16:50 / 01.08.2018
7 668

Yulduz Usmonova: “Yashirmayman, yaqinda plastik jarrohlarga murojaat qildim, chunki…”

Yulduz Usmonova: “Yashirmayman, yaqinda plastik jarrohlarga murojaat qildim, chunki…”
So‘nggi paytlarda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga tez-tez foto va video roliklar joylashtirayotganiga guvohi bo‘layapmiz. Ayniqsa, el suygan xonandaning kuni kecha raqsga tushayotgan videosi ko‘p muhokama bo‘ldi. 55 yoshida ham ana shunday shijoatga ega o‘zbek primadonasi bizning bugungi suhbatdoshimiz. U bilan hayot va ijod olami haqida gaplashdik. Darvoqe, Yulduz Usmonovaning shirin xotiralari sizni ham befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

— San’atdagi ilk qadamlaringizni eslab turasizmi?

— Pedagogika bilim yurtini tamomlayotgan yilim mashhur qo‘shiqchi Tamaraxonimning singlisi Gavhar Rahimova bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ldim. O‘shanda xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan tadbirdagi ishtirokimni diqqat bilan ko‘rgach, meni o‘zlari tashkillashtirgan “Marg‘ilon xandasi” ansambliga taklif etganlar. Shundan so‘ng Toshkentga kelganimizda Gavhar opa Saodat opaning uylariga olib borib meni tanishtirganlar. Ular dastlab bo‘yim pastligi uchunmi e’tibor bermaganlar. Ashulaning avjiga chiqqanimda ko‘zlarini katta ochib, “O‘zingni ehtiyot qil, ovozing juda shirali ekan” deganlarini hech qachon unutmayman.

— Asli maqom ashulachisi bo‘lgansiz, lekin tinglovchilar sizni milliy estrada xonandasi sifatida bilishadi. Nega keng ommaga mumtoz qo‘shiqlaringizni taqdim etmagansiz?

— Haqiqatan ham “Samarqand ushog‘i” qo‘shig‘i bilan san’atdagi ilk muvaffaqiyatimni qo‘lga kiritib, Konservatoriyaga o‘qishga qabul qilinganman. Ammo kutilmaganda san’atdagi qarashlarim o‘zgardi. Nokamtarlik bo‘lmasin-u, ammo milliy estrada qo‘shiqlarini kuylashni men boshlab berganman. Botir Zokirovning orkestr bilan qo‘shiq kuylashlari ko‘proq jaz yo‘nalishiga kiradi. Bugungi milliy estradani esa, men “Ho qoqilamanu, qoqilaman” deya xalq laparlarini aytib raqs tushish bilan boshlab berganman, deb o‘ylayman.

— Bugungi qo‘shiqchilarning eng katta kamchiligi nima?

— Avvalambor o‘z ishiga mehr-muhabbat zarur. Xonanda san’atni sevishi, qo‘shiqlari xalqning dardiga malham bo‘lishi kerak. Keyingi paytlarda ko‘pchilik san’atkorlar salom bersang, alik olgisi ham kelmayapti, deyishyapti. Buning sababi kibr. Shundaylarning yuziga “Qo‘shig‘ingni xalq eshitmasa, sen kimsan?” degim keladi.

– Bir muddat Turkiyada ham ijod qildingiz. O‘zbek va turk tinglovchilari orasida qanday tafovutlarni ko‘rasiz?

– Turkiyaliklar sokin qo‘shiqlarimni yaxshi ko‘rib tinglashdi. U yerda meni nafaqat qo‘shiqchi deb bilishdi, hatto mashhur san’atkor Ibrohim Totlisas ham “Ustoz-san’atchi” deb atadi. Chunki musiqiy yo‘nalishda, qo‘shiqchilikda o‘z maktabimga egaman. Ustozlar “Ovoz eshakda ham bor” deb bejizga aytishmagan. “Ooo!” deb baqirishdan foyda yo‘q. San’atkordagi iqtidorni xalq e’zozlasagina azizu mukarram bo‘lishi mumkin. Bilasizmi, tinglovchilar o‘rtasida deyarli farq yo‘q. Turklar hech narsadan uyalishmaydi, san’atkor bilan baravar qo‘shiq kuylayverishadi, baravar o‘ynayverishadi.

— Kitobingiz ham chop etilibdi. Qiziq, nima uchun bu ishga qo‘l urdingiz?

— Manmanlikka yo‘ymang-u, lapar yo‘nalishidagi qo‘shiqlarni aytib, milliy estradani rivojlantirganlarning bittasi o‘zimman deb o‘ylayman. Ko‘p yillar mobaynida san’atni kuzatib boryapman. Bilganlarimni kitob qilib yozib o‘zimdan keyingi avlodlarga qoldirib ketish niyatidaman. Nasib qilsa, hademay “90-yillar qo‘shiqlariga bugungi kundagi yondashuv” mavzusida dissertatsiya yoqlayman. Menimcha, bular san’at oldidagi ham farzim va qarzim.

— Ayni damda qizingiz haqida yuragingizda qanday o‘ylar bor?

— Qizim – hayotim quvonchi, unga nisbatan yuragimda faqat ezgu o‘ylar bor. Yolg‘izim o‘zidan ko‘payib, menga shirindan-shakar 4 nafar nabirani hadya qildi. Ilohim baxti to‘kis bo‘lsin, san’atda ham omadi chopsin, elning sevimli san’atkori bo‘lib yuraversin!

— Buvilik maqomi haqida gapiring. Nabiralaringizning tarbiyasiga qay darajada yordam beryapsiz?

— Shunday nabiralarim borligi uchun Allohimga behisob shukr! Lekin ularni juda ortiqcha suyishga, erkalashga, tarbiyasida yordam berishga vaqtim yo‘q. Juda ko‘p quvonishga ham qo‘rqaman, nabiralarim nazarlanmasin, deyman. O‘zim bilan o‘zim ovoraman. Katta nabiram hozir Londonda tahsil olyapti. Nabiralarimning hammasi qaysi kasbni egallashlaridan qat’iy nazar eng avvalo halol yigitlar bo‘lishini istayman. Jamoatga, xalqqa kerakli, koriga yaraydigan insonlar bo‘lishsin. Chunki bir burda nonga qornimiz to‘yadi. Dasturxonga fotiha o‘qirkanman, Allohga shukrona aytaman va ularni faqat yaxshilikka undayman.

— Ko‘zguga qaraganingizda ko‘nglingizdan qanday o‘ylar o‘tadi?

— (kulimsirab) Ko‘zguga juda kam qarayman. Chunki buning uchun vaqtim yo‘q. Ertalab bir marta bo‘yanib olsam bo‘ldi, shu bilan o‘zimga qarash uchun fursatim yetmaydi. Bosh baletmeysterimiz Ravshanoy Sharipova nega bo‘yanmaysan, deb ba’zan urishib ham qo‘yadi. Ilgarilari yuzimga har xil niqoblar qilib turardim, hozir esa hafsalam yetishmayaptimi, bilmayman. Yashirib o‘tirmayman, yaqinda plastik jarrohlarga murojaat etdim. Xalqning nazarida bo‘lganingizdan keyin ba’zan shunday qilib turishingizga ham to‘g‘ri kelarkan.

— Yulduzxon oshxonada… Hech kim buni tasavvur qilolmasa kerak. Uy yumushlari bilan shug‘ullanib turasizmi?

— Uy yumushlaridan qaysi birini uddalolamaysiz, deb so‘rang. Bironta uy ishlaridan qochmayman. Bolalik chog‘larimdan har xil taomlar tayyorlash, ayniqsa osh damlash, pishiriqlar pishirish jonu dilim edi. Ayol kishi uchun taom pishirish eng rohatli ish-ku. Agar shart-sharoitim bo‘lsa, qo‘y, mol boqqan bo‘lardim. Afsus, shahar sharoitida buning iloji yo‘q.

— Nimalardan armon qilasiz?

— Avvallari o‘g‘lim yo‘q deb armon qilardim. Hozir katta nabiram o‘g‘limday bo‘lib qolgan.

— Charchog‘ingizni qanday chiqarasiz?

— “Voy, charchadim”, demayman. Bilasizmi, inson istasa albatta xohlagan ishini qila olarkan. Mening yoshimdagi ayollarning orasida bemorlari, qon bosimi oshganlari borligi sir emas. Turkiyadan qaytganimda men ham “forma”dan biroz chiqqandim. Qon bosimim ozgina qiynardi. Lekin qisqa fursatda o‘zimga kerakli holatga qaytdim. O‘rta yoshli ayollar kelin olganlaridan keyin o‘zini “qo‘yib yuborarkan”. Kelin xizmatimni qilyapti deb dangasa bo‘lib, o‘ziga kasallik orttirarkan. Qaynonasini yaxshi ko‘rgan kelinlar “Oyijon, o‘rgating” deb birga yurishi va kechqurun oyog‘ini uqalab uxlatib qo‘yishi kerak ekan. Ana shunda qaynonalar ham ancha sog‘lom bo‘lisharkan. Inson qimirlasa, ishlasa, kasal bo‘lmas ekan.

Manba: protoday.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yulduz Usmonova: “Yashirmayman, yaqinda plastik jarrohlarga murojaat qildim, chunki…”