08:00 / 16.12.2021
4 272

Chilonjiyda o‘simligi haqida nimalarni bilasiz?

Chilonjiyda o‘simligi haqida nimalarni bilasiz?
Foto: Shavkat Akramov
Bugungi kunda dunyo mevachiligida, xususan, unabi (chilonjiyda) ko‘chatlarini yetishtirish, bog‘larini barpo qilish va yalpi hosil miqdorini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, dunyo bo‘yicha hozirgi kunga kelib, subtropik meva guruhiga kiruvchi unabining jami barpo etilgan bog‘ maydoni 410 ming gektar bo‘lib, yalpi hosil 7,5 mln. tonnani tashkil qiladi.

Unabi Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Afg‘oniston, Pokiston, AQSH va Rossiya kabi davlatlarda katta miqdorda yetishtiriladi. Xitoyda intensiv tipdagi unabi bog‘lari qariyb 200 ming gektardan ortiq maydonda barpo qilingan.

Unabi mevalarini yetishtirish oziq-ovqat xavfsizligi globallashib borayotgan bugungi kunda hosildorlikni oshirish hamda sifatli hosil olish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Manbalarga ko‘ra, chilonjiyda mevasi tarkibida o‘rtacha 25-32 foiz, quritilganda 63,8 foizgacha shakar, 2,6 - 3,4 foiz oqsil, 3,7 foizgacha moy, 10 foizgacha tannid moddasi, 250 - 1300 mg foizgacha C vitamini, kaliy, magniy va pektin moddalari mavjud.

Tibbiyotda shamollashga qarshi, immunitetni oshiruvchi, qonni suyultiruvchi, asab sistemasini tinchlantiruvchi, yurak qon-tomir kasalliklari, ayniqsa, qon bosimiga qarshi hamda qon tarkibidagi xolesterin moddasini kamaytirish uchun foydalaniladi.

Unabi mevasidagi vitaminlar miqdori limon va apelsinga qaraganda 10-15 barobar ko‘pdir. Bu nafaqat dorivorlik xususiyati bilan, balki mevali o‘simlik sifatida ham alohida e’tiborga molik. Shu sabab ko‘pgina davlatlarda uning yirik mevali serhosil navlari yaratilgan.

Bundan tashqari, unabi daraxti qurg‘oqchilikka, issiq, sovuq, kasallik va zararkunandalarga chidamli bo‘lib, uzoq umr (300 yilgacha) ko‘radi.

Tez hosilga kiradi, har yili muttasil yaxshi hosil beradi. Tuproq tipi va relefga unchalik talabchan emas. Unabining mevasi yirik, xushbo‘y va mazali. Uning oziq-ovqat sanoatidagi ahamiyati katta. Yirik mevali navlari faqat oziq-ovqat sanoatida ishlatish maqsadida yetishtiriladi va maxsus plantatsiyalarda o‘stiriladi. Shu maqsadda O‘zbekiston sharoitida unabining bir qancha yirik mevali navlari o‘rganilib, keng miqyosda o‘stirish tavsiya etilgan.

Olimlarimiz olib borayotgan tadqiqotlarida unabi urug‘larining unuvchanligini oshirish, sifatli ko‘chatlarni tezkor yetishtirish, mo‘l va sifatli hosil olish agrotexnik elementlarini takomillashtirish masalalari muhim ahamiyatga ega.

Foto: Shavkat Akramov
Bu masalalarni hal etish esa respublikada ushbu qimmatli meva bog‘larini barpo qilish uchun tezkor ko‘chat yetishtirish, unabi bog‘larining hosildorligi, meva sifati hamda ishlab chiqish samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti, agrokimyo va o‘simliklarni himoya qilish kafedrasi qishloq xo‘jaligi falsafa fanlari doktori (PhD) Lola Xolmirzayeva aynan ushbu o‘simlikni o‘rganib, ilmiy tadqiqotlar olib borgan.

— Unabi mevasining ta’mi yoqimli, u quritilgan va quritilmagan holda iste’mol qilinadi. Unabi mevasi terilgandan so‘ng soya yerda quritiladi va shu holatda saqlanadi va iste’mol qilinadi, — deydi Lola Xolmirzayeva. — Ayniqsa, unabi mevasidan qandolatchilikda hamda konserva sanoatida keng foydalaniladi. Mevasidan sharbat, murabbo, ichimliklar va konservalar hamda shirinliklar tayyorlashda foydalaniladi.

Unabining asosiy dorivorligi tarkibida ko‘p miqdorda rutin moddasi mavjud. Mevasida rutin moddasining mavjudligi tufayli u gipertoniya kasalligiga chalingan insonlar uchun qimmatli hisoblanadi.

Bu daraxt, asosan, O‘zbekistonning tog‘oldi hududlarida o‘sadi. Unabi to‘rt-besh yildan boshlab hosil bera boshlaydi. O‘ttiz-qirq yoshdan boshlab serhosil daraxtga aylanadi, har yili meva soladi. Olti-yetti yoshli daraxtlar 18-20, o‘n besh-yigirma yoshlilari esa, 50 kilogrammgacha hosil beradi.

Behruz Shamsiddinov,
Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati xodimi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chilonjiyda o‘simligi haqida nimalarni bilasiz?