date

O‘zbekistonda kasbiy ta’lim boshqaruvida yangi tizim joriy etildi

O‘zbekistonda kasbiy ta’lim boshqaruvida yangi tizim joriy etildi

O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va uni zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish bo‘yicha muhim qadam qo‘yildi. Prezidentning “Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi. Bu yangi tuzilma mamlakatdagi texnikumlar faoliyatini yagona boshqaruv tizimiga jamlash va malakali kadrlar tayyorlashda tizimli yondashuvni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.

Agentlikning asosiy vazifalari qatorida quyidagilar belgilandi:

– texnikumlar ishini muvofiqlashtirish va ta’lim jarayonlarini boshqarish;

– kasbiy ta’lim dasturlari mazmuni, malaka darajalari va o‘qitish muddatlarini belgilash;

– bitiruvchilar bilimlarini baholash mezonlarini yangilash hamda o‘quv-metodik ta’minotga yagona talablarni joriy etish.

Shuningdek, Agentlik Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda “vaucher” tizimida qamrab olinmagan fuqarolarni kasbga o‘qitish vazifasini ham bajaradi. Shu orqali mehnat bozorida yetishmayotgan mutaxassislar tayyorlanishi ta’minlanadi.

Qolaversa, Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda xorijiy ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, fuqarolarni zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Farmonga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ishga qabul qilishda Milliy malaka ramkasiga mos diplom yoki sertifikat talab etiladi. Bu mehnat bozorida aniq kompetensiyalarga ega bo‘lgan kadrlar ulushini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, davlat kasbiy ta’lim muassasalariga ta’lim narxini bozor sharoitiga mos belgilash va tajribali mutaxassislarni shartnoma asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

Yangi tizimning muhim jihatlaridan biri — hududiy tadbirkorlar kengashlarini tashkil etishdir. Ular biznes, davlat va ta’lim sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytiradi, mahalliy ehtiyojga mos kasbiy dasturlarni ishlab chiqishga ko‘maklashadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur islohotlar natijasida kasbiy ta’lim tizimida barqaror boshqaruv, yagona standartlar va mehnat bozori ehtiyojlariga to‘liq mos kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa aholi bandligini oshirish va mamlakat iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda kasbiy ta’lim boshqaruvida yangi tizim joriy etildi