date

«Real»da Alonso davri yakunlandi: uning iste’fosi sababi ma’lum bo‘ldi

«Real»da Alonso davri yakunlandi: uning iste’fosi sababi ma’lum bo‘ldi

«Real Madrid» klubi bosh murabbiy Xabi Alonso bilan yo‘llarni ajratishga qaror qildi. The Touchline nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis Ispaniya Superkubogi finalida «Barselona»ga qarshi o‘tgan va 2:3 hisobida yakunlangan bahsdan keyin yuzaga kelgan ichki muammolar ortidan lavozimini tark etgan. Qayd etilishicha, bu qaror ikki tomonlama kelishuv asosida qabul qilingan.

Manbaga ko‘ra, finaldan so‘ng sodir bo‘lgan ayrim holatlar Alonsoning «Real»dagi kelajagiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, jamoa yetakchilaridan biri Kilian Mbappening o‘sha o‘yindan keyingi xatti-harakati murabbiy bilan munosabatlarga soya solgan.

Ma’lum qilinishicha, Xabi Alonso finaldan keyin raqib — «Barselona» futbolchilari uchun chempionlik yo‘lakchasi tashkil etish tarafdori bo‘lgan. U buni sport etikasi va hurmat belgisi sifatida ko‘rgan. Biroq Kilian Mbappe bu tashabbusga keskin qarshi chiqqan va jamoadoshlarini maydonni tark etishga chorlagan. Aynan shu holat jamoa ichida qarama-qarshiliklarni kuchaytirgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Xabi Alonso «qirollik klubi»ni 2025 yil yozidan beri boshqarib kelayotgan edi. Qisqa muddat ichida jamoa bilan muayyan natijalar qayd etilgan bo‘lsa-da, ichki kelishmovchiliklar uning ishini davom ettirishga imkon bermadi.

Endi esa «Real Madrid»ni klub tizimiga yaxshi tanish bo‘lgan mutaxassis — «Real Madrid Kastilya»ni boshqarib kelgan Alvaro Arbeloa boshqaradi. Klub rahbariyati yangi murabbiy bilan barqarorlik va jamoaviy ruhni tiklashni maqsad qilgan. Muxlislar esa «Real» uchun navbatdagi sahifa qanday ochilishini qiziqish bilan kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » «Real»da Alonso davri yakunlandi: uning iste’fosi sababi ma’lum bo‘ldi