07:53 / 26.10.2024
35

Olimlar va rassomlar o‘rtasida katta bahs: tarixiy shaxslar qanday qiyofada bo‘lgan?

Olimlar va rassomlar o‘rtasida katta bahs: tarixiy shaxslar qanday qiyofada bo‘lgan?
O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi doirasidagi tadbirlarning birida tarixshunos olimlar va rassomlar o‘rtasida qiziq mavzuda munozara ro‘y berdi. Munozara O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi binosida 14 nafar ulug‘ allomalarimizning mahobatli suratlarini o‘rnatish masalasi muhokama qilinayotgan payt ro‘y berdi.

Dastlab, olimlar tomonidan bir qancha masalalar o‘rtaga tashlandi. Ular shu paytgacha ishlatib kelingan ko‘plab rasmlarda ko‘z ilg‘amas, lekin sezilarli xatolar qilingani ta’kidlandi. Bunday xatolarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun hamkorlikda ishlash kerakligi qayd etildi. O‘z navbatida, rassomlar tarixiy shaxslar qiyofasini yaratishda antropolog olimlar bilan ishlash zarurligini aytib o‘tishdi. Ular tarixchilar bilan ishlaganda, ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelingani, hamma o‘z variantlarini bildirgani bois bir xil qarashlar yo‘qligini qo‘shimcha qilgan. Rassomlar dastlab har bir alloma ko‘rinishi borasida aniq to‘xtamlarga kelib olishni aytganida muhokama munozaraga aylanib ketdi. Turkiyalik rassom Mustafa Demirji o‘zbekistonlik tarixiy shaxslarning yuz tuzilishi bir-biriga juda o‘xshash tarzda chizilishi va bu xato ekanini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalilov mavzu murakkabligi va jahon tajribasida ham bu borada aniq kelishuv yo‘qligini aytdi:

«Bugungi masala nihoyatda muhim. Allomalarimiz bo‘yicha har xil portretlardan foydalanamiz. Qaysidir tashkilotlarga borsak, Alisher Navoiyning portreti boshqacha, boshqa adibniki boshqacha. Lekin qo‘yilayotgan vazifa nihoyatda murakkab. Man o‘ylaymanki olimlarning fikri boshqa rassomlarniki boshqa bo‘lishi tabiiy. Bu mavzu bo‘yicha dunyo tajribasini olib, bir fikrga kelingan holatni o‘zi yo‘q. Murakkabligi mana shu yerda. U davrga yaqinroq sharq miniatyuralari, lekin ularga ham to‘liq ishonib bo‘lmaydi. Chunki Sharq miniatyura san’atida shaxslarni mongoloid ko‘rinishida chizish uslubi shakllangan. O‘rta asr manbalariga tayanadigan bo‘lsak, Abu Rayhon Beruniyning bo‘yi, shakli bo‘yicha turli fikrlar bo‘lgan. Lekin tashqi ko‘rinish haqidagi ma’lumotlar deyarli yo‘q. Shu masalada to‘liq qo‘llab-quvvatlayman, olimlar va rassomlar hamkorlik qilishi kerak».

Shundan so‘ng tarixiy shaxslarning yuz tuzilishi nafaqat hayotiy bo‘lishi, balki uning qoldirgan ilmiy merosi, izlanmalari va tarixiy ahamiyatiga munosib ravishda badiiyat ham kasb etishi ta’kidlandi. Agar suratlarga ijodiy yondashilmasa, ularning tomoshabopligi yo‘qolishi mumkinligi aytildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur esa rassomlarga ijod erkinligi zarurligini bildirdi:

«Biz hammaga ma’qul keladigan, ilm fan uchun erishgan yutuqlari, dinimizdagi yutuqlari... hammasini mujassamlashtiradigan ideal obraz yaratishimiz kerak. Shuning uchun faqat hayotga yopishib olmasdan, mukammal obraz kerak. Badiiy yondashish kerak, shu sabab hamkorlikda ishlanganda rassomning o‘ziga ham qo‘yib berish kerak. Erkinlik kerak. Rassomning professional darajasi yetarli, bizga beriladigan ma’lumot yetarli emas. Bizdagi asosiy muammo portretning yuzi, ishontira olishimiz kerak, aniq ma’lumot kerak. Bu kabi ilmiy munozaralarni bo‘lgani yaxshi. Hali hech kim rassomlar va olimlarni bir joyga yig‘ib, bu borada fikr so‘ragani yo‘q edi. Endi esa qandaydir yechimlarga kelish imkoni paydo bo‘ldi».

Rassomlar allomalar suratini ishlashda faqat badiiy obrazdan foydalanilishini ma’lum qildi. Chunki tarixshunoslar ularning asarlaridan kelib chiqib, o‘rganishlar o‘tkazishi mumkin. Ammo rassomlar uchun bunday asarlardan foyda yo‘q. Ularda muallifning qanday ko‘rinishda bo‘lgani keltirilmagan. Shu bois antropologlar bilan ishlash, qolaversa sun’iy intellektdan ham foydalanib ko‘rish taklifi berildi. Ammo bu o‘rinda ham bir qancha kelishmovchiliklar yuzaga keldi. Bir tomon allomalarning haqiqatga yaqin ko‘rinishini yaratish kerak desa, boshqalar ijodiy tomondan yondashish kerakligini qayd etdi.

«Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy va madaniy megaplatformaga aylantirilyapti. Shuning uchun ham tarixiy shaxslarning qiyofasini kelishib olish dolzarb masala. Bir narsani tushunishimiz lozim, rassomlar tarixiy shaxslar portretini istagancha chizib ketavermasligi kerak. Turli manbalarda tarixiy siymolarning yuzi turlicha tasvirlanadi. Aniq bir qiyofa tanlanishi shart. Faqat bu ijodiy tomondan yondashiladimi yoki tarixiy tomondanmi? Aynan shuni hal qilish lozim. Bizga shu kabi ilmiy va falsafiy munozalar kerak. Ijod ustunroq bo‘lishi kerakmi yo tarixiy fakt? Balki ikkovini ham mujassamlashtirish mumkindir», — deya fikr bildirdi uchrashuv yakunida Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov.

Uchrashuvda ayni paytga qadar markaz uchun 5 ta mahobatli rangtasvir asari mikromozaika uslubida tayyorlanib, markaz binosi foyesi ravoqlariga montaj qilingani ma’lum qilindi. Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy va Kamoliddin Behzodga bag‘ishlangan rangtasvir asarlari mikromozaika uslubida tayyorlanmoqda.

Umuman olganda, Madaniy meros haftaligi shu kabi qizg‘in ilmiy va madaniy munozaralar, qiziq yangiliklarga boy o‘tmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Olimlar va rassomlar o‘rtasida katta bahs: tarixiy shaxslar qanday qiyofada bo‘lgan?