Pensiya tizimiga katta yangilanishlar kiritiladi

O‘zbekistonda ilg‘or xorijiy tajriba asosida davlat pensiya ta’minoti tizimining samaradorligini oshirish maqsadida pensiya tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi kompleks dastur ishlab chiqiladi.
Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yil uchun davlat dasturida qayd etilishicha, yil yakuniga qadar ishlab chiqiladigan kompleks dasturda quyidagilar nazarda tutiladi:
— amaldagi jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish;
— pensiya jamg‘armalarini kapitallashtirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish;
— pensiya jamg‘arma mablag‘larini samarali safarbar qilish va uzoq muddatli investitsiyaga yo‘naltirish mexanizmlarini joriy qilish orqali kapital bozorini rivojlantirish;
— barqaror pensiya tizimini yaratish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida xalqaro konsultantlardan iborat bo‘lgan loyiha ofisini tashkil qilish.
Hujjat bilan 2026 yil iyulga qadar pensiyalardan chegirma qilinganidan so‘ng pensionerga to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligini nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash rejalashtirilgan. Mazkur qonun bilan esa “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, har oylik chegirmalar miqdori pensiyaning 50 foizidan oshishi mumkin emasligi, chegirma qo‘llangandan so‘ng pensionerga to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanadi.
Shuningdek, sentyabrgacha ayrim davlat xizmatlarini aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatisiz (proaktiv) vakolatli organlarning tashabbusi asosida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanadi. Loyihada ayrim davlat xizmatlarini vakolatli organlarning tashabbusi asosida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutiladi.
Xususan, pensiya yoshiga yetgan shaxslarga shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘lar ularning murojaatisiz beriladi. Davlat OTMga o‘qishga qabul qilingan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga talabalar turar joyiga qabul qilingani bo‘yicha yo‘llanma ham proaktiv tarzda beriladi.
O‘zbekistonda pensiyaga chiqish yoshini oshirish ham rejalashtirilmoqda. 2025 yil oktyabrida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Otajonov pensiya islohoti loyihasiga ko‘ra, erkaklar uchun pensiya yoshini 60 yoshdan 63 yoshga, ayollar uchun esa 55 yoshdan 58 yoshgacha oshirish taklif qilinayotganini, bunda pensiya yoshini oshirish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi — har yili yarim yildan qo‘shib borilishini aytgandi.