13:20 / 10.06.2021
3 355

Prezidentning Dushanbega safari davomida Tojikiston telekanallarida yangi o‘zbek filmlari namoyish etiladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga safari paytida tojik telekanallari va kinoteatrlarida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan «Ilxaq», «Xalq yuragi», «Abdurahmon Jomiy», «Yagona osmon ostida» filmlari namoyish etiladi. Namoyishlar kecha 21:30da Tojikistonning «Sinamo» telekanalidagi «Ilxaq» filmining taqdimoti bilan boshlab berildi.

Shuningdek, mamlakatning barcha yirik kinoteatrlarida ham tojik tilidagi o‘zbek filmlari namoyishlari boshlangan. Joriy yilning 19-22 may kunlari Tojikiston Respublikasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kinosi kunlari davomida Kinematografiya agentligining bir qator filmlari tojikistonlik tomoshabinlar tomonidan ko‘tarinki kayfiyatda qabul qilingan edi.

Shundan so‘ng, o‘zbek kinosining qo‘shni davlatdagi ixlosmandlari tomonidan filmlarni tojikchaga dublyaj qilib, taqdim etish taklifi berildi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan Davlat buyurtmasi asosida suratga olingan ushbu filmlarni qardosh xalq televideniye va kinoteatrlarida namoyish qilinishi uchun tuhfa sifatida taqdim etildi.

Ma’lumki, Tojikistonda bo‘lib o‘tgan o‘zbek kinosi kunlarida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbariyati, taniqli o‘zbek kinosi arboblari, kinorejissyorlar, aktyorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari qo‘shni mamlakatga tashrif buyurib, har ikki mamlakatning kino sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida kelishuvlarga erishilgan va «Tojikfilm» Davlat muassasasi raisi Mahmasaid Shohiyon bilan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Memorandum bo‘yicha ishlar tez fursatlarda boshlanib, rejisser Jahongir Axmedovning «Ilhaq» badiiy filmi, Shoxrux Rasulovning «Xalq yuragi», Javohir Qosimovning «Abdurahmon Jomiy», Jasur Is'hoqovning «Yagona osmon ostida» hujjatli filmlari tojik tiliga tarjima qilinib, «Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi” DUK, «Spectre» hamda «Ezgu film» studiyalari tomonidan dublyaj qilindi.

«Tojikfilm» Davlat muassasasi bosh direktori Mahmasaid Shohiyon tuhfa qilingan ushbu filmlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga va madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini bildirdi: «Tojikistonda bo‘lib o‘tgan o‘zbek kinosi kunlari»da O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbariyati bilan kino san’atining ikki mamlakat madaniy hayotida tutgan o‘rni, o‘zbek va tojik kinematografiyasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘zda tutilayotgan loyihalar xususida kelishib oldik.

Tadbirlarda O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev, Tesha Mo‘minov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov va boshqa iste’dodli kinoijodkorlarning borligi tojikistonlik o‘zbek kinosi muxlislarini juda quvontirdi. Bizga tuhfa sifatida yuborilgan o‘zbek xalqining yuksak saviyadagi filmlarini kinoteatrlarimiz va televideniyelarimiz orqali albatta namoyish etamiz. Ishonamanki, ushbu filmlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga, madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi».

Aytib o‘tish joizki, Markaziy Osiyo mintaqasida kinematografiyaning taraqqiy etishida o‘zbek va tojik xalqlarining yetuk ma’rifatparvar vakillari katta hissa qo‘shishgan.

E’tiborli jihati, o‘zbek va tojik kinematografiyasi rivojini bir-biridan ayro holda tasavvur qilish mumkin emas. Milliy kinomiz darg‘alari har jihatdan bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelgan. O‘zbek kinosining atoqli ustozlaridan biri Komil Yormatov Tojikistonda, Konibodomda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa, tojik kinosining Boris Kimyogarov, Anvar To‘rayev, Samariddin Sa’diyev singari mashhur arboblari Samarqandda tavallud topishgan.

Har ikki yurt kinematografiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan Latif Fayziyev, Tohir Sobirov, Rashid Malikov, Baqo Sodiqov singari taniqli kinorejissyorlar xizmatini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Tojikiston kinoustalari tomonidan yaratilgan «Hasan aravakash», «Rustam va Suhrob», «Siyovush haqida qissa», «Temirchi Kova», «Men bir qizni uchratdim» singari badiiy filmlar o‘zbek tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan.

«Shahrizodaning yangi ertaklari», «Shahrizodaning so‘nggi kechasi» filmlarida Ulug‘bek Muzaffarov, Ubaydulla Omon, Dilorom Qambarova singari o‘zbek san’atkorlarining ijrosini ko‘rishimiz mumkin. «Tojikfilm»da Rashid Malikov suratga olgan «G‘aroyib sarguzasht” filmida o‘zbek kinosining taniqli vakillari Husan Sharipov, Bahrom Matchonov bosh rollarni ijro etishgan.

O‘z navbatida, o‘zbek filmlarida tojik aktyorlari ham yorqin obrazlarni yaratib qoldirishgan. Jumladan Tojikiston xalq artistlari – Sayram Isayeva Maysara, Nodirabegim singari obrazlari bilan o‘zbek kinomuxlislarini maftun qilgan bo‘lsa, Ato Muhammadjonov Imom al-Buxoriy siymosini to‘laqonli gavdalantira olgan.

«Tojik tiliga tarjima qilinib, dublyaj qilingan o‘zbek filmlari imzolangan memorandum bo‘yicha ilk qadamlardandir. Ikkinchi qadam joriy yilning iyul oyida Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon shaharlarida bo‘lib o‘tadigan Tojikiston filmlari kunlaridir. Unda hamkorlikda suratga olinadigan yangi ikki filmning loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston va Tojikiston kinematografiyasida ko‘plab umumiylik va bog‘liqliklar bor.

Tarixan o‘rnatilgan uzoq yillik aloqalar mavjud. Umid qilamizki, ikki mamlakat kinoijodkorlarining hamkorligi nafaqat mazmunli kinomahsulotlar paydo bo‘lishiga va o‘zaro tajriba almashishga balki xalqlarimiz orasidagi iliq munosabatlarning yuksalishiga hissa qo‘shadi» – deydi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Prezidentning Dushanbega safari davomida Tojikiston telekanallarida yangi o‘zbek filmlari namoyish etiladi