08:32 / 08.04.2018
7 412

Amir Temur tug‘ilganida... o‘zga sayyoraliklar kelganmi?

Amir Temur tug‘ilganida... o‘zga sayyoraliklar kelganmi?
Fotokollaj: «Xabar.uz»
«XXI asr» gazetasida «Amir Temur tug‘ilganida... o‘zga sayyoraliklar kelganmi?» nomli qiziqarli maqola e’lon qilindi. Muallif — Farrux Jabborov tarixiy manbalar yordamida ulug‘ bobomizning tug‘ilishi bilan bog‘liq afsona va rivoyatlarning nechog‘li haqiqatga mos ekanini aniqlashga urinadi. O‘ylaymizki, muallifning kichik tadqiqoti Sizni ham befarq qoldirmaydi.

Buyuk insonlar tug‘ilgan payti g‘ayrioddiy voqealar sodir bo‘lgani haqida ma’lumotlar ko‘p. Biriga ishonib, biriga ishonging kelmaydi. Tarixiy faktmi yoki keyinchalik to‘qib-bichilganmi— aniqlash mushkul.

Har sakkiz yuz yilda Sohibqiron dunyoga kelishi to‘g‘risidagi ishonch azaldan keng tarqalgan. Amir Temur uchinchi va hozircha oxirgi Sohibqiron deb bilinadi. Bu ulug‘ bobomizning tug‘ilishi bilan bog‘liq afsona va rivoyatlarni ko‘p eshitganmiz, ko‘p o‘qiganmiz. Jahon tojdorining kichik zamondoshi Ibn Arabshoh yozib qoldirgan ma’lumotlar ham qiziqarli.

Ibn Arabshoh (1389–1450) o‘n ikki yasharligida Amir Temur farmoniga binoan Damashqdan qarindoshlari, ilmu hunar ahli bilan birga Samarqandga olib kelingan. Jahon poytaxtida yetti yil yashab, tahsil ko‘rgan. Uning «Ajoyib-ul maqdur fi tarixi Taymur» («Amir Temur tarixida taqdir ajoyibotlari») asari o‘sha davrdagi saroy tarixchilari kitoblaridan ajralib turadi. Olimlar Ibn Arabshohni matnda badiiy bezakka berilib ketish, shaxsiy adovatini aralashtirib yuborish— xolislikka qat’iy rioya qilmaslikda ham ayblaydi.

«Ajoyib-ul maqdur»da g‘aroyib hodisadan so‘z ochiladi: «Hikoya qiladilarki, (Temur) tug‘ilgan kechasi havoda qandaydir uchib yurgan temir qalpoqchaga o‘xshash bir narsa paydo bo‘lgan. Keyin u keng bo‘shliqqa tarqalib, yer yuziga yoyilib ketgan emish. Undagi cho‘g‘ va uchqunga o‘xshash narsalar har tomonga sachragan va o‘yilib, hatto o‘troq va badaviy joylarni ham to‘ldirib yuborgan emish (Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi. Toshkent: «Mehnat», 1992 yil. 68-bet).

«...kechasi havoda qandaydir uchib yurgan temir qalpoqchaga o‘xshash bir narsa» daf’atan uchar likopchalar haqidagi gaplarni yodga soladi. Yerdan tashqarida ham hayot borligiga, gohi-gohida o‘zga sayyoraliklar mehmonimiz bo‘lib turishiga ishonish va ishonmaslik qadimdan uch-quyruqsiz bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Qadimgi Misr manbalarida «quyoshdan ham porloq olov halqalar» kuzatilgani, keyin samoga ko‘tarilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgani yozib qoldirilgan. Tarixdan bunaqa misollar bisyor.

Alqissa, Amir Temurning tug‘ilishi va «uchar temir qalpoqcha» tegrasida ham istagancha bahslashish mumkin. Endi bu yog‘i o‘zingizga havola. Mavlono Lutfiyning mashhur «...xoh inon, xoh inonma...» misrasini xirgoyi qili-ib, ushbu maqolachadan ilgari surilgan faraz haqida kimlarga nima deyishni, gapni qanday boshlab, qanday tugatishni obdon o‘ylavoling J.
Farrux Jabborov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Amir Temur tug‘ilganida... o‘zga sayyoraliklar kelganmi?