23:43 / 28.05.2018
24 512

Hojiboy Tojiboyevning qizi Intizor bilan suhbat

Hojiboy Tojiboyevning qizi Intizor bilan suhbat
Surat oila fotoarxividan olingan.
Hojiboy Tojiboyevning so‘nggi kunlari, farzandlari va ayoli haqida...

Hojiboy Tojiboyev – samimiy va beg‘araz kulgi ustasi edi. U ijtimoiy hayotdagi kamchiliklarni hazil-mutoyibag‘a burib aytardiki, uning qochirimlari kamchiliklarimizni oynadek ko‘rsatardi.

Afsuski, hayot qonunlari oldida bizning xohishlarimiz ojiz. Kerakli insonni yo‘qotayotganda, ko‘z yosh to‘kib xayrlashishdan o‘zga ilojimiz yo‘q. Marhum ijodkor Hojiboy Tojiboyev olamni erta tark etdi. U ham mehnatlarining samarasini ko‘rishga, qizlarini uzatib, bobo bo‘lishga haqli edi...

Hojiboy Tojiboyev haqida maqola tayyorlash maqsadida uning oilasi bilan bog‘landik. Bir qancha qo‘ng‘iroqdan so‘ng marhumning farzandi Intizor Tojiboyeva bizni mo‘’jazgina xonadonga taklif etdi.

Hojiboy Tojiboyev 1955 yili Tojikistonning Xo‘jand viloyatidagi Yangiqishloq qishlog‘ida dunyoga kelgan. Otasi Shomurod va onasi Shahriniso to‘ng‘ich farzandlariga Hojimurod deb ism qo‘yishgan. Hojimurod Tojiboyev 1973 yili Toshkent teatr va rassomchilik institutining «Dramatik teatr va kino aktyorligi» bo‘limiga o‘qishga kiradi. 1977 yili institutni a’lo baholar bilan tamomlab, Andijon davlat filarmoniyasiga ishga kiradi. Aktyor 1990 yili bir aktyor teatri shaklidagi tomoshalarni ko‘rsata boshlaydi. Uning repertuari asosan yumoristik va satirik yo‘nalishdagi monologlardan iborat edi. U «Kulgi-1990» ko‘rik tanlovida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Shu yildan boshlab Hojiboy taxallusi bilan konsert va tadbirlarda ishtirok eta boshlaydi. «O‘zbekning o‘zi qiziq, o‘zidan so‘zi», «Kulgining 97 xili», «Yangisidan bor» kabi konsert dasturlari shular jumlasidandir. Uning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib baholanib, 1998 yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» unvoni bilan taqdirlanadi. Shu yili Tojikiston hukumati ham xuddi shunday unvon bilan siylaydi.

— Intizor, otangiz boshqa qiziqchilardan farqli o‘laroq yakka tarzda ijod qilardi. Konsert davomida muxlislar nigohini o‘zida ushlab qolish nihoyatda qiyin. U konsertga tayyorgarlik ko‘rayotganda nimalarga e’tibor berardi?
— Otam juda murakkab san’at turini tanlagan edi. Haqiqatan ikki soat mobaynida odamlarni tanaffussiz kuldirish, hech qanday sahna bezagi, kuy-qo‘shiqsiz e’tiborni ushlay bilish nihoyatda qiyin. Otam konsertlarining ssenariysini o‘zi yozardi. Esimda, otam kostyumining ichki cho‘ntagida doimo yondaftarini olib yurardi. To‘yda yoki konsertlarda odamlardan biror qiziqroq gap eshitsa, chetroqqa o‘tib, daftariga yozib qo‘yadigan odati bor edi.

— Hamkasblaridan biri «Hojiboy aka sahnadagina qiziqchi edi, hayotda jiddiy inson edi» degandi.
— To‘g‘ri, huda-behudaga kuladigan, har yerda ham latifa aytib odamlarni kuldiradigan inson emasdi. Otam rahmatli kitob o‘qishni yaxshi ko‘rardi. Uyimizda katta kutubxona bor, otam uni yangi chiqqan kitoblar bilan boyitib turardi. Kechasi xizmatlardan qaytgach, xonasidagi kursiga o‘tirib, kitob o‘qishni yoqtirardi. Bolaligidan rasm chizishga ham qiziqqani uchun barchamizni stol atrofiga o‘tqazib, istagan rasmimizni chizib berardi. Sportga qiziqqani bois bizni ham biror sport mashg‘ulotiga olib borardi. Birimiz tennis, boshqamiz suzish va boks bilan shug‘ullanishimizga imkoniyat yaratib bergandi.

— Otangizning o‘limi mish-mishlar bilan qorishib ketdi. Hayotlik chog‘ida sog‘lig‘idan shikoyat qilganmidi?
— Otam rahmatli jigar xastaligi bilan roppa-rosa olti yil kurashdi. Bormagan tabibi-yu shifokori qolmadi. Hatto xorij klinikalarida ham davolandi. Ammo muolajalar kutilgan samarani bermadi. Oyoqlari va qorni shishib, rangi ham so‘lg‘inlashib boraverdi. Dekabr oyida bergan so‘nggi konsertini ko‘rsangiz ozib ketganiga ham guvoh bo‘lasiz. Konsertdan keyin ikki oy o‘tib, to‘shakka mixlanib qoldi. Uyda bemajol, qon qusib yotganlari kechagidek yodimda (yig‘laydi). O‘shanda 14 yoshda edim. Otamning fe’l-atvoridagi o‘zgarish meni hayratlantirardi. Biz bilan ovqatlanishni, suhbatlashishni istamay qolgandek tuyulgandi. Onamdan ham «Shahlo, qizlar ketishdimi?» deb so‘rab, so‘ng unga suyanib hovliga chiqardi. Biz uyda bor paytimiz esa xonasidan chiqmasdi. Endi o‘ylab qarasam, otam qiyinchiliklarini ko‘rishimizni istamagan ekan. Bizning tasavvurimizda hamisha tetik va bardam inson bo‘lib qolishni istagan ekan, afsus...

— «Hojiboy Tojiboyev mast holda avtomobil boshqarayotganda...» yoki «Unga suiqasd uyushtirilib vafot etdi» kabi mish-mishlarga munosabatingiz qanday?
— Rosti, bunday gap-so‘zlarni eshitsak, qalbimiz tilka-pora bo‘ladi. Axir otamning shifoxonadagi ahvolini ko‘rgan-bilganlar bor-ku. Otamning ahvoli kutilmaganda yomonlashdi. 23 iyul kuni kechki soat to‘qqizlarda Toshkentdagi 16-shifoxonaga yotishiga to‘g‘ri keldi. Chunki ahvoli og‘irlashgan edi. Uydan chiqib ketar ekan, «Hali hammasi yaxshi bo‘ladi. Onasi, men qaytib kelaman, bolalarga qarab turing, qaysi biri aytganingizni qilmasa, kelganimdan so‘ng o‘zim gaplashib qo‘yaman...» deb chiqib ketgan edi. Endi qaytmasligini nafaqat biz, hatto o‘zi ham bilmagan.

Ertasi kuni tushdan so‘ng shumxabar keldi. Otam olamdan o‘tibdi...

— Suhbatimiz avvalida onangiz bilan ham suhbatlashishni niyat qilgandik. Ammo uning sog‘lig‘i yomonligini aytdingiz.
— Ha, otamdan keyin onamning boshiga yana bir og‘ir judolik tushdi. Bir oy o‘tmay singlisi ham olamdan o‘tdi. Onam ancha vaqtgacha o‘ziga kelolmay, dardini ichiga yutdi. Ancha yillardan buyon oshqozonosti bezi kasalligi bilan og‘rirdi. Depressiya tufayli yara ochilib, jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ldi. Onam roppa-rosa 5 oy shifoxonada davolandi. Bir necha marta shifokorlar «Endi tuzalmaydi, bu yerda qolganidan foyda yo‘q» deb qaytarib ham bermoqchi bo‘lishdi. O‘sha paytda bizga juda qiyin bo‘lgandi. Qarindoshlar uzoqda, kelishsa ham bir hafta o‘tmay, mamlakatdan chiqib ketishlari kerak (yig‘laydi). Shukur, onam oyoqqa turdi, ammo asoratlari qolgan. Uning salomatligi doimiy nazoratda bo‘lishi kerak.

— Yorug‘ kunlarning kelgani rost bo‘lsin. Endi muxlislarni o‘ylantirayotgan yana bir savolga javob olsak. Sizdan tashqari yana kim san’at sohasining etagidan tutdi?
— Ruhangiz opam tibbiyot sohasida tahsil oldi. Hozir jajji jiyanchamizning tarbiyasi bilan band. Men ayni kunlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olayapman. Singlim Madina esa turizm sohasida o‘qiydi.

— Mishmishlarga qaraganda, otangizning o‘g‘il farzandlari ham bor. Ular bilan aloqa o‘rnatganmisizlar?
— Bu o‘ta shaxsiy savol. Bu haqida gapirishni istamayman. To‘g‘ri, biz ko‘pchilikmiz, ular bilan yomon munosabatda emasmiz.

Intizor Tojiboyeva
— Sizning san’at sohasiga kirib kelganingiz tasodif emas. Otangiz hayotlik chog‘ida san’atga qiziqishingizni payqaganmidi?
— Bir kuni otamga san’atkor bo‘lish niyatim borligini aytganimda «Oson emas-da, qizim» deb xo‘rsinib qo‘ygandi. Ammo «yo‘q» deb cheklov qo‘ymagandi. Otam pianinoni maromiga yetkazib chalardi. Raqsdagi ilk ustozim ham o‘zi bo‘ladi. Bilasizmi, otam juda e’tiborli inson edi. Oilamizda kimningdir tug‘ilgan kuni bo‘lsa, boshqalarga ham sovg‘a xarid qilardi. Gastroldan qaytayotganda qo‘ng‘iroq qilib onamga: «Onashlarimni sog‘inib ketdim, uxlab qolishmasin, falon soatda yetib boraman», — derdi. Otamning kelishi chinakam bayram edi, sovg‘a-salomlarga ko‘milib kelardi.

— Bo‘lajak aktrisasiz, ammo filmlarda kamnamosiz. Buning boisi nimada?
— Otam rahmatlining «San’atda o‘zini o‘tga-cho‘qqa urish yaramaydi. Yo‘qsa, u san’at emas, sanoatga aylanadi» degan so‘zlarining ma’nosini tushunib yetdim. Shu bois hozircha o‘qish bilan bandman. Filmlarda suratga tushishga shoshmayapman. Ayni kunlarda aktyorlikdan tashqari vokal saboqlarini ham olayapman. Qo‘shiqchilikda ham o‘zimni sinab ko‘rish niyatim bor.

— Niyatlaringiz amalga oshsin. Otangizning ushalmagan orzulariga siz yeting.
Nargiza Murodova suhbatlashdi.

Manba: Xabar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Hojiboy Tojiboyevning qizi Intizor bilan suhbat