date

O‘zbekiston JSTga a’zolik sari yana bir qadam yaqinlashdi

O‘zbekiston JSTga a’zolik sari yana bir qadam yaqinlashdi

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonidagi ikki tomonlama muzokaralarni rasman yakunladi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

«Bu muhim voqea Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat bilan bozorga chiqish shartlari bo‘yicha, jumladan, eksport va import bojlari hamda xizmatlar sohasidagi muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganidan darak beradi», — deb ta’kidladi Urunov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, YEI — O‘zbekiston ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 31-davlat bo‘ldi. «Bir hafta muqaddam Panama bilan ham kelishuv imzolagan edik. Hozirda 31 davlat bilan muzokaralar yakunlangan, faqatgina 3 ta mamlakat bilan jarayon davom etmoqda», — dedi u.

Ma’lumot uchun, sentyabr oyi o‘rtalarida O‘zbekiston JSTga a’zolik doirasida Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan bozorga chiqish bo‘yicha protokollarni imzolagandi.

Shunday qilib, mamlakat Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish yo‘lidagi muhim bosqichlarni izchil davom ettirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston JSTga a’zolik sari yana bir qadam yaqinlashdi