Endilikda “Oskar” mukofotida to‘rt oyoqli aktyorlar ham o‘z nominatsiyasiga ega bo‘lishi mumkin. IFC kinokompaniyasi “Itning nigohi bilan” filmida bosh rolni ijro etgan it — Indi nomidan Kino san’ati va fanlari akademiyasiga rasmiy xat yubordi, deb yozadi Variety.
Xatda Indi hazilomuz tarzda Akademiya a’zolaridan “Eng yaxshi erkak roli” uchun uni nomzod sifatida ko‘rib chiqishni so‘ragan. “Tanqidchilar ijroni yuqori baholagan bo‘lsa-da, men “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasiga loyiq emasligimni eshitib, juda xafa bo‘ldim. Go‘yo kimdir bog‘ichimni tortib olgandek”, — deb yozilgan maktubda.
Mualliflar shuningdek, “Oq so‘yloq”, “Erkin Villi”, “Kichkintoy”, “Qushlar” va “Urush oti” kabi filmlarda hayvonlar kino tarixida muhim rol o‘ynaganini ta’kidlashgan. Ularga ko‘ra, “hayvon aktyorlar ko‘p hollarda butun hissiy yukni va hatto film franshizasining asosiy ruhini ko‘tarib kelishgan”.
Filmning syujeti Todd ismli yigit va uning sodiq iti Indi atrofida aylanadi. Yigit bobosidan qolgan qishloq uyiga ko‘chib o‘tadi, ammo bu yerda g‘aroyib mavjudotlar va ruxlar yashaydi. Indi esa egasini ushbu tahdidlardan himoya qilish uchun qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi.
Qo‘rqinchli kartinaning bosh rolini rejissyor Ben Leonbergning o‘ziga tegishli bo‘lgan it — Indi ijro etgan. “Itning nigohi bilan” filmining Rossiyadagi premerasi 16 oktyabrga belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!