
O‘zbekistonda to‘y va ma’rakalarda ortiqcha isrofgarchilikni cheklash, me’yoriylik va milliy qadriyatlar asosida madaniyatni shakllantirishga qaratilgan yangi dastur ishlab chiqildi. Bu tashabbus Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda e’lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida “maromiylik madaniyatini keng yoyish” maqsadida 90 kunlik chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Bu rejada aholini isrof va ortiqcha dabdabadan tiyilishga chaqirish, ijtimoiy ongni uyg‘otish, ma’rakalarni ixcham va samimiy ruhda o‘tkazishni targ‘ib qilish kabi vazifalar belgilangan.
Ushbu dastur Ma’naviyat markazi, Mahallalar uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, shuningdek, “Nuroniy” jamg‘armasi ishtirokida hayotga tadbiq etiladi. Dastur doirasida targ‘ibot tadbirlari, ochiq suhbatlar, seminarlar hamda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “Kinokarvon” media loyihasi orqali isrofgarchilikka qarshi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi filmlar va roliklar orqali yoshlar ongiga sog‘lom qarashlarni singdirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu tashabbus, avvalo, milliy qadriyatlarni asrash, to‘y-ma’rakalarni samimiy va kamxarj tarzda o‘tkazish, ortiqcha yuk va moliyaviy bosimlarni kamaytirish orqali jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!