Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari va Davlat xavfsizlik xizmati vakillari hamkorligida amalga oshirilgan tezkor chora-tadbir davomida jiddiy qonunbuzarlik holati fosh etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “A.D.” xususiy korxonasida menejer lavozimida faoliyat yurituvchi B.Sh. ikki nafar fuqaroni Slovakiyaga ishga yuborish va ular uchun ishchi vizasini rasmiylashtirib berishi mumkinligini va’da qilgan. Shu maqsadda u ulardan 7 ming AQSH dollarini talab qilib, pulni olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tezkor harakat chog‘ida fuqaro B.B. ikki nafar fuqaroni Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborish uchun viza hujjatlarini tayyorlab berishni aytgan. U buning evaziga 2 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritgan paytda dalillar bilan qo‘lga olindi.
Har ikki holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25- va 168-moddalari (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov jarayonlari olib borilmoqda va aybdorlarning qilmishiga qonuniy baho berilishi belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!