date

AQSH dronlari G‘azoda vaziyatni real vaqtda kuzatmoqda

AQSH dronlari G‘azoda vaziyatni real vaqtda kuzatmoqda

G‘azo sektoridagi sulh bitimining buzilishi xavfi ortib borayotgan bir paytda, AQSH hukumati mintaqada yangi nazorat tizimini ishga tushirdi. New York Times nashri yozganidek, Pentagon so‘nggi kunlarda Isroil bilan kelishilgan holda G‘azo osmonida kuzatuv dronlarini ishlatishni boshlagan.

Manbalarning ma’lum qilishicha, bu dronlar sulh jarayoniga rioya etilishini ta’minlash hamda yerusti harakatlarini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan. AQSH harbiylari ularning aniq yo‘nalishlarini oshkor etmagan, ammo ma’lum bo‘lishicha, parvozlar AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM)ning Isroildagi Fuqaroviy-harbiy muvofiqlashtirish markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Mazkur markazning asosiy vazifasi — G‘azodagi sulh jarayonini nazorat qilish, insonparvarlik va xavfsizlik yordamini muvofiqlashtirishdan iborat. AQSH, Qatar va Misr vositachiligida tuzilgan sulh bitimi 10-oktyabrdan buyon kuchda bo‘lsa-da, hozirda unga rioya etish bo‘yicha jiddiy ziddiyatlar kuzatilmoqda.

Shu sababli AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio hamda qator yuqori martabali amaldorlar Isroilga yetib borib, tinchlik jarayonini mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda. Bloomberg va CNN manbalari yozishicha, Oq uyda ham Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning bitimdan chekinishi mumkinligi borasida xavotir bor.

Rubio Isroildagi markazga tashrifi davomida “sulh jarayonida qiyin burilishlar bo‘lishi tabiiy, ammo bizda sog‘lom optimizm uchun yetarli asos bor”, deya ta’kidladi.

Qiziq jihati shundaki, bu safar AQSH Isroilning razvedka dronlaridan foydalanish o‘rniga o‘z dronlarini ishga solgan. Mutaxassislar buni Vashingtonning mustaqil ravishda vaziyatni baholash istagi bilan izohlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, G‘azo urushi davomida AQSH va Isroil harbiy razvedka ma’lumotlarini doim baham ko‘rib kelgan. Ilgari AQSH garovdagilarni qutqarish operatsiyalarida MQ-9 Reaper dronlaridan foydalangan va bu ma’lumotlarni Isroilga yetkazib bergan.

Biroq bu safargi missiya AQSHning vaziyatga nisbatan mustaqil pozitsiyani egallayotganidan dalolat bermoqda. AQSHning sobiq elchisi Daniel Shapiro buni “Isroil faol tahdid sifatida ko‘radigan frontda Amerika monitoringi uchun juda chuqur qadam” deb ta’rifladi.

Uning fikricha, agar Vashington va Tel-Aviv o‘rtasida to‘liq ishonch mavjud bo‘lganida, bu kabi mustaqil kuzatuvga ehtiyoj qolmas edi.

CENTCOM vakili kapitan Timoti Xokinsning so‘zlariga ko‘ra, “Fuqaroviy-harbiy markazda G‘azodagi voqealarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi maxsus maydon tashkil etilgan va vaziyat juda nozik bo‘lib turibdi”.

Hozircha Isroil armiyasi va AQSH Davlat departamenti dronlar haqida rasmiy izoh bermagan bo‘lsa-da, tahlilchilar bu qadam Vashingtonning mintaqadagi diplomatik faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishi mumkin, deb baholamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH dronlari G‘azoda vaziyatni real vaqtda kuzatmoqda