22:26 / 13.11.2021
2 535

Chang bo‘roni paytidagi sustkashlik uchun kim aybdor?

Chang bo‘roni paytidagi sustkashlik uchun kim aybdor?
Kecha, 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Atrof tabiiy muhitning, jumladan, atmosfera havosi, yer usti suvlari va tuproq ifloslanishi manbalari monitoringi natijalari» yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutasaddilari shu kungacha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Mutasaddilar tomonidan berilgan ma’lumotlar shunchalik chigalki, eshitgan odam boshi va oxirini anglay olmaydi. Hatto jurnalistlar tomonidan berilgan savollarning birortasiga batafsil javob berilgani yo‘q.

Kun.uz muxbiri Ilyos Safarovning «Nega Toshkent shahrida chang ko‘tarilganda tezkor choralar ko‘rilmadi? Shahardagi favvoralar ochilmadi?» degan savoliga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutasaddilari shunday javob qaytardi: «Bu tabiiy holat, uni birgina favvoralarni ochish yoki daraxtlarni yuvish bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. Faqat daraxtlar bunday holatlarning oldini olishi mumkin, biz shuning harakatidamiz. Juda ko‘p daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Biz tezkor chora ko‘rishimiz uchun avval holatni o‘rganishimiz kerak edi. Chang 4 noyabr kuni ko‘tarildi, biz 5 noyabrda chang miqdorini o‘rgandik. Buning uchun bizga vaqt kerak edi».

Ushbu anjumanda qatnashgan Azon.uz muxbiri Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutasaddilariga shunday savollar bilan murojaat qildi:

«Yuqorida berilayotgan savollarga aniq javob ololmayapmiz. Chang ko‘tarilgan vaqtda favvoralarni qo‘shish foyda bermas ekan, nega sizning qo‘mitangiz ish soatlarini kamaytirish yoki onlayn ish rejimiga o‘tish, vaziyat jiddiyligi, chang-to‘zon insonlar salomatligiga kuchli ta’sir qilishini inobatga olib, favqulodda holat e’lon qilish yuzasidan tashabbus bilan chiqmadi? To‘g‘ri, bu ishni amalga oshirish qiyin, lekin qo‘mita o‘z vakolatidan kelib chiqqan holda yuqori organ vakillariga takliflar berishi kerak emasmidi? Nega chang 4 noyabrda ko‘tarilgan bo‘lsa ham, laboratoriya 5 noyabr kuni o‘rganish olib borgan? Eng zamonaviy texnikalar bilan ta’minlangan laboratoriya nega shu kunning o‘zida tezkor ish olib bormagan? Chang tarkibida zaharli moddalar bo‘lgan taqdirda nima bo‘lardi?

Bundan tashqari, Toshkent shahrining o‘zida sun’iy ko‘llar deyarli yo‘qolib ketdi. Bularga nega e’tiborsiz qaralmoqda? Daraxt ekayapmiz deya jar solinmoqda, lekin yildan-yilga daraxtlar ko‘payishi o‘rniga kamayib bormoqda-ku! Hozir 200 mln tup daraxt ekilgan deyilmoqda, ammo uni parvarishi haqida kim qayg‘uradi? Asosiysi bu kabi chang bo‘ronlaridan qanday xulosa chiqarildi? Kelajakda shunday chang yana ko‘tarilsa, uni bartaraf etish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda? Biz bilgan qo‘mita, partiya hamda ekologik tashkilotlarda fidoyilik yetishmayapti. Agar fidoyilik bo‘lganida edi, birinchi o‘rinda o‘zlari atrof-muhit uchun qayg‘urib, elektromobildan foydalanishgan bo‘lar edi. Biz o‘zimiz o‘zimiz uchun qayg‘urmasak, natijaga erisha olmasligimiz kundek ravshan
».

Bu savollarga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Ozod Rajabov javob berdi:
«Biz bu borada ko‘plab ishlarni amalga oshiryapmiz. O‘zingiz kelib guvohi bo‘lishingiz mumkin. Elektromobillar masalasiga keladigan bo‘lsak, Rossiyaning “Sputnik” agentligi bundan bir oy muqaddam bizga aynan shu savolni bergan edi, ya’ni birinchi o‘rinda ekologik tashkilotlar o‘rnak bo‘lmaysizlarmi degan ma’noda. Biz o‘sha paytda javob berganmizki, har bir markaziy apparatdagi xizmat ko‘rsatish avtomobillarini elektromobillarga almashtirish to‘g‘risida ma’lumot berganmiz. Bu borada ishlar olib borilmoqda. Biz hozirda elektromobillarga quvvatlantiradigan shohobchalarni butun viloyatlarda qurish rejalarini ishlab chiqmoqdamiz. Siz fidoyilik haqida gapirdingiz, biz respublikamizning chekka hududlarini borib o‘rganayotganimizni ko‘rganingizda, fidoyilik qanaqa ekanligini ko‘rgan bo‘lardingiz».

Ammo yuqorida ko‘tarilgan «Nega qo‘mita ish soatlarini kamaytirish yoki onlayn ish rejimiga o‘tish, vaziyat jiddiyligi, chang-to‘zon insonlar salomatligiga kuchli ta’sir qilishini inobatga olib, favqulodda holat e’lon qilish yuzasidan tashabbus bilan chiqilmadi?» degan savolimizga aniq javob ololmadik. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutasaddilari bu vaqtda Sog‘liqni saqlash vazirligi ish ko‘rish kerakligini, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bir nechta vazirliklarga bog‘liq ekani ta’kidladi.

Biz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot va PR xizmati rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘lanishga harakat qilib ko‘rdik, lekin bog‘lana olmadik. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimi Muhammadjon Bozorov bilan bog‘langanimizda, u bizga bu bo‘yicha tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi shug‘ullanishi, O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faqat shu ofatlar oqibatida kassalliklar kelib chiqqan taqdirda chora ko‘rishini ta’kidladi.

Nurbek G‘ofurov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chang bo‘roni paytidagi sustkashlik uchun kim aybdor?