“Uyda yolg‘iz” filmida Kevinning onasi rolini ijro etgan akrtisa vafot etdi

Kecha 30 yanvar kuni aktrisa Ketrin O’Xara 71 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning agenti OAVga ma’lum qilgan. Ketrin O’Xara — amerika-kanadalik aktrisa bo‘lib, u eng avvalo Uyda yolg‘iz filmidagi Kevinning onasi Keyt obrazi bilan millionlab tomoshabinlarga tanilgan. Filmda Kevin tasodifan uyda yolg‘iz qolib, o‘g‘rilarga qarshi kurash olib boradi, onasi esa o‘g‘lini qutqarish uchun uyga qaytishga shoshiladi. O’Xara bu rolni 1992 yilda suratga olingan ikkinchi qismda ham davom ettirgan.
Aktrisaning ijod yo‘li 1970 yillar o‘rtalaridan Kanadada boshlangani aytiladi: u komedik teleko‘rsatuvlarda ishtirok etgan, faqat aktrisa sifatida emas, balki ssenariy muallifi sifatida ham mehnat qilgan. Aynan ssenariy yozishdagi hissasi uchun 1982 yilda ilk bor “Emmi” mukofotini olgani qayd etilmoqda.
2010 yillarning o‘rtalaridan O’Xara yana bir bor katta mashhurlikka erishdi: Shitts Krik komedik serialida asosiy rollardan birini ijro etib, yangi muxlislar orttirdi. Serial 2015–2020 yillarda namoyish etilgan va jami 6 mavsumdan iborat bo‘lgan. So‘nggi yillarda ham u faol ijod qilishda davom etgan. Masalan, 2025 yilda The Studio serialida ishtirok etgani ham tilga olinadi.
Qayd etish joiz: Uyda yolg‘iz hanuzgacha eng mashhur Yangi yil filmlaridan biri sifatida telekanallar va platformalarda muntazam namoyish etilib keladi — shu bois O’Xaraning Keyt obrazi ko‘pchilik xotirasida o‘chmas iz qoldirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!