
G‘azoda janglar to‘xtaganiga qaramay, minglab bemorlar, ayniqsa bolalar og‘ir ahvolda qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 15 mingdan ortiq kishi zudlik bilan davolanish uchun chet elga olib chiqilishi kerak. Ammo bunga hali ruxsat berilmagan.
Nasser shifoxonasida 10 yoshli Amar Abu Said davolanmoqda. U oilasining chodirida o‘tirganida o‘q yeb, bo‘ynidan pasti falaj bo‘lgan. Onasining aytishicha, unga murakkab operatsiya kerak, lekin G‘azoda buning uchun sharoit yo‘q.
Urush tufayli G‘azodagi shifoxonalar og‘ir ahvolda. Dori, asbob-uskunalar va elektr yetishmayapti. Shifokorlar kasallikni bilsa ham, bemorlarni davolash imkoniga ega emas.
Yaqinda G‘azodan 41 nafar bemor Iordaniyaga olib chiqildi. Mutaxassislar bu juda kamligini, ko‘proq bemorlarni chiqarish zarurligini aytmoqda. Ularning fikricha, agar ruxsat berilsa, G‘azolik bemorlarni Quddus va G‘arbiy Sohildagi shifoxonalarda davolash mumkin.
Isroil esa Rafah chegara punktini ochmagan. Hukumat bunga Hamas o‘z majburiyatlarini bajarmagani sabab deb ko‘rsatmoqda. Shu orada o‘tgan yil davomida 740 kishi, jumladan 140 bola, davolanish uchun chiqishni kutayotib hayotdan ko‘z yumgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!