Qiz bola o‘zining qadrdon oilasidan, jonajon ota-onasi, tug‘ishganlaridan ayrilib, butunlay boshqa muhit, o‘zga insonlar orasiga tushadi va yashay boshlaydi. Zimmasiga qo‘yilgan har xil majburiyatlar, shartlar, talablar avvaliga uni ozroq dovdiratadi. Yangi kelin biroz muddat tushkunlikka tushadi. Ana shunday vaziyatda unga yaxshi qaynona yordamga kelishi, uni avvalo ayol, sobiq kelin, mehribon ona sifatida qo‘llab-quvvatlashi lozim.
Qaynonalarga ham oson emas. Ko‘plab qaynonalar butunlay o‘zga muhitda o‘sib tarbiya olgan kelinga qanday muomala qilishni bilmay qoladi. Chunki kelinchakning fe’l-atvori, odatlari unga noma’lum.
Aynan shunday holatda qaynona qanday bo‘lishi kerag-u, kelin o‘zini qanday tutishi lozimligini mashhur turk yozuvchisi Ahmad Lutfiy Qozonchi o‘zining “Qaynona” asari qahramonlari Munavvarxonim va Amina timsolida tasvirlagan.
Syujyet:
Munavvarxonim ismli beva ayol Mustafo ismli o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘ladi va kelin izlay boshlaydi. Unga Amina ismli aqlli-hushli, yaxshi xonadon qizi Aminani tavsiya qilishadi. Har ikki tomonning surishtiruvi natijasida Mustafo va Amina unashtiriladi.
Aminani qo‘rquv bosadi. Birinchidan, oilasini tashlab ketishdan iztirobga tushsa, ikkinchi tarafdan, miyasiga atrofdagilar tomonidan o‘rnatilgan “qaynona zolim, qaynona johil, qaynona zulmkor” kabi fikrlar tinch qo‘ymasdi. Qo‘ni-qo‘shni bo‘lmish kelinlar qaynonadan ko‘rgan dard-alamlarini aytaverib qiz bechorani qo‘rqitib qo‘yishgandi.
Bu orada har ikki xonadonning orasiga sovuqchilik solib, bir-biridan aynitmoqchi bo‘lgan ko‘rolmas fitnachilar ham chiqib qoladi. Ammo oqil insonlar hisoblanmish Munavvarxonim va Aminaning otasi Mahmud og‘a ham bunday qutqularga uchmaydi.
Munavvarxonim Aminalarnikiga mehmonga kelganda negadir Aminaning barcha qo‘rquvlari butkul tarqab ketadi. Birinchi marta ko‘rayotgan bo‘lishiga qaramay, o‘zini Munavvarxonimning qizidek his qila boshlaydi. Bunga sabab Munavvarxonimning yuzidagi nur, iliqlik, tabiatidagi halimlik edi.
Chindan ham Munavvarxonimda dunyodagi jamiki yaxshi fazilatlar, xulq-atvorlar jamlanib, siyratidagi pok nur yuziga balqib chiqqandi. Esini tanibdiki, nafsi bilan kurashib, o‘zini davomiy tarbiyalab kelgan Munavvarxonimni barcha baravariga hurmat qilardi. Shunday ayolning o‘g‘li Mustafo ham, albatta, tengqurlariga nisbatan ancha aqlli, tarbiyali, solih farzand bo‘lib yetishgandi.
Hammaga faqat yaxshilik sog‘inuvchi Munavvarxonim Aminani kelin qilib olgach ham o‘zini qaynonadek emas, chin mehribon onadek tutdi. Aminani o‘z qizim deb qabul qildi. Amina uxlab yotgan qaynukasi Alining ustiga bilmay qaynoq suv to‘kib yuborganida bu aybni o‘z bo‘yniga oldi. Hech kimga Amina to‘kkanini sezdirmadi.
O‘z o‘rnida Amina ham yaxshi kelin, yaxshi qiz bo‘lishga harakat qildi. Zero, katta arava qayerga boshlasa, kichigi ham o‘sha yo‘ldan yuradi. Munavvarxonimdek aqlli, tajribali, vazmin qaynonalar bor xonadonda fayz-baraka, tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat arimaydi.
Tahlil:
Munavvarxonim ham o‘z o‘rnida kelin bo‘lgan, zulm ko‘rgan, haqsizliklarga uchragandi. Ammo o‘zidagi yuksak odob, axloq, yaxshi fazilatlar bilan unday sinovlarni yengib chiqqan. Qaynonaga yoki kelinga zug‘um qilish, azob berish, kamsitish uning tarbiyasiga, qadriyatlariga, umuman, tabiatiga butunlay yot edi. Chunki Munavvarxonim onalik, qaynonalikdan ham ko‘ra, avvalo, o‘zini inson hisoblardi. Insoniylikda esa hatto biror jonzotga ozor berish ham ayb sanaladi.
Munavvarxonimning fikricha, kelin kimningdir ko‘zining oqu qorasi, asrab-avaylab o‘stirgan guli. Shunday ekan, bu gulga ozor beraverish, huda-behudaga tergab ranjitaverish insofdan emas. Zero, qaynonaning kelinda haqqi bo‘lgani singari kelinning ham qaynonada haqqi borligini, har ikki tomon ham o‘z haqlarini halol va to‘liq ado qilsa, olam gulistonligini Munavvarxonim chuqur anglaydi.
Ya’ni kelin qaynonaning hurmatini joyiga qo‘ysa, parvarishini qilsa, xizmatini og‘rinishlarsiz bajarsa, qaynona haqqini, bir yoshi ulug‘ insonning, turmush o‘rtog‘ining aziz volidasining haqqini ado etgan bo‘ladi.
Shuningdek, kelin ham birovning farzandi, bir banda. U izzat qilinishi, shirin so‘zdan bahramand bo‘lishi va hokazolar uning haqqi sanaladi. Hozirgi kunda ko‘plab qaynonalar shu jihatni nazardan qochirishyapti. Kelinni xuddi o‘z shaxsiy buyumi yoki qulidek ko‘rib, ozor beryapti. Oqibatda, ko‘plab nizolar, ko‘ngilholliklar kelib chiqmoqda.
Asarda muallif Munavvarxonim obrazi orqali hamma qaynona ham “qaynab” turmasligini, zulmkor emasligini, qaynonami, kelinmi avvalo inson sifatida o‘zini o‘zi tarbiya qilishi lozimligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari romanda yetimning boshini silashdagi xayr, to‘y-ma’rakalardagi isrofgarchilik, ortiqcha urf-odatlar haqida ham gap boradi.
Kim bo‘lishidan qat’i nazar, hammamiz Allohning bandasimiz. Shunday ekan bir-birimizga ozor berishga, turtkilashga, adolatsiz tergashga va kamsitishga haqli emasmiz. Shaxs o‘z-o‘zini doimiy nazorat qilsa, axloqiy jihatdan taftish qilsa, adolat bilan qaror chiqarsa, jamiyatda illat kamayadi. Turli fojialarning oldi olinadi.
Oila jamiyatning eng kichik va asosiy boshlang‘ich bo‘g‘inidir. Qaynona-kelin jiqqamusht xonadonda farzandlarning kayfiyati, tabiati yaxshi bo‘lmaydi. Shunday ekan barcha qaynonalar Munavvarxonimdan, barcha kelinlar Aminadan ibrat olishlari lozim.
Gulasal Qodirova, kitobxon
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring