Toshkent toʻylarining “eng qimmat” xonandasi Rashid Xoliqov 53 yoshni qarshiladi

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohiblaridan biri Rashid Xoliqov 28 aprel kuni 53 yoshni qarshi oldi. Oʻzbek shou-biznesining yetakchi ijrochilaridan biri hisoblangan xonandaning oilasi dastlab uning sanʼat yoʻlini tanlashini istamagan, ijodiy faoliyatini boshlaganida esa yaqinlari unga past nazar bilan qaragan. Bugungi kunda 4 farzandning otasi, bir necha nabiralarning bobosi boʻlgan sanʼatkorning tavallud kuni munosabati bilan uning hayoti va ijodiga nazar tashlaymiz.

“Otam muhandis, onam oshpaz edi”
Koʻpchilik uni badavlat oila farzandi deb hisoblaydi. Aslida esa otasi oddiy muhandis, onasi bogʻchada oshpaz boʻlib ishlagan. Bolalik yillarida oila moddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirgan.
— Dadam kanop ip ishlab chiqarish sexida muhandis boʻlib ishlagan. U paytlarda maosh kam boʻlgan, roʻzgʻorimiz ham shunga yarasha edi. Onamning birgina jemperi boʻlib, uning yenglari yamoq edi. U ham boshqalar kabi shuba va taqinchoqlar orzu qilardi, ammo imkoni boʻlmagan, deydi xonanda.
“Onam tatar millatiga mansub edi”
Xonanda Toshkentning Chorsu dahasida tavallud topgan. Ota-onasi besh nafar farzandni tarbiyalagan, biroq ulardan biri vafot etgach, Rashid Xoliqov oilaning kenjasiga aylangan. Uning onasi tatar millatiga mansub boʻlgan.
— Dadam anʼanaviy oʻzbek oilasida oʻsgan boʻlsa-da, turli millat vakillari bilan ishlagani uchun fikrlash tarzi zamonaviy edi. Onam bilan qanday tanishganini aniq bilmayman, ammo u kelin boʻlib tushganida oʻzbek tilini yaxshi bilmaganini eshitganman. Qozon shahrida yashagan va qandaydir sabab bilan otam bilan tanishgan. Shunday boʻlsa-da, onam oʻzbek kelinlaridan kam emasdi. “Yaxshi bola boʻlinglar, aks holda otangizning yuzi yerga qaraydi”, deb koʻp taʼkidlardi, deydi xonanda.
“Onamga mendan voz kechishni maslahat berishgan”

Rashid Xoliqov onasining toʻrtinchi farzandi boʻlgan. Shifokorlar homila ona salomatligiga xavf solishini aytib, uni toʻxtatishni tavsiya qilgan.
— Onam poliklinikadan yigʻlab qaytganida bir ayol “Qorningizdagi bola mashhur boʻladi”, degan ekan. Shunday boʻlib, tugʻilishim onamga zarar yetkazmadi, deydi xonanda.
“Hali koʻrasiz, tanilib ketaman…”
Oilasida sanʼatkorlar boʻlmagan, ammo otasi va yaqinlari musiqaga qiziqqan. Shunga qaramay, uning sanʼatga kirishiga qarshi boʻlishgan.
— 1987 yildan ansambl tuzib, toʻylarda chiqish qila boshladik. Mahalladoshlar esa bizga ishonishmasdi. Bir kuni qoʻshni toʻyiga chaqirmaganida “Hali tanilib ketaman”, degandim, deydi xonanda.
“Qaynonamning darvozasini tepib chiqib ketganman”

Xonanda turmush oʻrtogʻi Saida bilan toʻyda tanishgan. Ularning munosabati keyinchalik oilaga aylangan.
— Ilk uchrashuvimizdan keyin onasi meni qattiq soʻzlar bilan kutib olgan. Gʻururimga tegib, ketib qolganman. Keyin yana gul bilan borib, oq fotiha olganman, deydi u.
Ogʻir kasallik va qayta tiklanish
2013 yilda Bali oroliga sayohat vaqtida hasharot chaqishi sabab jiddiy kasallikka duch kelgan.
— Bir necha oy yotdim, hatto oyoqni kesish haqida ham gap boʻlgan. Keyin Germaniyalik shifokorlar yordami bilan sogʻaydim, deydi xonanda.
Oila va bugungi hayot

Xonandaning toʻrt farzandi bor. Oʻgʻillari Sanjar va Islom oila qurgan. Sanjar bir vaqtlar sanʼatga qiziqqan boʻlsa-da, keyin biznesni tanlagan.
Rashid Xoliqov kelinlarini qadrlaydigan inson sifatida tanilgan. Ilk bor bobo boʻlganida rafiqasi va keliniga qimmatbaho avtomobillar sovgʻa qilgan.
Bugungi kunda u Toshkentdagi toʻylarda taxminan 1300 dollar, korporativ tadbirlarda esa 2500–3500 dollar evaziga chiqish qilib, muxlislarini xushnud etib kelmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!