
O‘zbekiston Superligasining 26-turida farg‘onalik «Neftchi» G‘uzorda mahalliy «Sho‘rtan» mehmoni bo‘ldi. Chempionlik poygasi tobora qizib borayotgan bir pallada Farg‘ona klubi ushbu bahsda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Uchrashuv avvalida «Sho‘rtan» kutilganidan faolroq harakat qildi, lekin mehmonlar asta-sekin tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. 40-daqiqada Zoran Marushich darvoza tagida vaziyatdan unumli foydalanib hisobni ochdi. Bu gol o‘yindagi burilish nuqtasi bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda «Sho‘rtan» hisobni tenglashtirishga urinib, bir necha xavfli hujumlar uyushtirdi, ammo farg‘onaliklar himoyada ishonchli o‘yin namoyish etdi. 88-daqiqada Vladimir Yovovichning aniq zarbasi mehmonlarga barqaror ustunlik baxsh etdi va natijada «Neftchi» 2:0 hisobidagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Sho‘rtan — Neftchi 0:2
25 oktyabr. G‘uzor. «Markaziy» stadion
Gollar: Zoran Marushich (40), Vladimir Yovovich (88).
Sho‘rtan — Shohrux Eshbo‘tayev, Shohjahon Sultonmurodov, Ulug‘bek Xudoyberdiyev, Abubakr Rizo Turdialiyev (Nuriddin Hasanov, 84), Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, Temur Mamasiddiqov (Jasur Hakimov, 77), Abror Toshqo‘ziyev (Diyor Asomiddinov, 84), Jo‘rabek Mannonov (Sardor Sa’dullayev, 77), Muhammadaziz Ibrohimov (G‘anisher Qodirov, 62), Aziz Pirmuhammadov, Islomjon Kenjaboyev
Neftchi — Botirali Ergashev, Boyan Siger, Ikrom Aliboyev, Abror Ismoilov, Joel Kojo (Zoran Marushich, 7), Jamshid Iskanderov, Quvondiq Ro‘ziyev (Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, 78), Anvar G‘ofurov, Muhsin Ubaydullayev, Alisher Odilov, (Vladimir Yovovich, 69), Yovan Jokich.
Ogohlantirishlar: Alisher Odilov (45+1), Quvondiq Ro‘ziyev (69).
Bu g‘alabadan keyin «Neftchi»ning ochkolari 57 taga yetdi va jamoa turnir jadvalida peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. «Nasaf» esa 56 ochko bilan ikkinchi o‘ringa tushib turibdi. Qarshiliklar o‘zining navbatdagi uchrashuvini OKMKga qarshi safarda o‘tkazishadi.
G‘uzor klubi uchun esa bu mag‘lubiyat jiddiy zarba bo‘ldi — 12 ochko bilan jamoaning Proligaga tushib ketishi deyarli aniq bo‘lib qoldi. "Sho‘rtan" futbolchilari jonbozlik ko‘rsatishganiga qaramay, jamoada himoyadagi ishonchsizlik va hujumda samarasizlik bu safar ham o‘z so‘zini aytdi.
Shu tariqa, «Neftchi» chempionlik uchun kurashda muhim qadam tashladi. Oldindagi turlarda har bir bahs hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi aniq — chempionlik poygasi hali o‘zining eng qizg‘in nuqtasiga yetmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!