15:49 / 08.05.2017
9 866

Mustamlaka yoxud istilo-1. Kulgili iddaolar

Mustamlaka yoxud istilo-1. Kulgili iddaolar
Biz Turkistonga madaniyat olib keldik, deb o‘ylaymiz. Bo‘ysundirilgan osiyoliklarga tinchlik va osoyishtalik berdik, deb o‘zimizni ovutamiz. Ammo bularda (turkistonliklarda) ham bir oliy tuyg‘u borki, bu millat va uning milliy iftixoridir. Musulmonlar ahvolini tushunishimiz kerak. Siyosiy o‘lim (milliy davlatchilikning yo‘qotilishi) og‘ir, milliy o‘lim esa undan ham og‘irroqdir. Bizning hukmronligimizda ular xuddi shunday ahvolga tushdilar. Bas, shunday ekan, hukmronligimizga qarshi g‘alayonlar ro‘y bersa, ajablanishga o‘rin yo‘q. Shunday milliy manfaatlar borki, ular xalq och yoki to‘qligidan qat’i nazar, bir kunmas bir kun o‘zini namoyon etajak.
N. N. Veselovskiy, tarixchi.

Chor Rossiyasi hukumati, keyinchalik bolsheviklar tomonidan ham Markaziy Osiyo davlatlari hududlarining bosib olinishiga bahona qilib ko‘rsatilgan motivlar romantik janrlar havas qilsa arzigulik bir tarzda edi. Ta’kidlanishicha, go‘yoki osiyoliklar madaniyatsiz, savodsiz bo‘lgan, shu bois Rossiya imperiyasining bu hududda bo‘lishi «madaniyat ulashish» bilan tushuntirilardi.
O‘rta asrlar so‘ngida Rossiya imperiyasining yurishlariga qadar Turkiston darhaqiqat misli ko‘rilmagan inqirozni boshdan kechirayotgan edi. O‘rta asrlar sxolastikasi darajasidagi diniy mutaassiblik, konservatizm, qotib qolgan madaniyat, yangi ilmiy-texnik kashfiyotlardan, taraqqiyotdan ortda qolish – bularning barini Turkistonning o‘rta asrlardagi ulug‘vorligi bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Boshqa tomondan, bu Rossiya imperiyasining tajovuzkorligini ham oqlamaydi. Chunki shu davrlarda Rossiya imperiyasining o‘zida ham ersiz va savodsiz dehqonlar bilan bog‘liq jiddiy muammolar bor edi. Lekin aynan shunday paytda Turkistonning mustaqil davlatlari hududiga bostirib kirib, o‘zining qurolli hamlasini «sivilizatorlik» bilan xaspo‘shlashga urindi .

Bosqinchilar bilan birga kelgan Vasiliy Vasilevich Vereщagin Chor Rossiyasi Turkistonni bosib olishini tasvirlagan rasm

Bolsheviklar bosqini ham «Sharqni savodsizlik va sinfiy dushmanlardan ozod qilamiz» shiori ostida kechdi. Mohiyatan, mustamlakachilik va sovetlashtirish bir xil shiorlarga oshno bo‘ldi, ya’ni bosqinchilikning butun mazmuni mahalliy aholining qoloqligi va savodsizligi, mustamlakachilar va bolsheviklar esa «sivilizatorlik» missiyasini tashuvchilar ekanligi asosiga qurildi.

XIX asr oxiri-XX asr boshlarida Rossiya imperiyasining qishloqlari aholisi orasida savodxonlik va ziyo qay ahvolda ekanligi borasida juda mufassal ma’lumotlar mavjud. Rus intelligensiyasi Rossiya imperiyasining ichki hududlarining bu jihatlarini o‘zlarining buyuk asarlarida tavsiflagan. Krepostnoylik huquqi haqida ham juda ko‘p axborot mavjud. Xullas, bir hikmatda aytilganidek, «ishtoni yo‘q tizzasi yirtiqqa kulgan ekan». Qanday ilohiy amrga binoan mustamlakachilar va bolsheviklar butun boshli xalqlarni qatliom qilgan, ochlikdan sillasini quritgan, xristian xayrixohlar, «o‘ldirma va sev...» prinsipi tarafdorlari qaerga qaragan? Bolsheviklarning «barcha xalqlar tengdir» shiorlari targ‘ibotchilar qaerga qaragan? Ular haqiqatan sivilizatorlik missiyasiga ega bo‘lgan deylik, lekin bu holda ziyokor jadidlar, o‘qituvchilar, yozuvchi va shoirlarning otib tashlanishini qanday tushuntiramiz? Axir ular o‘qimishli insonlar edi. Bema’nilik, lekin fakt.

1909 yil. Kitob bozori.

Mustamlakachilar va bolsheviklar ilgari surgan motivlar rostanam haqiqatga mos edimi? Darvoqe, bostirib kelgan chor va sovet qo‘shinlaridagi askarlar singari bosib olingan mahalliy «begona»larning ko‘pchiligi o‘qish va yozishni bilmas edi. Unda mahalliy odamlar, bolalar, ayollar va keksalar savodsiz bo‘lganlari uchun yo‘q qilingan ekan-da, bu tarixiy voqeani nima bilan tushuntiramiz? Bir qarashda oson tuyuladigan bunday savollarga javoblar yozish aslida ko‘p jildli kitob sahifalarini egallashi mumkin. Yoki chorizm va bolshevizm zamonlaridagi yolg‘on g‘oyalar va targ‘ibot shiorlarining asl maqsadlarini fosh etish bilan shug‘ullanadigan butun boshli tarixchilar va huquqshunoslar maktabini yaratish mumkin.

Sovet tizimining o‘rnatilganidan boshlab bolsheviklarning asosiy ishi qotilliklar, talonchilik, noqonuniy sudlar, Sibirga surgunlar bo‘ldi, bu guvohlarning esdaliklari va arxiv materiallari bilan tasdiqlanadi. Keyinchalik, mahalliy xalqlar talon-taroj qilinganidan, jadidlarning g‘oyalari o‘zlashtirilgan yoki bolsheviklar aytganiday, «ekspropriasiya» qilinganidan so‘ngina bolsheviklar likbezlar — savodsizlikni yo‘q qilish tadbirlarini o‘tkaza boshladi. Mahalliy xalqning faqat boyliklari emas, g‘oyalari ham talon-taroj qilindi. Lunacharskiyning savodsizlikni yo‘q qilish dasturi 20-yillar oxiri va 30-yillar boshidan hayotga tatbiq etila boshlandi, bunga qadar esa Turkiston xalqlarining o‘z ziyokorlari bo‘lib, ular bolalar uchun ko‘plab maktablar ochgan edi. Mustamlakachilar ko‘magida ochilgan rus-tuzem maktablari dehqonlarning bolalariga emas, aslzodalarning urvoqlariga, chor hukumati tarafdorlariga xizmat qilar edi. Bu aynan rossiyalik va evropalik olimlar tomonidan isbotlangan faktdir .

Birinchi Jahon urushi okoplaridan to‘plangan qalang‘i-qasang‘ilar, taqdiri mayib-majruh etilgan, qalbida g‘azab shingillari o‘rnashgan odamlar mahalliy «inorodes»larga ziyo ulasholmas edi. Birinchi to‘lqin bolsheviklari jinoyatchi va terrorchilar edi, 30-yillarga qadar ular ziyo tarqatish haqida o‘ylamagan ham edi, bu fakt. Qurolli jinoyatchilar va urushdan ruhiyati buzilib qaytgan odamlarni qo‘lida qurol bilan Turkiston «inorodes»larini kamsitish yo‘li bilan, bolalar, ayollar va keksalarni o‘ldirish yo‘li bilan «madaniylashtirish», shu yo‘l bilan «madaniyat va ma’rifat» o‘rnatish «sivilizatorlik»ka mutlaqo o‘xshamaydi. Axir o‘ldirish, osish, kesish, otish madaniyatmi? Hatto eng o‘qimishli «madaniyatshunos» ham bunday madaniyatni tushunmasa kerak.

Asirga olingan "bosmachilar" ustidan bo‘layotgan sud. 1 avgust 1925 yil

Mustamlakachilikning ko‘pchilik «advokatlari», Osiyo xalqlarining bo‘ysundirilishiga xayrixoh insonlar yozgan ediki, «o‘sha davr ijtimoiy muhitida Turkistonning zabt etilishi mahalliy xalqlarning aslzodalar jabru zulmidan ozod qilishning yagona mavjud yo‘li edi». Boshqalari ularga jo‘r bo‘lishardi: «Rossiya tarkibiga qo‘shilish Turkiston manfaatlariga xizmat qildi», deb yozardi, qolganlari esa «Turkistonning qudratli va iqtisodiy kuchga ega Rossiyaga qo‘shilishi o‘lkaning sosial-iqtisodiy taraqqiyotini tezlashtirdi» deb keldi. O‘sha davr Rossiya intelligensiyasida Turkistonning istilo etilishiga oid har qanday mavzuga beriladigan baho imperiyaning Osiyo xalqlari madaniyati va rivojiga qo‘shgan hissasini e’tirof etish bilan tugar edi, ya’ni mustamlakachilikning asosiy motivi «sivilizatorlik missiyasi» hisoblanar edi. Masalaning qiziq tomoni shundaki, bugun ham, o‘sha uzoq yillardagi singari, mustamlakachilik tizimining apologetlari mavjud.

Istilo chog‘ida mahalliy aholiga nisbatan uyushtirilgan zulmlarni oqlash maqsadida imperialist va shovinistlar yolg‘on gapirib, asossiz ravishda «Turkiston mustamlakaga aylantirilganidan so‘ng o‘lkada taraqqiyot kuchaydi, Rossiya imperiyasining Turkistonni egallashdan ko‘zlagan maqsadi o‘lkani evolyusiyaning yangi bosqichiga suqish bo‘ldi» singari qarashlarni ilgari surgan. Harbiy tarixchi D.Ya. Fyodorov Rossiya imperiyasi tomonidan Turkistonning zabt etilishi haqida shunday degan edi: «Rus hukmronligi O‘rta Osiyoda ulkan jozibadorlik kasb etdi, negaki unga mahalliy xalqlarga nisbatan insoniy, mehribon munosabat xos bo‘ldi, xalq ommasining qalbidan o‘rin egallab, ular uchun matlub bir hukmronlik bo‘ldi». Turkiston yurishlari ishtirokchisi, tarixchi, general-mayor L.F. Kostenko ham Rossiya imperiyasining rolini quyidagicha baholagan edi: «Shuhratparastlik yoki boshqa g‘arazli hisob-kitoblar Rossiyaning O‘rta Osiyo tomon siljishiga asos bo‘lmadi, faqatgina ushbu o‘lkaga tinchlik olib kirish, uning bunyodkor kuchlariga turtki berish hamda Turkiston mahsulotlarini Rossiyaning Evropa qismiga etkazishning eng qisqa yo‘llarini topish bosh maqsad bo‘ldi» .

Yana bir yolg‘on shundan iborat ediki, Turkistonning istilo etilishiga qadar go‘yoki mahalliy xalqlarda milliy o‘zlik bo‘lmagan emish. Bu, yumshoq qilib aytganda, bo‘hton, ko‘p asrlik yozma tarix va madaniyatga ega xalqni haqorat qilishdan boshqa narsa emas. Axir sir emaski, Turkiston Rossiya imperiyasi bu erlarga kelishidan ancha oldin ko‘p asrlik buyuk madaniyati va san’ati, ilm-fani va adabiyoti, me’morchiligi, etuk olimlari, shoirlari, davlat arboblari va maftunkor shaharlari bilan mashhur edi. Turkiston al-Xorazmiy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Koshg‘ariy, al-Forobiy, al-Farg‘oniy, Ulug‘bek, Navoiy singari etuk madaniyat va fan namoyandalarini jahonga taqdim qildi.

O‘zbekiston mustaqilligi tiklanguniga qadar keng ommalar Markaziy Osiyoning buyuk olimlari va mutafakkirlari jahon tamadduni xazinadoniga o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shgani ma’lum emas edi. Ular umuminsoniy qadriyatlarning yaratilishida qatnashgani, ularning ilmiy kashfiyotlari bugungi kunga qadar barcha mamlakat va qit’alar olimlari tomonidan qo‘llanayotgani oshkor aytilmas edi. Bu faktlar butun madaniyatli jahon ahliga yaxshi ma’lum, ammo Turkiston xalqlarining o‘zligi yuzaga chiqib, kuchayishiga xizmat qiladigan fikr va bilimlari Sovet rejimi yillarida etti parda ortidagi sir o‘laroq saqlanar edi. Buning o‘rniga «Rossiya imperiyasi Turkistonni quldorlik tuzumidan qutqargani» haqidagi «olamshumul ilmiy kashfiyot» tezislari tarix fanini o‘qitish bo‘yicha sovet maktab dasturiga kiritildi. Bosib olingan xalqlarning tarixi haqidagi ushbu tushuncha har qanday mustabid siyosat himoyachilariga xos argumentlardir. Aslida esa mustamlakachilar va ularning tarafdorlari qullikdan ozod qilish o‘rniga mahalliy aholining qulligini rasman hujjatlashtirdi, bu bilan ularning milliy g‘ururini poymol qildi.

Shuhrat Barlos,
tarixchi-publisist

Manba: Hilol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Mustamlaka yoxud istilo-1. Kulgili iddaolar