
Qashqadaryo viloyatida kamdan-kam uchraydigan voqea ro‘y berdi — Kitob tumanida yashovchi Dilfuza Bahriddinova bir yo‘la to‘rt nafar qizaloqni dunyoga keltirdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, onaga Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo filialida kesarcha kesish amaliyoti orqali jarrohlik yo‘li bilan tug‘ruq amalga oshirilgan.
Dilfuza Bahriddinova va uning turmush o‘rtog‘i Jasur Maqayev bugunga qadar besh nafar qiz farzandni tarbiyalab kelayotgan edi. Endi esa ularning xonadonlari to‘qqiz qizli oilaga aylandi.
Egizak qizaloqlar har biri sog‘lom, ammo vazn jihatdan bir oz kichikligi sababli hozircha shifokorlar nazoratida parvarishlanmoqda. Ular xalqaro tibbiy protokollar asosida parvarish olishmoqda.
Qizaloqlarning tavallud ma’lumotlari quyidagicha:
– Birinchisi – 1,4 kg, bo‘yi 37 sm;
– Ikkinchisi – 1,45 kg, bo‘yi 38 sm;
– Uchinchisi – 1,6 kg, bo‘yi 40 sm;
– To‘rtinchisi – 1,4 kg, bo‘yi 37 sm.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi holatlar juda kam uchraydi va shifokorlar uchun ham katta mas’uliyatni talab qiladi.
Hozirda ona va qizaloqlarning ahvoli barqaror, ularga zarur barcha tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Qashqadaryoda mo‘jiza: bir ona bir yo‘la to‘rt qiz tug‘di!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar