16:26 / 13.07.2017
8 786

Amira Alibekova hamkasblari bilan munosabati va buxorolik boyning "arzandasi" ekanligi haqida

Amira Alibekova hamkasblari bilan munosabati va buxorolik boyning "arzandasi" ekanligi haqida
«Najotimsan», «Qani-qani», «Ikki sohillar», «Umr o‘taveradi», «Uzoqdagi yaqinim» kabi taronalari bilan o‘z muxlislarini topib ulgurgan xonanda Amira Alibekova nishondagi savollardan cho‘chimadi. Shu bahona u haqidagi ayrim faktlarga ham oydinlik kiritdik.

— Bundan besh yil avval «Sensiz» nomli tarona bilan san’at olamiga kirib kelgan Amira Alibekovaga ijodiy tanaffus nima uchun kerak bo‘ldi?
— Chindan ham bu mening debyut taronam. Aynan shu qo‘shiq bilan san’at olamiga kirib keldim, biroq prodyusserlik markazi bilan shartnomamiz amalda bo‘lgan vaqt tanaffus qilganim yo‘q. Shartnoma muddatining to‘rtinchi yiliga kelib, ozroq sustkashlik boshlandi, ya’niki tanaffus qildim. Shartnoma bekor bo‘lgach, prodyusserlik markazi bilan hamkorlikka nuqta qo‘yildi.

— Prodyusserlik markazi bilan o‘rtangizda nizo kelib chiqishida kimning qo‘li bor?
— Rostini aytsam, bilmayman. Hamkorlik qilib kelgan prodyusser bilan o‘rtamizda kelishmovchilik kelib chiqdi, ammo bunda kimning qo‘li bor, bunisi menga qorong‘u. Balki men bilmaydigan boshqa sabablar ham bordir, yana kim biladi, deysiz. Nima bo‘lganida ham hammasi yaxshilikka! So‘zim chin!

— Siz aytayotgan o‘sha nizo shartnoma muddatining tugashida taxallusingizning olib qo‘yilishi sabab kelib chiqdi. Nega haqiqiy ismingiz bilan ijod qilishni istamadingiz? Yo hamma gap prinsipdami?
— Yo‘q, bu prinsip emas. Haqiqiy ismim Adelya, bilasiz. Shu nom bilan ham ijodimni davom ettirishim mumkin edi va ishoning, bu men uchun hech qanday «minus» bo‘lmasdi. Biroq prodyusserlik markazi bilan besh yillik shartnoma tuzayotganimizda kelishganmiz, aytilgan muddat davomida barcha shartlarni bajarsam, qo‘shiqlarim va taxallusim o‘zimda qoladi, degan mazmunda. Men va’dasining ustidan chiqadigan insonlarni hurmat qilaman, o‘zim ham shundayman! Shartnoma muddati tugagach, kelishuvning unut bo‘ganiga achchig‘im keldi. Menga berilgan va’dani bajarishlarini talab qildim, xolos. Menimcha, bu adolatdan! Taxallusimni qaytarib olib, yana ijod qilayapman. Umuman olganda, bo‘lib o‘tgan voqealarni esga olishning keragi yo‘q, o‘tgani o‘tib ketdi. Endi faqat oldinga!

— Bu haqida gapirishni istamayapsiz-u, shunday bo‘lsa ham bo‘lib o‘tgan voqealarni piar deganlar ham bo‘ldi, Amira?
— Bu shunchaki mish-mish! Atay uyushtiriladigan yoxud janjal to‘palonli piarlar, meniki emas! Men tinchlik tarafdoriman(kuladi).

— Shou-biznesda biror san’atkor bilan bog‘liq nizoli voqealar tez tarqaladi. «Och qornim — tinch qulog‘im» degan ayrim hamkasblaringiz, prodyusserlik markazlari sekingina o‘zini chetga olib qochishi mumkin. Ijodiy hamkorlik masalasi muammo bo‘lmayaptimi endi?
— Hamkasblarim bilan munosabatlarimiz yaxshi. San’atkorlar orasida ijodini hurmat qilganlarim ko‘p. Qolaversa, voqeaning ro‘yi-rost tafsilotini bilgan va menga ishongan shou-biznesdagi do‘stlarim oxirigacha qo‘llab-quvvatlab turishdi. Bilsangiz, bu juda katta yordam. To‘g‘ri, ayrimlari hayotimdan chiqib ketishdi, aniqrog‘i, buni o‘zim istadim. Nima bo‘lganda ham yaxshilikka bari.

— Sutdan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, bundan keyin shartnoma imzolashda ehtiyotroq bo‘lasiz chog‘i?
— Xatolarimiz bizni ulg‘aytiradi, o‘z ustimizda ishlashga, tafakkurimizning kengayishiga xizmat qiladi. Bir tarafdan xatolardan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Negaki, bu juda katta saboq va tajriba-da! Nima bo‘lganidan qat’iy nazar hech biriga achinmayman!

— Mayli, ortda qolganini eslamaylik, xo‘sh, endigi rejalar qanday? Hoynaxoy, yangiliklar ko‘p bo‘lsa kerak?..
— Muxlislarim uchun atalgan sovg‘alar ko‘p. Yaqinda «Uzoqdagi yaqinim» nomli yangi qo‘shiq yozdik, tez kunlarda premera qilinishi rejalashtirilgan. Klip suratga olish haqida o‘ylayapmiz. Xullas, qizg‘in ijod buyog‘iga!

— Amira Alibekova buxorolik boyning arzandasi degan gaplar rostmi?
— Yo‘g‘-a, bu mish-mish, xolos.

— Mayli, ishondim. Repertuaringiz u qadar katta emas, bu qo‘shiq borasida injiqligingizdan darakmi?

— Ijodiy jarayonda injiq emasman, nazarimda. Ammo klip suratga olish vaqti qaysarligim bor. Biror nimani yoqtirishim qiyin. Qo‘shiqqa kelsak, u avvalo ruhiyatim bilan uyg‘unlashishi lozim. Matni bilan tanishgach, uni o‘zimdan o‘tkazaman, yuragim «jiz» etsa, demak, u meniki!

— Shou-biznesda g‘irromlikka duch kelsangiz ham, baribir shu yo‘ldasiz. Nima sizni ushlab turibdi?
— Ishonch! O‘zimga nisbatan ishonchimning balandligi bois tanlagan yo‘limdan voz kechmadim. Fikrimcha, har bir inson ayni shunday yashashi kerak. Bu qiyin bilaman, lekin taslim bo‘lish muammoni hal etish degani emas. Orzungiz bormi, uning sari dadil odimlayvering, oldinga maqsad qo‘ydingizmi, chalg‘imang, etishasiz.

— «O‘zbekKonsert»ning so‘nggi yig‘ilishida xonanda ayollarning tashqi ko‘rinishi, xususan, ko‘z-qoshni torttirish, labni shishirish kabilar tanqid qilindi. Siz bunga nima deysiz?
— Zamonaviylik tarafdori bo‘lgan ko‘p qiz-ayollar plastik jarrohlik amaliyotlariga murojaat qilishayapti. Bu naqafat shou-biznes vakilalari, balki uy bekalari orasida ham kuzatilayotgan holat. Tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish har kimning o‘z tanlovi, bu borada hech kimga e’tirozim yo‘q. Shaxsan o‘zim esa sun’iy go‘zallikka qarshiman. Tez orada ko‘z qovoqlarni torttirish, labni shishirish urfdan qoladi. Xo‘sh, keyin-chi, tig‘ tekkan go‘zallikni asliga qaytarish mumkin bo‘larmikan? Menimcha, «O‘zbekKonsert» yig‘ilishida aytilgan gaplarda jon bor!

— Amira, o‘zbek tilida ravon so‘zlashishga qiynalayapsiz, qo‘shiq kuylaganda ma’nosini tushunish muammo bo‘lmaydimi?
— Talaffuzim ustida ishlayapman, o‘zbek tilidagi so‘zlarni tez-tez takrorlab turaman. Mashq qilaman. Qo‘shiq kuylayotganda esa sira ham qiynalmayman. Chunki san’atning aniq bir «tili» yo‘q, agar yurakdan kuylasangiz. Bu jarayonni so‘z bilan tushuntirish mushkul, taronani ich-ichimdan his qilaman, talaffuzi esa o‘z-o‘zidan yuzaga keladi.

— Siz o‘zingizni san’atning qaysi pog‘onasida ko‘rayapsiz?

— Bu yil hammasini yangitdan boshladim. Yangi uyga ko‘chib o‘tdim, hammasi iziga tushayapti. Yuqoriga qarasam, juda ko‘p qavatlar ko‘rinadi, nasib qilsa, men ularga ko‘tarilaman. Savolingizga aniq javobim yo‘q, hammasi oldinda hali!

— Vokal mashg‘ulotlariga qay darajada ahamiyatlisiz?
— Hech bir mashg‘ulotni o‘tkazib yubormaslikka harakat qilaman. Vokal mashg‘ulotlari g‘oyat muhim. Mabodo, biror uzrli sabab bilan darsga bora olmay qolsam, uyda mashq qilaman. Hamisha ovozimni sozlab turaman.

— Aytishlaricha, ot sport turiga qiziqar ekansiz?...
— Ha! Otlar juda sezgir va mehribon jonivor. Ko‘pdan beri otda sayr qilmadim, qo‘lim tegmayapti. Imkonini topib, ot sporti mashg‘ulotlarini tiklashim kerak. Bir sirni ochaymi, o‘zimning tulporim bo‘lishini orzu qilaman.

— Ajabmas, u amalga oshsa! Maroqli suhbat uchun rahmat!

— Sizga ham tashakkur!

Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.


Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Amira Alibekova hamkasblari bilan munosabati va buxorolik boyning "arzandasi" ekanligi haqida