08:11 / 11.01.2023
588

Hukumat qaroridagi beqarorlik. Qo‘shimcha ta’til bekor qilindi, endi o‘quvchi va talabalar sarson bo‘ladimi?

Hukumat qaroridagi beqarorlik. Qo‘shimcha ta’til bekor qilindi, endi o‘quvchi va talabalar sarson bo‘ladimi?
Foto: Kun.uz
O‘zbekistondagi ayrim OTM hamda maktablarda qo‘shimcha ta’til bekor qilinib, darslar 11 yanvardan boshlanishi ma’lum qilindi. Favqulodda qabul qilingan bu qaror qanchalik to‘g‘ri bo‘ldi?

Boshidan boshlaymiz

Anomal sovuq sabab barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalariga navbatdan tashqari ta’til e’lon qilinib, darslar 18 yanvardan boshlanishi ma’lum qilingandi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda 11 yanvardan barcha maktab va oliygohlarda darslar boshlanishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Bir necha soatlik kichik vahimalardan keyin tashkilotlar rasmiy munosabat bilan bu xabarlarni tasdiqlashdi.

Dastlab Andijon viloyati hokimiyati 11 yanvardan viloyatdagi barcha maktablar va oliy va o‘rta maxsus ta’lim dargohlarida o‘qish boshlanishini xabar qildi.

«Yurtimizda joriy yil yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligida havo harorati keskin pasayib ketishi munosabati bilan Andijon viloyatdagi oliy ta’lim, professional ta’lim muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida belgilangan tartibda ish tashkil etilib, qishki tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, mavjud binolar va talabalar turar joylari o‘quv jarayonlarini boshlash uchun shay holatga keltirildi
», – deyiladi xabarda.

Keyin Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ham hududdagi barcha maktablarda an’anaviy tarzda darslar boshlanishini ma’lum qildi.

«O‘zgidrometeorologiya markazi xabariga ko‘ra, 11-18 yanvar kunlari viloyatimizda havo harorati keskin tushib ketmasligini inobatga olib, 2023 yilning 11 yanvar sanasidan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qish jarayoni boshlanishini ma’lum qilamiz», – degan boshqarma.

Buxoro viloyati XTB viloyatdagi barcha maktablarda 3-chorak 11 yanvardan boshlanishini ma’lum qildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqanddagi filialida darslar boshlanayotganini xabar qilgan:
«Samarqand viloyatida ob-havo mo‘tadil bo‘lishini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunining 27-moddasiga asosan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlariga muvofiq, Samarqand viloyat hokimligi bilan kelishilgan holda, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali o‘quv mashg‘ulotlarini 2023 yil 11 yanvardan an’anaviy tarzda boshlashini ma’lum qiladi.

Boshqa viloyatlardan keladigan talabalar istisno tarzda onlayn o‘qish grafigi bo‘yicha tyutorlarga murojaat qilishlari so‘raladi
».

Shundan so‘ng, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi holatga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, shu yil 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanadi. Qayd etilishicha, o‘quv jarayonini Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga asosan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tashkil etish tavsiya etilgan.

«Ushbu jarayonlarni belgilangan tartibda amalga oshirish maqsadida har bir ta’lim muassasasida kecha-yu kunduz faoliyat olib boradigan, malakali mutaxassislardan iborat «Shtab» tashkil etiladi. Anomal sovuq bo‘lishi kutilayotgan 10–18 yanvar kunlarida barcha ta’lim muassasalarida har qanday majlislar (jumladan ZOOM shaklida), tadbirlar, mas’ullarni asosiy faoliyatidan chalg‘ituvchi boshqa yig‘ilishlar o‘tkazish taqiqlanadi.

Shuningdek, ta’lim muassasalari binolarining issiqlik tizimlari barqaror ishlashi ta’minlanadi. Ta’lim muassasalari rahbarlari va tegishli mahalliy hokimliklar talaba-o‘quvchilarni xabardor qilish, ularni OTM joylashgan hududga yetib kelishini ta’minlash hamda mazkur jarayonlarni shaxsan nazoratga oladi. O‘quv jarayonlarini tashkil etishda hudud imkoniyatlari, talabalarning noqulay ob-havo sharoitlarida oliygohlarga yetib kelishlari to‘la inobatga olinishi va bunga zarur shart-sharoitlar yaratilishi lozimligi bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

O‘quv jarayonini tashkil etishda zaruriyat tug‘ilganda o‘quv grafigiga o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi. 20 yanvarga qadar talabalarning imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishlari tavsiya etiladi.

Alohida ta’kidlaymizki, 20 yanvarga qadar yakuniy nazorat ishlari tashkil etilmaydi. Ob-havo sharoitlari tufayli o‘qishga kelolmagan talabalarga o‘quv jarayonlarini boshlash hamda nazorat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tegishli masofaviy dasturlar taklif qilinadi
», – deyilgan vazirlik munosabatida.

Ammo rasmiy izohda aynan qaysi viloyatlardagi qaysi OTMlar 11 yanvardan darslarni boshlashiga aniqlik kiritilmagan.

Shu bilan birga, yuqoridagi holatlar yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hali rasmiy izoh bilan chiqqanicha yo‘q. Vaholanki, mahalliy hokimliklar 11 yanvardan maktab va bog‘chalar ham ishga tushishini yozmoqda. Kun.uz bu bo‘yicha vazirlik matbuot xizmati bilan bog‘lanishga urindi, ammo javob olishning iloji bo‘lmadi.

Mahalliy hokimliklar ta’limga oid qaror qabul qilishi mumkinmidi?

Mazkur jarayonda bir holatga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Viloyat hokimliklari vazirlikdan oldin e’lon qilgan qaroriga «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasini asos qilib olishmoqda.

Iste’molchi huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu asos bo‘la olmaydi. Ushbu qonunning 27-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlariga ta’lim tashkilotlari uchun o‘quv ta’tillarini belgilash yoki ularni bekor qilib, o‘quv jarayonlarini boshlash vakolati berilmagan.

Shuningdek, federatsiya joylardagi ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini ham o‘rgangan.

«Monitoring natijalari ushbu anomal sovuq va uzluksiz qor yog‘ib turgan ob-havo sharoitida talaba va o‘quvchilarning ta’lim tashkilotiga yetib kelishi keskin qiyinlashishini ko‘rsatdi. Shu bois ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini boshlash muddatini belgilashga doir qaror qabul qilishda ta’lim muassasalari ma’muriyati, ota-onalar va pedagoglar bilan maslahatlashgan holda ish tutish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Shuningdek, bunda qishloq joylardagi bolalarning bir necha kilometr uzoqlikdagi maktablarga piyoda qatnashini ham inobatga olish zarur.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, ertadan boshlab respublikaning aksar hududida havo keskin sovishi kutilmoqda. Natijada avtoyo‘llar muzlashi, bu esa yo‘llarda yo‘l-transport hodisalari ko‘payishiga olib kelishi mumkinligini unutmaslik lozim. O‘ylaymizki, mas’ullar bu borada eng to‘g‘ri qarorga kelishadi
», – deyiladi xabarda.

Favqulodda qabul qilingan qaror to‘g‘ri bo‘lmadi

Shuningdek, bu yerda inobatga olinmagan yana bir qancha jihatlar bor. «O‘zgidromet» xizmati bu hafta havo harorati kechalari minus 12-17 daraja, kunduz kunlari 5-8 daraja sovuqqacha, shimolda kechalari minus 17-22 darajagacha tushishini xabar qilgandi.

Shundan kelib chiqib, barcha ta’lim muassasalarida navbatdan tashqari ta’til e’lon qilingandi. Hozirda anomal sovuqqa OTM, maktab va bog‘chalar qanchalik tayyor ekani savol ostida turibdi. Vaholanki, o‘tgan yili dekabr oyida maktablar qishga tayyor emasligi ko‘rinib qolgandi.

Sovuq sabab havo yo‘llari hamda temiryo‘llaridagi qatnovlarda ham muammolar yuzaga kelmoqda. Uzbekistan Airports 10 yanvarning o‘zida 8 ta aviareys vaqtlarida o‘zgarish bo‘lganini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, 2 ta reys qoldirilgan, bittasi bekor qilingan, qolganining uchish vaqti kechiktirilgan.

Temiryo‘llarda ham qor va muzlamalar yuzaga kelayotgani hisobga olinsa, poyezdlar harakat vaqtida ham o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. OTMda o‘quvchi talabalarning aksariyat qismi boshqa viloyatlardan kelib o‘qiydi. Mana shu vaziyatning o‘zi ham tahsil oluvchilarga yana bir muammoni keltirib chiqarishi mumkin. Onlayn ta’lim olish imkoniyati yaratilgan taqdirda esa ta’lim sifatida bo‘shliqlar yuzaga kelishi yoki barcha talabalar oflayn shaklda o‘qishga majburlanishi ehtimoli yo‘q emas.

Umuman olganda, bu kabi muhim qarorlar bevosita vakolati bor tashkilot organlari tomonidan vaziyatni har taraflama o‘rgangan holda qabul qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki ta’limdagi har qaysi bo‘g‘inda juda ko‘plab yoshlar qamrab olingan. Oldingi qarorni favqulodda inkor qiluvchi bu kabi qarorlar esa ularning bor ishonchini ham so‘ndirish, o‘quvchi hamda talabalarni sarson qilishga xizmat qiladi.

2019 yilda kirish imtihonlariga 1 oy vaqt qolganida Toshkent davlat yuridik universiteti uchun test sinovlaridagi fanlar taqsimoti o‘zgargani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Hukumat qaroridagi beqarorlik. Qo‘shimcha ta’til bekor qilindi, endi o‘quvchi va talabalar sarson bo‘ladimi?