23:03 / 13.05.2018
10 485

25 million nusxada sotilgan «Muvaffaqiyatli odamlarning 7 odati» kitobidagi g‘oyalarning Qur’ondagi ifodasi

25 million nusxada sotilgan «Muvaffaqiyatli odamlarning 7 odati» kitobidagi g‘oyalarning Qur’ondagi ifodasi
Yaqinda mendan bir do‘stim savol so‘rab qoldi: “Agar Qur’on mukammal kitob bo‘lsa, nega unda xuddi 30 yil oldin yozilganlarga o‘xshagan umrni qanday o‘tkazish haqida qoidalar yo‘q?”

Men javob berdim, “Birinchidan, sen aytayotgan qoidalar faqatgina bir insonning ijod mahsuli, uni boshqa yozuvchilar 5 ta yoki 9 ta qilishi, u qoidalarga biror narsani qo‘shimcha qilishi yoki butunlay o‘zgartirib yuborishi ham mumkin. Sen aytayotgan u qoidalar butunlay mutlaq emas. Hattoki o‘sha qoidaning muallifi (Stiven Koviy) ham keyinchalik sakkizinchi qoidani qo‘shishi yoki undan keyin kelgan yozuvchilar xuddi shunga o‘xshash boshqa foydali odatlar tartibini tuzib chiqishlari mumkin.

Ikkinchidan, o‘sha mashhur yetti qoida aslida Qur’onda mavjud va bu kitob bizga o‘sha yetti qoidadan ko‘ra ko‘prog‘ini ta’lim beradi. Bizga juda ham Mehribon va barcha narsaning eng yaxshisini bilguvchi Allohning (O‘z kitobida) bizga shunday foydali odatlarni o‘rgatmasligi ham mumkin emas. Qur’onning ba’zi oyatlari o‘sha yetti hayotiy qoidaga ishora qiladi va bizlarni quyidagicha yashashga buyuradi:

1. Atrofingizni isloh qiling

Muvaffaqiyatli insonlar hayotlaridagi o‘zgarish va rivojlanishni tashqi omillarga qarshilik bildirishdan ko‘ra o‘zlarining qudratida bo‘lgan narsalarga ta’sir etish orqali amalga oshiradilar. Bu dunyodagi o‘zgarish ichkaridan boshlanadi.

Bu haqida Alloh shunday deydi: "Uning oldida ham, ortida ham, taqib qilguvchilar bor. Ular uni Allohning amri ila hifz qilib tururlar. Albatta to bir qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Alloh ularning holini o‘zgartirmas. Agar Alloh biror qavmga yomonlikni iroda qilsa, bas, uni qaytarib bo‘lmaydi va ular uchun undan o‘zga valiy ham yo‘q" ("Ra’ad" surasi, 11-oyat).

2. Oqibatdagi natija haqida fikr qiling

Boshlayotgan har bir ishingizdan oldin undan ko‘zlangan asosiy maqsadni aniqlashtirib oling. Alloh bizlarga bir nechta o‘rinlarda Qiyomat kuni haqida eslatadi va har bir qilayotgan ishimizda u kunni yodda tutib, shunga muvofiq ish qilishga buyuradi. U Zot aytadi: "Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar! Har kim ertalik kun uchun nima qilganiga nazar solsin. Allohga taqvo qilinglar! Albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir" ("Xashr" surasi, 18-oyat).

3. Asosiy ishlarni muqaddam qo‘ying

Biz hayotda nimani asosiy ish deb bilganimiz haqida so‘ralamiz. Xuddi do‘zaxiylar o‘limlaridan oldin iymon keltirishga va yaxshi amallar qilishga kech qolganlariday biror ishni biror ishdan oldin bajarishni tanlashda xatoga yo‘l qo‘yish ham bizlarni jahannam egalaridan bo‘lishimizga sabab bo‘lishi mumkin.

Alloh taolo aytadi: "Har bir jon – nimani taqdim qildiyu, nimani taxir qildi – biladir" ("Infitor" surasi, 5-oyat).

4. Boshqalarni ham o‘ylash

Boshqalarning tuyg‘ulariga hurmatli bo‘ling. Boshqalarga aziyat beradigan joyda ham o‘z manfaatingizni o‘ylamang. Hattoki bizlarga yomonlik qilganlarga ham yaxshilik bilan javob qaytarishimiz yakunda barchamiz uchun yaxshi bo‘ladi va bizlar ular bilan dushman emas aksincha do‘stlarga aylanamiz.

Alloh taolo aytadi: "Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Sen yaxshilik bo‘lgan narsa ila daf qil. Ko‘ribsanki, sen bilan orasida adovati bor kimsa, xuddi sodiq do‘stdek bo‘lur" ("Fussilat" surasi, 34-oyat).

5. Birinchi tushunishga harakat qil, tushunilishga emas

Islom dinida boshqalar suhbatlashayotganda toki ular o‘zlari tugatmagunlaricha suhbatlarini bo‘lib bo‘lmaydi. Sen ham Allohning va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalarini avvali yaxshilab tinglashing, keyin uni tushunishga harakat qilishing va o‘rganishing, undan keyingina amal qilishing kerak. Shunda Alloh taolo seni O‘z rahmatiga oladi.

Alloh taolo aytadi: "Yahudiy bo‘lganlardan kalimalarni o‘z joyidan buzib o‘zgartiruvchilar bor. Ular tillarini burib va dinga tana yetkazib “Eshitdik va isyon qildik, eshit, eshitmay qolgur va “Roina” derlar. Agar ular eshitdik va itoat etdik, eshit va bizga nazar sol, deganlarida, albatta o‘zlariga yaxshi va to‘g‘ri bo‘lar edi. Lekin Alloh ularni kufrlari sababli la’natladi. Bas, ozginalaridan boshqalari iymon keltirmaslar" ("Niso" surasi, 46-oyat).

6. Birodarlik

O‘zaro ishonch va tushunish orqali birov turli xil tortishuvlarni hal qilishi va har ikkala tomonga ham foydaliroq bo‘lgan yechim topishi mumkin. Alloh bu nuqtaga Qur’onning bir necha joylarida e’tibor qaratadi.

U Zot aytadi: "Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang. Allohga taqvo qiling. Albatta Alloh iqobi shiddatli zotdir" ("Moida", 2-oyat).

7. Zehningizni charxlang

Alloh taolo Qur’onda bizdan ilmni ko‘paytirishdan boshqa narsani ziyoda qilishni so‘rashga buyurmagan. Musulmonlar doimiy ravishda ilm talabida bo‘lishlari kerak. Alloh taolo aytadi: "...va aytgin "Robbim, ilmimni ziyoda qilgin" ("Toha" surasi, 114-oyat).

Alloh barchamizga yuqorida ta’riflanganday muvaffaqiyatli banda bo‘lishimizni nasib etsin.
Doniyorbek Karimov tayyorladi (oyatlar tarjimasida “Tafsiri Hilol”dan foydalanildi)

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » 25 million nusxada sotilgan «Muvaffaqiyatli odamlarning 7 odati» kitobidagi g‘oyalarning Qur’ondagi ifodasi