18:09 / 31.12.2022
1 693

Vazirliklar qisqarishi nega xalq muhokamasiga qo‘yilmadi?

Vazirliklar qisqarishi nega xalq muhokamasiga qo‘yilmadi?
29 dekabr kuni AOKAda O‘zbekiston Prezidentining Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish bo‘yicha Farmoni va Qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev, Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori o‘rinbosari Akbar Musayev va boshqa vazirlik hamda idoralar mutasaddilari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida so‘zga chiqqanlar, asosan, kutilayotgan ma’muriy islohotlarning mohiyati, ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi samarasi haqida ma’lumot berishdi. Anjumanda ko‘plab OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan bevosita mutasaddi va ekspertlardan javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Jumladan, Azon.uz muxbiri Nurbek G‘ofurov ham mazkur ma’muriy islohotlar, xususan, turli vazirliklarni qisqartirish va qo‘shib yuborish masalasiga to‘xtalib, bu borada jamoatchilik fikri qanchalik ahamiyatga ega bo‘lgani bilan qiziqdi.

Ekspertlarning so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, vazirliklarni qisqartirish masalasi yillar davomida “pishib yetilayotgan” mavzu edi. Yaqinda e’lon qilingan Prezident farmoni va qarori esa bu muammoni huquqiy maydonga olib chiquvchi yakuniy qonuniy hujjat vazifasini o‘tayapti.

Azon.uz muxbiri Nurbek G‘ofurov bu fikrga e’tiroz bildirib, butun mamlakat ijtimoiy-siyosiy va hatto maishiy hayotida muhim o‘zgarishlar yasovchi, bevosita xalqimiz kelajagiga taalluqli ushbu dolzarb masala bo‘yicha xalq vakillari bilan maslahatlashilmagani, yoxud odamlar orasida muhokama qilinib, fikr va mulohazalar yig‘ilmaganiga mutasaddilar e’tiborini qaratdi. Zero vazirliklar ko‘proq xalq bilan ishlaydi. Har bir tuzilmaning ish samaradorligi bevosita odamlar turmushiga ta’sir qiladi va ijtimoiy kayfiyatda aks etadi.

Qolaversa, vazirliklarni qisqartirish mavjud dolzarb muammolarni hal qila oladimi yoki navbatdagi ma’muriy “rokirovka” sifatida tarixda qoladimi?

Adliya vaziri Akbar Toshqulov bu savolga javob berib, muxbirning xavotirlarini tasdiqladi. Albatta ma’lum bir vazirlikning qisqarishi yoki qaysidir kadrlarning ishsiz qolishi bevosita odamlar hayotiga oid nozik masala hisoblanadi. Lekin shu bilan birga, mazkur masala asosan shu mavzuda tajribaga ega, tizimdagi jarayonlarni kuzatib kelayotgan tor soha mutaxassislari va ekspertlari orasida muhokama qilingan.

Ekspertlar esa tabiiyki joylardagi vaziyat bilan bevosita tanish bo‘ladi, har bir islohot va o‘zgarishlarning nechog‘li samara berayotgani, xalq hayotiga qanchalik ijobiy yoxud salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini kuzatib borib, tahlil qiladi, olingan xulosalarni inobatga olgan holda keyingi islohot va loyihalar bo‘yicha o‘z tavsiyalarini beradi.

Shuningdek, Akbar Toshqulov vazirliklarni qo‘shish yoki qisqartirish masalasi oldindan xalq muhokamasiga qo‘yilsa, mazkur jarayon bevosita ta’sir qiluvchi xodimlarda ruhiy tushkunlik yoki vahima uyg‘onishi ham mumkin degan munozarali fikrni ham ilgari surdi.

Adliya vaziri Azon.uz muxbirining "vazirliklarning qisqarishi mavjud muammolarni hal qiladimi", degan savoliga “hal qilmaydi”, deya qat’iy javob berdi. Vazirning bildirishicha, mavjud muammolarni tizimli o‘rganish va yechim topishni yo‘lga qo‘yish lozim. Har bir muassasa o‘z ishini qilishi kerak. Inspeksiyaning o‘z vazifasi bor, agentlik va vazirlikning o‘z vazifasi bor. Vazirlik sohadagi umumiy siyosatni yuritadi. Lekin vazirlik faoliyatini nazorat qilish inspeksiyalar zimmasiga tushadi.

Bir so‘z bilan aytganda, hozirda vazirliklarni qisqartirish emas, tizimlashtirish maqsad qilingan, idoralararo faoliyatni muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan. Shu jumladan, davlat muassasalarini konseptual tarzda takomillashtirish, faoliyat mexanizmini yengillashtirish, pirovardida ixcham davlat idorasi bo‘lishiga erishish ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, ma’muriy islohotlar masalasi bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q, bu haqda bir necha yillardan beri gapirib kelinyapti. Aynan davlat idoralarini ixchamlashtirishga urg‘u berilmagan bo‘lsada, alohida sohalar bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.

Yangi farmon va qarorning ahamiyatini bir vazirlik misolida ko‘rish mumkin. Masalan, O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaga, ijtimoiy ta’minotga javob beradigan yagona vazirlik paydo bo‘lyapti. Ijtimoiy himoya bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, oila, xotin-qizlar, mahalla vazirligi, bandlik, tibbiy-ijtimoiy himoyani rivojlantirish agentliklari yagona vazirlikka birlashtirmoqda.

Shu tariqa, ijtimoiy himoya qilish tizimida yagona davlat siyosatini yuritadigan organ paydo bo‘ladi. Demak, o‘xshash xizmatlarga ehtiyoji tushgan fuqaro turli vazirlik va agentliklar orasida sarson bo‘lmaydi, bitta muassasaga murojaat qilib, muammosini hal qiladi. Qolaversa, bitta huquqiy tuzilma ichida turli bo‘limlar o‘rtasida o‘zaro ma’lumot almashinuv ham nisbatan tezroq va aniqroq bo‘ladi, deya fikr bildirdi Adliya vaziri.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Vazirliklar qisqarishi nega xalq muhokamasiga qo‘yilmadi?