17:00 / 12.01.2025
32

Choʻlponning oʻris xotini yoxud «Yuraklar boshqa, tilaklar boshqa...»

Choʻlponning oʻris xotini yoxud «Yuraklar boshqa, tilaklar boshqa...»
Fotokollaj: xabar.uz
«Bu foniy dunyoda oʻz xotiniga xiyonat qilmagan erkak bormi oʻzi?», «Har qalay, bu xotin menga hech narsa bermaganida ham roziman. Koʻzimni toʻsib yotgan pardalarni olib tashladi-ku!», «Tarbiyasiz, ongsiz va nodon musulmon xotin bilan tarbiyali, madaniy ovroʻpalikni solishtirib koʻrasiz. Farq er bilan osmon qadar! Darhol bilinadi». «Yarim kechada biz, ikki telba ta'qibdan qochgan oʻgʻriday Maskov koʻchalarida ot qoʻyib ketdik». «Machitdan er-xotin boʻlib uyga qaytganimizda soat ikkiga yaqinlashib qolgandi…»

Yuqorida keltirilgan iqtiboslar – ulugʻ millatparvar adib Choʻlponning «Kecha va kunduz» romanidagi asosiy qahramonlardan biri – uddaburon Miyoqubning turli vaziyatlarda aytgan fikrlari. Ma'lumki, romanda XX asr boshlaridagi ishbilarmon odamlar toifasiga mansub Miryoqubning turli holatlardagi hayoti ham yoritilgan. Asar soʻngida uning bir jadid yigit bilan tanishuvi natijasida dunyoqarashi oʻzgarishi, Miryoqubning oʻris xotin Mariyaga uylanishi ham aks ettirilgan.

Miryoqub-ku, Choʻlpon tasvirlagan badiy qahramon. Biroq XX asrning boshlarida, xususan, 1920–1930 yillarda ham koʻplab oʻzbek yigitlarining rus xotin-qizlariga uylanishi uchrab turardi. Jumladan, Choʻlpon chiroyli rus ayoli bilan turmush qurib, hayotining ma'lum onlarini zavqli oʻtkazgan. Rafiqasi Katya ilhom malikasi sifatida unda ijodiy ishtiyoq uygʻotgan.

Xoʻsh, Choʻlponning oʻris xotini Katya kim va uning adib qamoqqa olinganidan keyingi hayoti qanday kechgan?

Asli andijonlik boʻlgan Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli oʻziga toʻq oila farzandi boʻlsa-da, otasining ta'sirida ijodga havas ruhida tarbiyalandi. Qolaversa, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida oʻlkada kechgan vaziyat tufayli goh Andijonda, goh Toshkentda, Buxoro va Samarqandda hayot kechirdi, ijod, turmush tashvishlari bilan band boʻldi. U taqdir rishtalarini ma'lum muddat Soliha ismli qiz bilan bogʻladi. Dastlab shirin turmush kechira boshladilar. Soliha ham Abdulhamidning eldoshi boʻlib, Andijonning Chorguzaridan edi.

Abdulhamid ijodkor inson, qolaversa, taraqqiyparvar, zamonaviy jadid ziyolisi sifatida Solihani oʻz davrining etuk ayoli qiyofasida koʻrishni istardi. Shu sababli yaxshigina dutor chertadigan xotiniga musiqa maktabining yosh muallimini yollab, pianino chalishni ham oʻrgatishni hohlab qoldi. Bu voqealar Choʻlpon oilasi bilan Samarqandda yashayotgan, shahar respublika poytaxti boʻlib turgan davrda, Fayzulla Xoʻjayevlar bilan davradosh sifatida bordi-keldi qilayotgan paytlarda yuz bergan.

1928–1930 yillarda Choʻlpon turli joylarga qatnab turardi. Ana shunday safarlardan biridan qaytgach, turfa gap-soʻzlarga uchib, Soliha bilan orani ochiq qildi.

Shundan soʻng Soliha Choʻlpon va uning otasi Sulaymonqul bazzoz bilan yaxshi munosabatda boʻlgan toshkentlik nufuzli savdogar Olimxon akaning huzuriga kelib, yigʻlaganicha vaziyatni tushuntirdi. Bu paytda Choʻlpon ham Samarqanddan Toshkentga tashrif buyurib, otasining doʻsti Olimxon bilan uchrashdi. Olimxon unga nasihat qildi, ammo shoir ajrashishga ahd etganini aytdi. Ajrashishga, turli gap-soʻzlarga esa Solihaning pianino chalishni oʻrgatgan musiqa muallimi bilan birga tushgan surati sabab boʻlgandi. Choʻlpon oʻsha rasmni Olimxon akaga koʻrsatar ekan, endi oilani tiklab boʻlmasligini uqtirdi.

– Unda yo oʻzingiz oborib egalariga topshirib kelasiz, yo kechiraman, desangiz, boshqa nikoh oʻqiymiz, – dedi Olimxon.

Ana shundan keyin ham oilaning tiklanmasligi aniq boʻlgach, Olimxon Solihani izvoshga oʻtqazib, vokzalga olib bordi. Choʻlpon va Sodir qori ismli andijonlik kishi u erga boshqa izvoshda ravona boʻldilar. Shu taxlit ular poyezdda, boshqa-boshqa kupeda Andijonga joʻnashgandi...

Oilasi barbod boʻlgach, Choʻlpon avval Soliha bilan birga istiqomat qilgan Samarqand shahri, Qoʻshhovuz mahallasidagi 94-uydan Moskvaga koʻchib ketdi. Samarqandda yurgan paytida yonma-yon qoʻshni boʻlib yashagan Abduaziz Xolmuhammedovning xotiralariga koʻra, Choʻlpon unga quyidagicha xat yozib yuborgan: «Abduaziz aka! Biz Soliha bilan ajrashdik. Yuraklar boshqa, tilaklar boshqa, butun-butun yotlik va begonalik. Men ertaga Moskvaga ketayotirman».

Choʻlponning Moskvaga joʻnashiga birgina Soliha bilan ajrashgani sabab emas edi. Negaki 1927–1930 yillarda unga millatchi shoir tamgʻasi urilib, ta'qiblar uyushtirilgani va vaqtincha hasadgoʻylar koʻzidan chetda yurishiga toʻgʻri kelgan edi.

Shuningdek, biz ham yostiqdoshi Solihadan ajralishiga faqatgina musiqachi yigit bilan tushgan surati sabab boʻlmagan, degan fikrdamiz. Chunki Choʻlpon ijodiga hasad bilan qaraganlar uning hayotiga ham yovqarash qilganlari aniq. Goʻzal Soliha bilan shirin urmushini buzish orqali ijodini yoʻqqa chiqarish, tushkunlik holatiga solish, turli yolgʻon gap-soʻzlar, mish-mishlarni atayin tarqatish hasadgoʻylarning dushmanlarcha zarbasi edi. Ijodkorga xos injiqlik, gap-soʻzga ishonish va dastlabki fikrida qat'iy qolishdek fe'l-atvor Choʻlpondek ulugʻ adibda ham mujassam edi. Xullas, u Soliha bilan ajrashib, Moskvaga yoʻl oldi.

Garchi Choʻlpon Soliha bilan ajrashsa-da, uni unutolmadi va oilasini hasadgoʻy gʻanimlar buzganini anglab etdi.

1931 yilda Yunus Maqsudiy Choʻlponning Moskvadagi uyiga tashrif buyurganida, u erda uylangan rafiqasi Katya shoirning she'r daftarini oʻqib oʻtirishni taklif qiladi. Oʻsha daftarda quyidagi she'r ham boʻlgan:

Bildim endi, shuncha bergan
va'dalar yolgʻon ekan,

Koʻnglimizni oʻzgalar oʻz
koʻngligʻa olgʻon ekan.

Men koʻngil berdim, u ham
menga koʻngil berdi, desam,

Ayriliq oʻz xanjarin
koʻksimgʻa oʻqtolgʻon ekan.

Yosh ekanman, bilmaganman
va'dalari oxirin,

Bevafolikka kishilar
oʻrganib qolgʻon ekan.

Oqibat, mehru muhabbat
zarra ta'sir etmadi,

Shum raqiblar yorni beshak
yoʻldan ozdirgʻon ekan.


Ushbu she'rni oʻqigan Yunus Maqsudiy arzi holdan iborat satrlarni kimga bagʻishlab yozganini soʻraydi.

– Rafiqam Soliha bilan Samarqandda yashar edik. U musiqa bilim yurtida oʻqidi. Gʻanimlarimning soʻziga kirib, men bilan ajrashdi. Oʻshanga yozgan edim, – deya Choʻlpon xoʻrsinib qoʻyadi.

Shoirning «gʻanimlarimiz gapiga kirib, men bilan ajrashdi», deb oʻzini aybli his qilganidan ham bilsa boʻladiki, Soliha Choʻlponning yodidan oʻchmagan. Xullas, taqdiri azal sabab ular ajrashdilar.

Choʻlpon Moskvada boshqa bir goʻzal ayol bilan tanishib, unga uylandi. Ma'lumki, u Moskvaga 1931 yilda ketgan. Fayzulla Xoʻjayevning yordami bilan sobiq ittifoq xalq komissarlari kengashida tarjimon boʻlib ishlagan. Vatanidagi hasadgoʻylar qutqusi, ta'qibi va oilasi barbod boʻlganidan iztirob chekib yurgan shoir Abdullajon Toshmuhammedov degan tanishi orqali 27 yoshli Ekaterina bilan doʻstlashib qoladi. Bu doʻstlik esa ularning oila qurishiga olib keldi.

Ayolning asl ism-sharifi Ekaterina Ivanovna Tokareva boʻlib, 1904 yilning 23 noyabrida Peterburgda tugʻilgandi. Biroq bolaligi Kiyevda oʻtgan edi. Otasi chilangar boʻlib, oʻz ustaxonasiga ega edi. Katya oʻn etti yoshga toʻlgach, mustaqil hayotga qadam qoʻyib, turli joylarda ishlagan. 1928 yili esa harbiy uchuvchi Aleksandr Anisimovga turmushga chiqqandi. Ammo bir yarim yillik shirin turmushdan soʻng, 1930 yilda eri avtomobil halokatidan vafot etadi. Choʻlpon bilan tanishgan 1931 yili esa Katya Moskvadagi toʻqimachilik fabrikasida ishlardi. Ular turmush qurishgach, Moskvadagi Meshchanlar koʻchasi 115-uyda istiqomat qila boshlashdi...

Katya Choʻlponni ham inson, ham shoir sifatida hurmat qilar, unga barcha shart-sharoitni yaratib berishga intilardi. Bu haqda taniqli yozuvchi V.Yan ularnikiga borganini shunday tasvirlagan edi: «Oqshom chogʻida oʻzbek shoiri Choʻlponning uyida boʻldim. U palov pishirib keldi, palovni pirmusda tayyorlash oson emas. Choʻlponning yoshgina rus xotini (uni Katenka deb chaqirarkan) eski, yomon jihozlangan uydagi kichik bir xonada Sharq ruhini yaratishga urinmoqda...»

Ular yashayotgan Meshchanlar koʻchasidagi uyning katta xonasi ikkiga boʻlingan boʻlib, yarmida buyuk oʻzbek adibi, ikkinchisida bir turk oilasi bilan yashar edi. 1931–1935 yillarda Choʻlpon ana shu torgina xonada yashab, ijod qilgan. Oʻsha davrdagi vaziyatga koʻra, xona faqirona tusda edi. Ammo Katyaning ozodaligi, eriga shu joyda ham yaxshi sharoit yaratib bergani, uni ardoqlagani bois adib samarali ijod qildi. Choʻlpon «Kecha va kunduz» romanini, lirik, ijtiomiy mavzudagi she'rlarini aynan Katya bilan kechgan zavqli onlardan ta'sirlanib yozdi.

1935 yilda Fayzulla Xoʻjayev Choʻlponni Toshkentga taklif qilgach, vatanini sogʻingan shoir yurtiga qaytdi. Respublika hukumati rahbari unga qulay shart-sharoit yaratib berishga intildi. Ammo bu paytga kelib, Fayzulla Xoʻjayev boshi ustida ham qora bulutlar aylana boshlagandi. Shu bilan birga Choʻlponning ahvoli ogʻir edi. U rus tilidan qilgan tarjimalari evaziga yashar, hatto ertalablari olgan sutning pulini haftalab qaytarolmay yurardi. Boz ustiga, Choʻlponni qand kasali qiynar edi. Shunday ogʻir vaziyatda ham u bilan birga Toshkentga kelgan Katya qiyinchiliklarga chidadi. Ammo hasadgoʻy, igʻvogarlar qutqusi avj olib, Choʻlponni yana millatchilikda ayblay boshlashdi. 1937 yilda shoʻro qatagʻon mashinasi erkin fikrli insonlarni oʻz domiga tortdi. Xususan, Choʻlponni ham.

Choʻlpon bilan ancha yaqin boʻlgan Yunus Maqsudiy oʻsha ogʻir kunlardagi bir voqeani oʻz xotiralarida shunday keltirgan:

«1937 yil edi. Qarindoshlarni koʻrgani Moskvadan Toshkentga keldim. Oʻsha kuniyoq vokzalga yayov ketayotganimda Gorkiy nomidagi istirohat bogʻi oldida Choʻlponning ayolini uchratib qoldim. Katyaning koʻzi menga tushgach, xoliroq joydagi oʻrindiqqa borib oʻtirdi. Men borib soʻrashdim. U mendan:

– Akangning qamalganidan xabaring bormi? – deb soʻradi.

– Xabarim bor. Biroq uyingga borib, holingni soʻrashga botinaolmadim, – dedim men.

– Yaxshi qilgansan. Uyimizga borganlarning hammasini ta'qibga olishyapti. Hatto, bizga sut keltirib beradigan oddiy ayolni ham olib ketib soʻroq qilishibdi. Xullas, akang tuhmat-boʻhtonlar balosiga giriftor boʻldi. Meniyam necha bor soʻroqqa chaqirishdi. Men erimga qoʻyilgan ayblarning barchasi yolgʻon, uydirma, uning zarracha aybi yoʻq, deb qayta-qayta takrorlasam-da, ishonishmadi. Choʻlpon kechasi soat oʻn ikkilarda uyga qaytdi, kayfiyati juda tushkun edi. Men ovqatini oldiga qoʻyib, dam olgani narigi xonaga kirib ketdim. Bir uxlab, taxminan kechasi soat uch-toʻrtlarda uygʻondim. Choʻlpon men qoʻygan ovqatimni haligacha emay, xayol surib oʻtirgan ekan. «Tinchlikmi?» deb soʻradim. U: «Meni bir necha yozuvchiyu shoirlar toʻgʻrisida uyushtirilgan uydirma, ayblarga guvoh tariqasida NKVDga chaqirishgan ekan. «Falonchi-falonchilar haqidagi fikrlarimizni quvvatlab, guvohlik bersangiz, sizni himoya qilamiz, hamma vaqt ozodlikda boʻlasiz! Aks holda ustingizdan jinoiy ish boshlashga toʻgʻri keladi. Sizni osmonga koʻtarish ham, erga kirgizib yuborish ham qoʻlimizdan keladi», deyishdi. Men, hatto, dushmanimni ham qoralash uchun soxta guvohlik berishdan hazar qilaman. Gunohsizlarni gunohkor etish mening qoʻlimdan kelmaydi. Chunki menda imon bor, menda vijdon bor, dedim». «Mayli, ixtiyor oʻzingizda, bizdan xafa boʻlmang» deb meni boʻshatib yubordilar», dedi. Oradan uch kun oʻtgach, Choʻlponni qamab qoʻyishdi.

Haqiqatan, Abdulhamid Choʻlpon 1937 yilning 17 iyul kuni OʻzSSJ JKning 66-1, 67-moddalari boʻyicha ayblanib, qamoqqa olinadi. Ekaterina Ivanovna Tokareva (Sulaymonova) erining aybdor emasligini bilar, buni tergovchilarga ham baralla aytardi. Ayniqsa, Choʻlpon qamalgach, uni «xalq dushmani»ning xotini sifatida Dzerjinskiy koʻchasidagi uyidan haydab, mol-mulkini musodara etishadi. Natijada Katya Toshkentda uy-joysiz, tanishlarinikida yashashga majbur boʻladi. Biroq uning ozodlikdagi hayoti uzoqqa choʻzilmadi. 1937 yil 22 sentyabrda Katya ham hibsga olinadi. Ekaterinani NKVD leytenanti Trigʻulov tergov qilib, undan eri toʻgʻrisida ma'lumotlar olishga intiladi.

E'tiborlisi shundaki, Choʻlpon, Fitrat va boshqa 1937 yilda qamalgan millatimiz fidoyilarini ham aynan Trigʻulov soʻroq qilgan.

Ma'lumot oʻrnida: Nurlin Ishoqovich Trigʻulov 1907 yili Penza guberniyasi Kuzisko rayonidagi Delino qishlogʻida tugʻilgan. Ishchi oilasidan. Oʻrta ma'lumotli. 1925 yildan 1939 yilgacha NKVDda shoshilinch vazifalar boʻyicha vakil yordamchisi, Buxoro viloyati tumanlaridan birida sud raisi, OʻzSSR IIXKda boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishlab, «qatagʻon mashinasi»ning rulini boshqargan kaslardan edi. Trigʻulov 1939 yil sentyabr oyida, «KZOT» (Mehnat haqidagi qonun majmuasi)ning 47-moddasi, «v» bandiga muvofiq, NKVDdagi ishidan haydalgan. Millat gullarini qiyratgan Trigʻulov ishdan chetlatilsa-da, 1956 yillargacha Chkalov nomidagi 84-son zavodning 38-tsexida boshliq muvoini boʻlib ishlab yuravergan).

Tabiiyki, Trigʻulov Ekaterina Ivanovnadan eri, uning tanishlari toʻgʻrisida soʻrab-surishtiradi. ammo Katya erini nafaqat ijodkor, balki qat'iyatli inson sifatida sevgani uchun Trigʻulovning savollariga Choʻlponning «aksilinqilobiy ishlari haqida menga hech narsa ma'lum emas», deya javob beradi. Aytish mumkinki, 1930 yillardagi oʻsha vaziyatda nafaqat tanishlari, balki oʻzining eri toʻgʻrisida ham ma'lumot berganlarni eslasak, Ekaterina eri Choʻlponga nisbatan sadoqatli boʻlgan. Ana shu sadoqati bois, 1937 yil 31 oktyabrda u «xalq dushmanining aksilinqilobiy ishlarini yashirgani va ularda ishtirok etgani» uchun ayblanib, 1939 yil 4 fevralgacha qamoqxona azoblarini boshdan kechirgan.

Bu paytda «xalq dushmani»ning xotini boʻlgani, qolaversa, oʻzi ham qamalib chiqqani bois Toshkentda unga xayrixohlar topilmasdi. Choʻlponning qarindoshlarinikiga borish ham xavfli edi. Buning ustiga Oʻzbekistonda biror qarindosh-urugʻi yoʻq. Shu sababli u Kiyevga joʻnab ketishga majbur boʻldi.

Stalin vafot etib, Qodiriy, Choʻlponlar oqlangach, 1956 yillardan soʻng Ekaterina Ivanovna Toshkentga keladi. U Choʻlponning qoʻlyozmalari, musodara etilgan buyumlarga qiziqib koʻradi.Ammo xuddi 1937–1939 yillardagi kabi bu safar ham Katyaga hech kim xayrixohlik bilan qaramadi.

Ana shundan soʻng Choʻlponning sevimli va sadoqatli yori Katya bu erlarga umuman qaytib kelmadi. Biroq Choʻlpon bilan kechgan olti yillik hayotini bir umr yodidan chiqarmadi.

Xullas, Soliha Sulaymonova va Ekaterina Tokarevalar Choʻlpon hayotida ijodiy ishtiyoq uygʻotgan «ilhom malika»lari sifatida tarixda qolishdi.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat