
Foto: Kun.uz
Mart oyidagi tinimsiz yomgʻirlar ayrim daraxtlar gulini toʻkib yuborgan. Oʻtgan yili aprel oyi boshlaridagi kutilmagan sovuq sabab ham xuddi shunday holat roʻy bergandi. Kun.uz turli hududlarda yashaydigan bogʻbonlar bilan mart oyidagi sovuq va yomgʻirli ob-havo mevali daraxtlarga qanday ta'sir qilgani haqida suhbatlashdi.
Mart oyida kuzatilgan anomal yomgʻirlar va sovuq harorat mevali daraxtlar, ayniqsa, oʻrik guliga jiddiy ta'sir koʻrsatgan. Gidrometeorolog Erkin Abdulahatovga koʻra, oxirgi 70 yillikda daraxtlarning vegetatsiyaga kirish davrida mart oyida kuzatilganidek koʻp yogʻin yogʻmagan. Shu sabab dov-daraxtlarda zararlanish holatini baholash biroz qiyin va kechroq toʻliq ma'lumotlar olinadi.
Muxbir bilan suhbatlashgan aksar bogʻbonlar bu yil xam oʻrikdan umid uzganini aytishmoqda.
Oʻtkirbek Mirzaobidov, bogʻbon. Fargʻona, Oltiariq
– Oltiariqning qir-adirli joyida 15–16 yoshli 10 gektar oʻriklarimiz bor. Rossiya va oʻzimizning boshqa viloyatlarga chiqarardik. Oʻrik rosa gullaganda yomgʻir yogʻishni boshladi va 1 hafta quyosh umuman koʻrinmadi. Oʻzi bu paytdagi yomgʻir daraxt gullariga ziyon qiladi. Oldingi yillarda ham 1-2 kun yomgʻir yogʻib, oʻrik gullarining 10–20 foizini chiritib qoʻyardi. Oʻrik guli tepaga qaragan boʻladi va gulining tagida meva, gʻoʻra boʻladigan joyida kosacha boʻladi, shu joyiga suv kirib qolsa, chiqib ketmaydi. Gullar chirib qoladi. Gilos, qashgʻar giloslarning guli erga qaragan boʻladi va ularga suv kirmaydi. Yogʻingarchilikda ular hali gullamagandi ham.
Yomgʻir yogʻib, mart oyida arilar umuman chiqmadi. Arilar chiqmagach changlash ham yoʻq. Hozir daraxtlar qorayib, gulini toʻkib yubordi. Eyish uchun oʻrik qolganiga umid bor, lekin sotish uchun yoʻq. Kechki yoki togʻ hududlaridagi oʻriklarning hali uygʻonib ulgurmaganlari bor. Ular endi gullagan. Biz oʻrikdan ayrildik hisob. Bizning oʻriklarni sovuqqacha yomgʻir chiritib boʻlgandi, sovuqqa etib bormadi. Shaftoli, giloslar yomgʻirdan keyin gulladi. Ularning mevasi yaxshi boʻladi. 10–25 sotixli 2-3ta uzum bogʻlarimiz ham bor. Uzumlarimiz endi kurtak yozyapti. Ularni sovuq urmagan.
Bahodir Qayumov, bogʻbon. Qashqadaryo, Qarshi
– Bogʻimda 150 tup bodom va 50–60 tup oʻrik bor. Bodomlarimizning 10 foizini sovuq urdi, qolgani yaxshi. Oʻzim har birini tekshirib qarab chiqdim. Oʻrikning 70 foizini sovuq urib ketdi. Ancha erta gullagan va kech gullagan oʻriklarniki qoldi, aynan qor yogʻganda gullab turgan oʻriklarning 90 foizdan koʻpini sovuq urib ketdi. Qashqadaryoning boshqa joyini bilmadim-ku, lekin Qarshi shahrida shunday holat.
Mardonbek Akramov, Mahmut Mirzaev nomli uzumchilik, mevachilik, koʻchatchilik ilmiy tajriba stantsiyasi mutaxassisi. Fargʻona, Quva
– Sovuq oʻrik guliga ta'sir qildi, yon-atrofimizda qolgan daraxtlarga unchalik ta'sir qilmadi. Oʻrik guliniyam oq qandak navlarini sovuq urdi. Bodom guliniyam toʻliq deya olmayman-u, ayrim hududlarda sovuq urdi, ayrim joylarda yaxshi turibdi.
Abduvoris Rahmonov, koʻchat etishtirish boʻyicha mutaxassis. Andijon, Paxtaobod
– Biz Oʻzbekistonning sharqiy chegara hududida yashaymiz. Mart oyidagi noqulay ob-havo oʻrik hosiliga juda katta ta'sir qildi. Oʻrik daraxtlarimiz 90 foiz, bodomlarimiz 30 foiz gulini toʻkdi. Bilishim boʻyicha, Andijon viloyati yarmida shunday holat.
Toʻxtamurod Hojibolaev, bogʻbon, Fargʻona, Quva
– Oʻriklarni 90–95 foiz sovuq urdi. Bodomlarga sovuq unchalik ta'sir qilmagan. Qolgan mevali narsalar yaxshi, yangi ekilgan nihollarga ziyoni yoʻq.
Gʻayrat Matsapaev. Surxondaryo, Amudaryo
– Bizda hammasi joyida. Chunki sovuq urushidan oldin mevalar vegetatsiyaga kirishmagandi. Hozir oʻriklar odatdagidek gullab turibdi. Boshqa mevalar endi uygʻonmoqda. Lekin keyingi sovuq havo massalari kirib kelsa, aniq sovuq ursa kerak.
Erkabaev Zohidjon. Qoraqalpogʻiston, Beruniy
– Beruniy tumanida 28-29 mart kunlarigacha gullagan oʻriklarni sovuq urdi, ochilmay qolganlari yaqinda gulladi. Faqat oʻrik daraxtlariga ziyon tegdi, ularning 50–60 foizini sovuq urdi, deb oʻylayapman. Lekin Nukus shahrida oʻriklarni sovuq urmadi. Bu hududdagi oʻrik gullari 28 martgacha ochilmagan edi, endi yoppasiga gullayapti.
Islombek Sultonov, xandon pista boʻyicha mutaxassis. Namangan, Namangan tumani, “Qoʻrgʻoncha” MFY
– Oʻriklarimizning hammasini sovuq urdi. Bizda kech gullaydigan ozarboyjon bodom navi bor. U hozircha yaxshi turibdi, changlanishi yaxshi. Shaftolilar endi uygʻongan. Ularga sovuq ta'sir qilmagan. Oʻtgan yili ham shunaqa boʻlgandi. Bodom, oʻrik va shaftolini qisman sovuq urgandi. Chunki oʻtgan yili 3 aprelda harorat -0 darajagacha tushib ketgandi.
Muhriddin Saidmahmudov, Toshkent viloyati, Parkent
– Qishning iliq kelishi natijasida daraxtlar barvaqt uygʻonyapti va bahordagi ob-havo sovishi erta gullagan daraxtlar gulini toʻkyapti. Bu yil ham shunday boʻldi. Muttasil yogʻgan yogʻinlar fevral oyi oxirida qiygʻos gullash tsikliga oʻtgan daraxtlar, gullarning changlanishiga yoʻl qoʻymagan boʻlsa, mart oyidagi ketma-ket sovuq bodom, oʻrik gullarini nobud qildi. Ularning 5–10 foiz atrofida gullari sovuqdan omon qolgan.
Bu muammoga soha mutaxassislari echim topishlarini istardik. Balki erta gullaydigan oʻrik va bodomning yangi navlarini ekish kerakdir. Bu yilni ham qoʻshib hisoblasak, Parkentda 4 yildan beri oʻrik va bodomni sovuq urishi kuzatilmoqda, koʻpchilik daraxtlarini kesib boshqa mevali daraxtlarni ekishni afzal koʻryapti. Mutaxassislardan oddiy uy xoʻjaliklari uchun tavsiya va echimlarni kutib qolamiz.
Bundan tashqari, biz murojaat qilgan Samarqand, Navoiy, Buxoro hududidagi bogʻbonlar ham oʻriklarning guli eng koʻp nobud boʻlganini aytmoqda.
Zuhra Abduhalimova
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!