date

TIV rossiyadagi o‘zbekistonliklarga jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi!

TIV rossiyadagi o‘zbekistonliklarga jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi!

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rossiyadagi o‘z fuqarolarga jiddiy ogohlantiruv bilan chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi oylarda Telegram orqali “hujjat tayyorlab berish”ni taklif qiluvchi guruh va kanallar faoliyati keskin ko‘paygan. Bu esa Rossiya hududidagi o‘zbek vatandoshlar orasida qalbaki hujjatlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sonini oshirmoqda.

TIVning ma’lumotiga ko‘ra, rossiyaning bir qator shaharlaridagi konsullik muassasalari soxta hujjatlar taqdim etilgan holatlarni rasman qayd etgan. Shu jumladan, Qozonda “Vatanga qaytish guvohnomasi”ni soxtalashtirgan fuqaro parvoz chiptasi rasmiylashtirish jarayonida fosh etilgan.

Keyinchalik aniqlanishicha, u mazkur hujjatni Telegram orqali “yordam taklif qilgan” shaxslar orqali olgan. Voqeadan so‘ng Bosh konsulxona bu holatni Rossiya huquq-tartibot idoralariga yetkazgan va natijada Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322-moddasi (chegarani noqonuniy kesib o‘tish) hamda 327-moddasi (soxta hujjat, shtamp yoki blank tayyorlash yoki ularni sotish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Shuningdek, yana bir holatda fuqaro O.B.B. boshqa bir shaxs bilan qalbaki nikoh tuzilganini ko‘rsatuvchi soxta guvohnoma asosida farzandi uchun tug‘ilganlik haqidagi hujjat rasmiylashtirgani ma’lum bo‘ldi. Har ikki holat bo‘yicha konsullik muassasalari tomonidan tezkor choralar ko‘rilgan.

Tashqi ishlar vazirligi bu holatlar ortidan rasmiy bayonot chiqardi. Unda barcha vatandoshlar hujjatlarni faqat O‘zbekistonning vakolatli idoralari orqali rasmiylashtirishi lozimligi qat’iy ta’kidlandi. Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi “hujjat tayyorlab berish” haqidagi e’lonlar esa ko‘pincha firibgarlik sxemalari bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

Shu bilan birga, soxta hujjat tayyorlash, sotish yoki foydalanish jinoyat sanalishi, bunday qilmish uchun nafaqat O‘zbekistonda, balki Rossiyada ham og‘ir jazo qo‘llanishi eslatib o‘tildi.

TIV vatandoshlarga shunday shubhali holatlarga duch kelganda darhol eng yaqin elchixona yoki konsullikka murojaat etishni tavsiya qildi. Vazirlik fikricha, ayni damda bunday hodisalar fuqarolarning huquqiy savodxonligi yetishmasligi va ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on ma’lumotlarga ishonuvchanlik sabab yuzaga kelmoqda.

Shu sababli, rasmiy idoralar barcha fuqarolarni eng kichik shubha tug‘ilgan paytning o‘zidayoq tegishli konsullik muassasasi bilan bog‘lanishga, soxta hujjatlar bilan bog‘liq firibgarliklarga qarshi hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.

TIVning ta’kidlashicha, bu kabi ogohlik nafaqat fuqarolarning huquqiy manfaatlarini, balki ularning shaxsiy xavfsizligini ham ta’minlaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » TIV rossiyadagi o‘zbekistonliklarga jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi!