
Bahrom Boboyev / Foto: Dunyo
Polshadan evakuatsiya qilish qanday kechgani, bundan chiqarilgan saboqlar hamda o‘zbek diplomatlarining ushbu jarayondagi kundalik ishlari haqida O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyev “Dunyo”ga so‘zlab berdi.
“Bu juda murakkab va xavotirli davr bo‘ldi, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun mas’uliyat Ukraina va Polshadagi diplomatiya vakolatxonalarimiz zimmasiga yuklatildi.
Lvov shahrida to‘plangan O‘zbekistonning dastlabki o‘ttiz nafar fuqarosi 27 fevral kuni ertalab "Krakoves-Karchova" nazorat-o‘tkazish punkti orqali Ukraina-Polsha chegarasini kesib o‘tdi. Kunning o‘rtalariga kelib oqim ko‘paya boshladi va kechga boriboq Polsha hududidagi nazorat-o‘tkazish punktining jamlog‘ida 400 nafarga yaqin odam to‘plandi.
Chegarada asosan Ukraina fuqarolaridan iborat ko‘p ming kishilik qochqinlar safi yuzaga keldi, Polsha hududiga o‘tib olishlari uchun salkam 20 soatgacha kutishga to‘g‘ri keldi. Mamlakatimiz fuqarolari orasida bolali ayollar, talabalar, Ukrainada vaqtincha o‘qigan yoki ishlagan kompaniyalar xodimlari bor edi”, deydi elchi.
Qayd etilishicha, shu kundan e’tiboran chegarani kesib o‘tish, O‘zbekiston fuqarolarining jamlanish punktida joylashtirish va ularni Katovitse shahri aeroportiga eltish masalalari elchixonaning qattiq nazorati ostiga olingan. Chegarada konsullik xodimlari, Varshavadagi elchixonada tuzilgan shtab 18 kun davomida ishlagan.
Polshadan hammasi bo‘lib 25 havo qatnovi vositasida 5786 nafar fuqaro O‘zbekistonga eltib qo‘yilgan.
“Dastlab O‘zbekistonga uchishni xohlovchilar soni 1,5-2 ming nafardan oshmasligi taxmin qilingan edi, biroq Ukrainadagi tez o‘zgaruvchan vaziyat bu taxminlarga mos kelmadi. Odamlarning kelishi oqimi kun sayin o‘sib bordi, 2-4 mart kunlari esa ularning soni juda ko‘paydi - o‘sha kunlari to‘planish nuqtasi va aeroportning har birida vatanga uchishni istayotgan 700-800 nafardan odam to‘plandi.
O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish davomida turli sabablarga ko‘ra yonida zarur hujjatlari bo‘lmagan yurtdoshlarimizga konsullik tomonidan vatanimizga qaytishlari uchun 322 ta guvohnoma berildi”, dedi Bahrom Boboyev.
Bildirilishicha, Polsha prezidenti va hukumati, Tashqi ishlar vazirligi, migratsiya xizmatlari, qochqinlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha maxsus komissiya, politsiya, transport xodimlari, chegarachilar, Katovitse shahri aeroporti xodimlari, shifokorlar, ko‘ngillilar o‘zbekistonliklarning vatanga qaytishiga juda katta yordam ko‘rsatgan.
Elchixona iltimosiga ko‘ra, Polsha Tashqi ishlar vazirligi mamlakatda 15 kun davomida qolish huquqi bilan O‘zbekiston fuqarolariga davlat chegarasini kesib o‘tishda vizasiz rejimga ruxsat bergan (Yevropa ittifoqi chegarasi). Bundan tashqari, koronavirusga qarshi kurash doirasida qabul qilingan PTSR-test natijalarini talab qilish sharti bekor qilingan.
“Biz uchun ushbu qiyin davrda eng yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etgan Polsha hukumati va mamlakat fuqarolariga chin ko‘ngildan minnatdorlik bildiraman”, dedi elchi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar