Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Tatariston Respublikasidagi «Alabuga» AJ bosh direktori o‘rinbosari Ildar Tazutdinov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston maktab o‘quvchilarini kasbiy yo‘nalishga tayyorlash va ularga amaliy bilim berish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida anglashuv memorandumini imzolashdi. Ushbu hujjat o‘quvchi yoshlarni kasbga tayyorlash va ularning iqtisodiy tafakkurini kengaytirish yo‘nalishida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Yo‘lga qo‘yiladigan dasturga ko‘ra, Surxondaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlaridagi maktab o‘quvchilari “Business Cats” kompyuter iqtisodiy strategiyasi asosida tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. Bu esa yoshlarga kelajakdagi faoliyatlarida zarur bo‘ladigan amaliy ko‘nikmalarni o‘rganish imkonini yaratadi.
Shu tariqa, vazirlik va «Alabuga» tashkiloti hamkorligi o‘quvchilarning nafaqat nazariy bilimlarini, balki zamonaviy iqtisodiy jarayonlarni anglash qobiliyatini ham kuchaytiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!