning o‘zida Uzbekistan Airways'ga ham rahbar ekani xorijiy aviakompaniyalarga nisbatan insofsiz raqobat muhitini yuzaga keltirmoqda.

Jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan so‘nggi ayrim voqealar sohada sog‘lom raqobatga qarshi harakatlar va manfaatlar to‘qnashuvi sodir bo‘layotganini ochiq-ravshan ko‘rsatmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklarining dunyoga mashhur Flydubai loukoster aviakompaniyasi O‘zbekiston Transport vazirligidan norozi ekanini bildirmoqda. Boisi — ularga va’da qilingan haftada 7 kunlik reyslarni tashkil etilishiga ruxsat berilmayapti.

Vaziyatni qisqacha tushuntiradigan bo‘lsak: Flydubai 2019 yilda yo‘lga qo‘yilgan Dubay–Toshkent–Dubay yo‘nalishidagi aviaqatnovlarni haftada 7 kun (har kuni, uzluksiz!) amalga oshirishi kerak bo‘lgan. Ammo oradan ikki yildan ko‘p vaqt o‘tsa-da, reyslar xalqaro kelishuvda ko‘zda tutilganidek haftada 7 kun emas, 6 kun amalga oshirilmoqda.

Uzoq vaqt davom etgan muzokara va yozishmalardan so‘ng shu yil 11 oktabr kuni Transport vazirligining Havo transportini rivojlantirish departamenti direktori Doniyor Jumayev imzosi bilan Flydubai'ga yo‘llangan 10/6352-7892-sonli xatda Dubay–Toshkent–Dubay yo‘nalishida reyslar sonini haftasiga 7 taga ko‘paytirishga rozilik beriladi.

Ammo, oradan o‘n kun o‘tib, Flydubai'ga yana Doniyor Jumayevning imzosi bilan navbatdagi xat yo‘llanadi. Unda avvalgi xat (№10/6352-7892) bekor bo‘lgani ma’lum qilinadi. Bu harakatlarning sabablari tushuntirilmaydi. Masala 2022 yilda muhokama qilinishi aytilib, kompaniyadan uzr so‘raladi, xolos.

Savol tug‘iladi: Nega shunday bo‘lmoqda? Nima uchun imkoniyat so‘rab murojaat qilayotgan Flydubai aviakompaniyasiga rad javobi berilmoqda? Xalqaro kelishuvga nega amal qilinmayapti?

Iqtisodchi Otabek Bakirov: “Transport vaziri o‘zi rahbarlik qiladigan Uzbekistan Airways raqobatchilarini qo‘llashi mumkinmi?” deya ritorik savol qo‘yadi va vaziyatga quyidagi yechimlarni beradi:

“Birinchisi, transport vaziri [Ilhom Mahkamov] Uzbekistan Airways'ga rahbarlik qilmasligi lozim. Bu qonunchilik ruhigayam, ochiq bozor prinsiplarigayam zid.

Ikkinchidan, “Ochiq osmon” rejimi amalda ishlashi ta’minlanishi zarur. Aslida aynan shu ish Transport vazirining ishi, ruxsat berish emas.

Uchinchidan, parvozlar bo‘yicha paritet kelishuvlari sxemalari tugatilishi zarur. Bu – g‘irt korrupsiya va o‘zbilarmonlik”.

Transport vaziri Ilxom Mahkamov bir vaqtning o‘zida Uzbekistan Airways'ga ham rahbar ekani aviatsiya sohasida raqobat va manfaatlar to‘qnashuviga qay darajada ta’sir etishini qonunlar asosida tahlil qilib ko‘ramiz.

Uzbekistan Airways'ni pirovard maqsadi foyda olishga qaratilgan tijorat tashkiloti deb atashga yetarli asoslarimiz bor.

Va ayni paytda kompaniyaga davlat boshqaruvi organi hisoblangan, shu sohani bevosita nazorat qiluvchi vazirlikning rahbari (vazir) rahbarlik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, xo‘jalik yurituvchi sub’ektning iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa raqobatchilarga zarar yetkazadigan (zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan) harakatlari insofsiz raqobat deyiladi.

Qonunning 13-moddasiga ko‘ra, insofsiz raqobat, shu jumladan tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektning kirishiga to‘siq qo‘yish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun man etilgan harakatlar, shuningdek davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ular mansabdor shaxslarining raqobatni cheklashga qaratilgan harakatlari (harakatsizligi) raqobatga qarshi harakatlar deyiladi.

Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan taqiqlangan harakatlari, shu jumladan tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning kirishiga to‘siqlar qo‘yishi tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat manfaatlar to‘qnashuvi deb ataladi.

Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, davlat organlarining xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘yganlar qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.

Guvohi bo‘lganimizdek, mamlakatning ichki va tashqi maydondagi obro‘siga, qolaversa iqtisodiyotiga soya solayotgan bu mavzuda bir emas, bir nechta qonunlar buzilayotgan bo‘lishi mumkin.

Shunday ekan, eng ko‘zga ko‘ringan aviakompaniyalardan bo‘lmish Flydubai'ga nisbatan bo‘layotgan holatlar Monopoliyaga qarshi kurashish davlat qo‘mitasi hamda Korrupsiyaga qarshish kurashish agentligi tomonidan jiddiy o‘rganilishi kerak.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Monopoliyami yo korrupsiya: Flydubai'ning imkoniyatini cheklashdan kim nima yutyapti?