08:50 / 04.03.2018
8 944

Aziz Rametov: “Arslon izidan” juda qimmatga tushdi

Aziz Rametov: “Arslon izidan” juda qimmatga tushdi
San’atni qayiqqa qiyoslaydigan bo‘lsak, Aziz Rametov uning ikki-uch eshkagini baravar boshqarayotgan ijodkor sanaladi. Shirali ovozi bor, juda ko‘p rollari bilan muxlislar orttirdi, rejissyorlik ishiga ham qo‘l urdi.

Ijodkorning ruhiy olami bilan tanishish, uni yaqindan o‘rganish maqsadida Aziz bilan suhbatlashdik. Rosti, cuhbat davomida u qahramonlaridan keskin farq qiluvchi, mulohazali va ta’sirchan inson ekanligiga amin bo‘ldik.

— Ijodkorlar oilasida dunyoga kelgan bo‘lsangiz ham, bolalikda harbiy litseyda tahsil olgan ekansiz. Harbiy bo‘lish orzuingizmidi yoki ota-onangizning tanlovi?
— Shu kungacha “Qachondan buyon san’atga qiziqaman?” degan savolga javob topolmayman. Chunki onamning qornidaligimdanoq spektakllarda ishtirok etganman, homilaning to‘qqizinchi oyida onam bilan xalqaro teatr festivalida g‘olib bo‘lganman (kulib). Bolalagimdan Glier nomidagi musiqa maktabida o‘qib, violonchel bo‘yicha saboq oldim.

Mardlik va qat’iyat er kishiga suv va havodek zarurligi bois, ota-onam meni harbiy litseyda o‘qishimni istashdi. Bu tanlov menga ham ma’qul bo‘ldi. Sho‘xliklar yo‘qolib, harbiylar hayotiga moslashishga urindim. Ammo kasb tanlashda insonning fe’l-atvori ham muhim ahamiyatga ega ekan. Qat’iyatli edim-u, ammo bir ilhom kelsa, qo‘shiq yoki latifa aytib, olqish olmaguncha qo‘ymasdim. Bir kuni litsey direktori, rahmatli Sobir aka ota-onamni oldilariga chaqirib: “O‘g‘lingizning bo‘y-basti harbiylikka mos bo‘lsa-da, buning qonida san’at jo‘sh uryapti. Iste’dodini yuzaga chiqarish kerak. Harbiy bo‘lsa-da, baribir hayotini san’atsiz tasavvur etolmaydi”, — degan edi.

Men hayotimni harbiy soha bilan bog‘lamagan bo‘lsam-da, baribir unga qiziqaman. Direktorimiz o‘shanda “Agar rejissyor bo‘lsang, albatta, harbiylar haqida kino olgin”, — deya ma’noli kulib qo‘ygandi. Qarangki, oradan ancha yillar o‘tib, bu tilak amalga oshdi va ilk filmim — “Arslon izidan” yaratildi.

— Ko‘pchilikning fikricha, Aziz Rametov xalq orasida oson tanildi…
— Bu qaysi tomondan yondashib javob izlashingizga bog‘liq. Osonligi shundaki, bolalikdan san’at ichida pishganim bois, tomoshabinga nima yoqish, nima yoqmasligini bilardim. Qiyin tomoni esa ko‘pchilik o‘ylagandek, ota-onam qo‘limdan yetaklab studiyaga olib kirmagan yoki rejissyorlar bilan gaplashib, bosh rollarni olib bermagan. Onam mehribon bo‘lsa-da, ijodimga nisbatan ancha qattiqqo‘l inson.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘qib yurgan kezlarim tez-tez kinoteatrga borar, kastinglarda ishtirok etib yurardim. Bir kuni Alisher Navoiy nomidagi kinoteatrga borsam, yo‘lakda mashhur rejissyor Qamara Kamolovani uchratib qoldim. Salom berganimdan keyin u kishi menga tikilib turib, bir nechta savol berdi. Ayniqsa, “Kinoda o‘ynashni xohlaysanmi?” degan savoli meni esankiratib qo‘ydi. Hatto tilim kalimaga kelmay, tinmay bosh chayqadim. “O‘zbekcha Romeo va Julyetta haqida film suratga olyapmiz. Unda aktrisa Saida Rametova onang rolini o‘ynaydi. Syomka oldidan tayyorgarlik ko‘rmasang bo‘lmaydi, Saida ancha tajribali, talabchan aktrisa” deb, telefon raqamini berdi. Bu haqda hech kimga aytmadim va onam bilan suratga olish maydonchasida uchrashdim. Onam “Tinchlikmi? Nega kelding?” — deb meni so‘roqqa tutayotgan chog‘ida Qamara opa kelib: “Saida, u sizning o‘g‘lingiz rolini o‘ynaydi. Tajribasiz, yordamingizni ayamassiz”, — dedi. Sir ochilgach, onam kulib, meni mahkam bag‘riga bosgandi.

— Aziz Rametov xonandalik, aktyorlik va rejissyorlik sohasiga ham qo‘l urdi. Bu yo‘nalishlarni san’at birlashtirib tursa-da, ammo har birining mashaqqati, uslubi alohida. Ularning qay biri sizga yaqinroq?
— Asli professional estrada xonandasiman. Ammo ba’zi tasodif va ota-onamning faoliyati sabab, ko‘pchilik meni aktyor deb biladi.

Estrada sirk kollejida o‘qib yurganimda yaqin kursdoshim: “Bugun kinosinovga men bilan borolmaysanmi?” dedi. Unga shunchaki hamroh bo‘lib, mahoratli dramaturg Rixsivoy Muhammadjonov suratga olayotgan “Qaydasan, muhabbat?” filmining kastingiga bordik. Xonada Rixsivoy aka o‘tirib, piyoladagi choyni simirib, ishtirokchilarni kuzatib o‘tirgan ekan. Kursdoshimning navbati kelganda, Rixsivoy aka: “Sevganmisan?” deb savol berdi. Kursdoshim buni shunchaki suhbat deb o‘yladi chog‘i, “Yo‘g‘-ey, nimalar deyapsiz…” deb javob berib qo‘yaqoldi. Uning ko‘zlari kamerani izlar va uning qarshisida sinov topshirishni xohlardi. Shu onda onamning “Rejissyorga kameraning keragi yo‘q, u kimning nimaga qodirligini gap-so‘zi va nigohidan ham anglaydi” degan so‘zlari yodimga tushdi. “Men sevganman!” deb otilib chiqdim va mashhur hind filmidagi monologni o‘qidim. Ta’sirchan ijodkor bir nuqtaga tikilgancha meni tingladi va beixtiyor ko‘ziga yosh oldi.

“Sen sinovdan o‘tding! Ertaga suratlaringni olib kel!” — dedi so‘ng va boshqa ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Kursdoshimning taklifi sabab, xususiy filmlardagi ilk rolim yaraldi. Aytmoqchimanki, menda hech qachon aktyor bo‘lish xohishi bo‘lmagan. Kutilmagan omad va keti uzilmay qolgan takliflar sabab, aktyorlik asosiy faoliyatimga aylanib qoldi. Ammo 6-7 yil oldin rollarim sabab, tomoshabinlar noto‘g‘ri xayollarga borishayotgani, dilni xira qiladigan mish-mishlar tarqalayotganini payqadim. Tasavvur qiling, to‘yda xursand bo‘lib qo‘shiq kuylasangiz-u, davradagi ayollarning biri sizni giyohvand, biri xotinboz, boshqasi esa figibgar ekanligingiz haqida yonidagi hamrohi bilan suhbatlashsa… “O‘tov” filmi aktyor sifatida ochilmagan qirralarimni ochdi, ammo ba’zi ishonuvchan tomoshabinlar bu shunchaki rol ekanligini tushunishmadi.

Inson jismonan qanchalik kuchli bo‘lmasin, ruhiyatiga tekkan bir og‘iz so‘z qaddini bukib qo‘ya oladi. Men buni juda chuqur angladim. Ammo “O‘tov”dagi ijroimdan hech qachon afsuslanmayman. Tomoshabinlarning hech bo‘lmasa, 50 foizi filmni ko‘rib, qahramon hayotidan o‘rnak olgan bo‘lsa, demak, biz o‘z maqsadimizga yetdik.

— Besh yil davomida suratga olingan “Arslon izidan” filmidan ko‘nglingiz to‘ldimi?
— Bilasizmi, men bejiz rejissyorlikka qo‘l urmadim. O‘zimni kashf qilish, aslida qanday inson ekanligimni ko‘rsatib berishni maqsad qilgandim. Film g‘oyasini O‘zbekiston xalq artisti Iqbol Mirzo bilan birga yaratdik. Filmda katta jamoa mehnat qildi. Besh yillik mehnat uchun shu kungacha to‘plagan gonararlarim va eng sevimli uchta mashinamni tikdim. Chunki bu filmdan mablag‘ olishni emas, o‘zbek kinosiga yangilik kiritishni niyat qilgandim. O‘zim xohlagandek film yaraldi, ammo uning mohiyatini hamma ham tushunolmadi. Oddiy tomoshabin-ku, tushunmasa alam qilmasdi, ammo shu sohaning mutaxassislari film mohiyatini anglashmagani odamga alam qildi. Tan olaman, film murakkab, bir muddat chalg‘isangiz, uni tushunmay qolasiz. Blokbaster — jangari sahnalarga boy, kompyuter grafikasidan ham yetarlicha foydalanilgan. Ammo niyatim ur-yiqitni ko‘rsatib, yoshlar ongini zaharlash emas, harbiylar misolida yoshlarni bu sohaga qiziqtirish va Vatan tuyg‘usini singdirish edi. Yoshman, atrofdagilarning ham nimaga qiziqayotganini yaxshi bilaman. Agar Vatan mavzusida hujjatli film uslubida biror kino suratga olsam, uning tomoshabinlari sanoqli bo‘lardi. Yoki yoshlarga uni majburlab tomosha qildirardim.

Garchi topgan mablag‘imiz sarflangan pulning o‘rnini qoplamagan bo‘lsa-da, film 2017 yilning eng tomoshabop filmi bo‘ldi. Uni ziyolidan tortib, ko‘cha bezorisigacha bo‘lgan darajadagi tomoshabin ko‘rdi. Qo‘polroq bo‘lsa-da aytaman, men “qarmoq”ni odatdagidek emas, bir oz ayyorona yo‘l bilan baliqqa tashladim. Qarmoq, unga ilingan ozuqa ham o‘sha, faqat usul o‘zgargan xolos.

— Film yaratilishining mashaqqatini qachon his qildingiz?
— Toshkent viloyatining “Nazarbek” hududida jangari sahnalarni suratga olishimiz kerak edi. Rolga kirishib ketdik, baqir-chaqir, grim, qo‘lda qurol… Buni noto‘g‘ri tushunishdi va aybsizligimiz isbotlanguncha 15 sutka qamoqda o‘tirishimizga to‘g‘ri keldi. O‘sha damda nafaqat o‘zim, balki 20 kishidan ortiq ijodiy guruh a’zolarini qiynab qo‘yganimni tushundim.

— Bunday qiyinchiliklardan so‘ng rejissyorlik faoliyatingizni davom ettirasizmi?
— Hozircha bunga tayyor emasman. Keyingi film uchun mifologiyaning tarbiyaviy jihatlarini asos qilib olish niyatim bor.

— “Aziz Rametov kinoda kam o‘ynaydi. Keyingi paytlarda qo‘shiq ham aytmay qo‘ydi” degan gaplarga munosabatingiz qanday?
— Kinoda kam o‘ynayapman, ko‘pgina rollardan o‘zimni cheklayapman. Buning sababini yuqorida aytib o‘tdim. Oxirgi besh yil ichida esa ellikka yaqin qo‘shiqlar ijro etdim. Ularning 12tasini saralab, albom yaratdim. Bitta mahzun qo‘shiqqa klip suratga oldim. Kichik sirimni ochsam, men xonanda, aktyorlikdan tashqari, klipmeykerlik va montajchilik bilan ham shug‘ullanaman. Bir qancha xonanda do‘stlarimning klipini suratga olganman. Onam aytganidek, pulni tejash uchun montajchilikni ham o‘rgandim (kulib).

— Ota-onangizning oiladagi va ijoddagi qaysi ishlari sizga o‘rnag-u, qay birini takrorlashni istamaysiz?
— (o‘ylanib) O‘rnak bo‘ladigan jihatlari bisyor. Balki kamchiliklari ham bordir. Ammo ularning hech biri menga sezilmaydi.

— Oilangizda qiz farzandlar yo‘q. Uy tozalash yoki ovqat pishirish hech sizning chekingizga tushganmi?
— Qiz yo‘qligi va kenja farzand bo‘lgani uchun Aziz hamisha dastyor bo‘lgan. Ota-onamga yordam berish uchun akam ikkimiz ovqat pishirgan, kir yuvib, uy tozalagan kunlarimiz ko‘p bo‘lgan. Hozir ham shunday. Kelinoyim choy bersin yoki onam ko‘ylagimni dazmollasin, deb kutib o‘tirmayman. “O‘z-o‘ziga xizmat” tushunchasi saqlanib qolgan.
Nargiza MURODOVA suhbatlashdi.

Manba: Tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Aziz Rametov: “Arslon izidan” juda qimmatga tushdi