date
views 11 141

Malika Ahmedova: “Gap–soʻzlar, koʻrolmasliklar xafa qiladi”

Malika Ahmedova: “Gap–soʻzlar, koʻrolmasliklar xafa qiladi”
Oʻzbekiston xalq artisti Malika Ahmedovani yaxshi taniysiz. U ijro etgan raqslar hali-hamon sevib tomosha qilinadi. Bugun koʻplab yosh raqqosalar uchun ustoz hisoblangan sanʻatkor ayni kunlarda nimalar bilan bandligini bilish maqsadida u bilan uchrashdik.

— Malika opa, ortda qolgan kunlarni eslaganda nimalarni xayol qilasiz?
— Umrimni sanʻatga bagʻishladim va bundan sira afsus qilgan emasman. Hali aqlimni tanimasimdan turib, mashhur raqqosa boʻlaman derdim va bunga astoydil ishonardim. Oʻziga shukr, qiyinchiliklarni yengib, niyatimga yetdim.

Rahmatli ota-onam qalbi pok, samimiy insonlar edi. Oʻsha kezlar sanʻat yoʻlini tanlaganlarga nisbatan qarashlar yaxshi emasdi, lekin ular raqqosa boʻlishimga qarshilik qilishmadi. Otam hindcha qoʻshiq kuylab, raqs tushishimni yoqtirardilar. Qoʻlimdan yetaklab Xoreografiya maktabiga olib borganlar...

— Bir paytlar “Toʻyga chiqmayman” deya barcha takliflarni rad etgan ekansiz.
— Ha. Baletmeyster Isoxor Oqilov men uchun sahnalashtirgan “Tamanno” raqsini ijro etganimdan soʻng koʻcha – koʻyda meni taniy boshlashdi. Ismimni bilishmasa-da, raqs libosimdagi gipyurdan tikilgan shimni koʻpchilik eslab qolgandi.

Yillar oʻtishi bilan koʻp narsalar oʻzgardi, jumladan, raqs sanʻatida ham rivojlanish boʻldi. Hozirgi raqqosalarda texnika kuchli, lekin ular olmos kabi yaraqlamayapti. Menimcha, buning sababi toʻyga chiqish boʻlsa kerak. Inson psixologiyasi shunday: bugun bir soʻm topsa, ertasiga undan koʻprogʻini xohlaydi. Bir paytlar menga ham toʻy takliflari boʻlgan. Ammo katta-katta rahbarlarning iltimosini ham rad etganman. Men katta sahna uchun tugʻilganman, derdim doim. Toʻyga odamlar bir-birlarini koʻrish, suhbatlashish uchun borishadi. Raqqosa ming jon kuydirib xirom aylamasin, ijrosi munosib baholanmaydi.

— Bir manbada ismingizni Mohira deb oʻqigandim.
— Tugʻilganimda otam rahmatli Mohira deb ism qoʻyganlar. Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatrida ishlayotganimda onam bilan birgalikda boshqa raqqosalarnikiga oʻxshamaydigan, chiroyli, yaltiroq bezakli liboslar tikardik. Fransuz tilida oʻqidim, aspiranturaga ham kirdim. Keyin sharj (karikatura turi) ham chizardim. Hatto “Mushtum” jurnaliga ishga chaqirishgan. Sheʻrlar yozganman. Xullas, ancha narsa qoʻlimdan kelardi.

Xoreografiyada tahsil olayotganimda ustozlarimning koʻpchiligi rus millatiga mansub edi. Shu bois biz rus tilida soʻzlashardik. Ular meni “Maheyra”, deb chaqirishardi. Ismimni buzib aytishayotganidan jahlim chiqardi. Bir kuni otamga “Ismimni Malika qoʻyaylik!” deganman. Oilada toʻrtinchi, erka farzand boʻlganim uchun otam koʻngan va darrov ismimni oʻzgartirib kelganmiz. Shu tarzda Malika asl ismimga aylandi.

— Repertuaringizdagi qaysi raqsni hali ham yaxshi koʻrib ijro etasiz?
— “Namangan tanovari”ga raqs tushishni yoqtiraman. Toshkentning 2200 yilligi tadbirlarida Kamoliddin Rahimovning “Nargiz” qoʻshigʻiga raqs sahnalashtirganmiz. Fransuzcha yashil velyurdan uzun koʻylak tiktirganmiz. Oʻsha kezlar bunday raqs libosini tiktirish oson emasdi. Yodimda, Yaponiyadagi festivalga borganimizda Kamoliddin aka qoʻshiq kuyladilar, men esa koʻzimda yosh bilan raqs tushdim. Tomosha qilayotgan yapon ayollari qoʻshiq soʻzlariga tushunishmasa-da, harakatlarimdan taʻsirlanib, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. Keyin Qunduz opa “Maqom”ni men uchun sahnalashtirdilar. Bu hamjuda ajoyib, goʻzal raqs.

— Agar sizga yetarli mablagʻ berilsa, qay bir orzuingizni amalga oshirgan boʻlardingiz?
— Raqs maktabi ochgan boʻlardim. Chunki har qanday yoshda raqs tushish salomatlik uchun foydali. Ayniqsa, qomati chiroyli boʻlishini istaganlarga raqs tushishni maslahat beraman.

— Bugunning raqs malikasi, deb kimni ayta olasiz?
— Katta avlod vakillari shu kunga qadar Mukarramaxonim Turgʻunboyevani raqs malikasi deb bilishadi. Nazarimda, bugun ham Mukarrama opa malika boʻlib qolaveradi.

Bir ish bilan Oliy Xoreografiya maktabiga borgan edim. Ustozlik qilayotgan raqqosalarimiz Mukarrama opa sahnalashtirgan nomerlarni oʻrgatayotganlarini koʻrdim. Demak, raqs malikasi degan nomni ayni damda ham Opaga bersak arziydi.

— Taniqli rejissyor Shuhrat Abbosov suratga olgan “Sen yetim emassan” filmida Barno rolini ijro etganingiz koʻpchilik uchun yangilik boʻlsa, ajabmas...
— Oʻsha paytlar raqs maktabida oʻqirdim. Filmda suratga tushishga koʻp­lab nomzodlar bor edi. Ularning orasidan tanlab olinganimdan keyin masʻuliyati ham shunga yarasha boʻldi. Soʻzlarni yurakdan aytish, qahramonning xatti-harakatlarini ishonarli ifodalash, voqelikning “ichiga kirish” talab etilardi. Suratga olish maydonchasiga borishim uchun oʻqituvchilarim ruxsat bermagan paytlarham boʻlgan. Baʻzan bundan juda xafa boʻlardim.

— Liboslar borasida ayollarga qanday maslahatbergan boʻlardingiz?
— Oddiy, biroz kengroq liboskiyishni yoqtiraman. Bu borada qizim eng yaxshi maslahatchim. Qomatga yopishib turadigan koʻylak kiyishni yoqlamayman. Chunki bunday liboslar ayolni nazokatli koʻrsatmaydi. Har bir ayol did bilan kiyinishga intilishi lozim.

Qisqa va loʻnda

- Sizningcha, muhabbat bu...

- Sadoqat. Ana shundagina haqiqiy muhabbat boʻladi.

- Kimni koʻp sogʻinasiz?
- Rahmatli ota-onamni va ularning soʻzlarini.

- Kim yoki nima sizga ilhom baјishlaydi?
- Qizim va goʻzal tabiat manzarasi.

- Oxirgi marta jahlingiz chiqdi: kimdan yoki nimadan?
- Kishi hayoti davomida koʻp xato qilishi mumkin. Lekin ortingizdan bilib-bilmay gapirishlari, koʻrolmasliklari xafa qiladi.

- Sevimli sanʻatkoringiz?
- Farrux Zokirov.

- Bir umrlik orzuingiz?
- Qizimning baxtini koʻrish.

- Qayerda yolgʻiz qolishni istardingiz?
- Hech qachon yolgʻiz qolishni istamayman, garchand, u koshona, qasr boʻlsa ham.

- Parhez tutganingizda ham siz bosh tortmaydigan taom?
- Parhezga qarshiman. Inson koʻngli nimani tusasa hammasini isteʻmol qilishi lozim. Faqat oz-ozdan.

- Kayfiyatingiz boʻlmaganda...
- Kayfiyatim yoʻqligini hech kimga bildirmayman. Bunday paytlar hovliga suv sepishni yaxshi koʻraman. Suv meni tinchlantiradi.

- Pardoz qilayotganingizda ...
- Har bir ayol goʻzal boʻlishga intilishi shart deb bilaman. Muxlislarim avvalqanday yaxshi koʻrishgan boʻlishsa, har doim shunday qiyofada eslashlarini istaganim uchungina pardoz qilaman. Hech qachon oʻta yorqin, koʻzga tashlanadigan darajada boʻyanmaganman.
MOHINUR suhbatlashdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Malika Ahmedova: “Gap–soʻzlar, koʻrolmasliklar xafa qiladi”