date

Yaponiyada cho‘chqalar insonlarga donorlik qilishi mumkin

Yaponiyada cho‘chqalar insonlarga donorlik qilishi mumkin

Yaponiya ilm-fani tibbiyot sohasida yangi, tarixiy bosqichga qadam qo‘ymoqda. Mamlakatda PorMedTec nomli startap 2027-yilga qadar insonlar uchun organ ko‘chirib o‘tkazish maqsadida maxsus klonlangan cho‘chqalarni yetishtirishni rejalashtirgan. Bu haqda “Nikkei Asia” nashri ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, PorMedTec kompaniyasi AQSHdagi biotexnologiya giganti eGenesis bilan hamkorlik qilib, oddiy cho‘chqalarning hujayralaridan foydalangan holda ularning genetik nusxalarini yaratadi. Bu jarayonda cho‘chqalarning DNKsi inson organizmi tomonidan rad etilish ehtimolini kamaytirish maqsadida avvaldan o‘zgartiriladi.

Loyiha doirasida Osaka shahrida maxsus ferma quriladi. Bu yerda yiliga kamida 100 ta klonlangan cho‘chqa yetishtirish rejalashtirilgan. Hayvonlar yetarli darajada o‘sgach, ularning organlari tibbiyot markazlariga transplantatsiya uchun jo‘natiladi.

Ferma zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi: sun’iy intellekt tizimiga ega kuzatuv kameralari orqali cho‘chqalarning harorati, harakati va sog‘ligi doimiy ravishda nazorat qilinadi.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, cho‘chqalarning organlari insonnikiga o‘lcham va tuzilishi jihatidan juda yaqin. Shu sababli, kelgusida ular inson organlarini almashtirishda muhim manbaga aylanishi mumkin.

2023-yil fevral oyida Meiji universiteti va eGenesis kompaniyasi Yaponiyada ilk marta inson organi transplantatsiyasi uchun uchta klonlangan cho‘chqa yaratganini ma’lum qilgan edi. Keyinroq, o‘sha yilning noyabrida yapon olimlari cho‘chqaning buyragini maymunga muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazishga erishgan.

PorMedTec loyihasi 2017-yilda Meiji universiteti tomonidan ishga tushirilgan bo‘lib, uning maqsadi regenerativ tibbiyot yo‘nalishida yangi avlod biomateriallarini ishlab chiqish va jahon tibbiyoti rivojiga hissa qo‘shishdir.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Xitoy olimlari dunyoda ilk bor insonga cho‘chqaning o‘pkasini ko‘chirib o‘tkazish tajribasini amalga oshirishgan. Bu muvaffaqiyatli amaliyot Guanchjou shahridagi tibbiyot markazida o‘tkazilgan bo‘lib, hayvonning genlari CRISPR texnologiyasi yordamida o‘zgartirilgan — u olti ta tahrirlangan genga ega bo‘lgan.

Olimlar fikricha, bunday tajribalar kelgusida donor organlar yetishmovchiligi muammosini hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi va inson hayotini saqlab qolish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada cho‘chqalar insonlarga donorlik qilishi mumkin