Foto: Shutterstock
O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzandi uchun – barcha ayollarga, ikkinchi farzandi uchun – farzand tug‘ilgan paytda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi. Qolgan barcha holatlarda nafaqa to‘lanmaydigan bo‘ldi.
Hozirda bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa mehnatga ham to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi (hozirda 738 150 so‘m)ga teng.
Suyunchi pulining barcha ayollarga emas, faqat ijtimoiy himoya reyestridagilarga berilishi ko‘pchilikning, jumladan, xotin-qizlarning e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Bola uchun ajratiladigan uncha katta bo‘lmagan miqdordagi tejab qolingan bir martalik nafaqaning nima maqsadda sarflanishi ham hozircha savol ostida.
“Albatta, ayol sifatida, ona sifatida va fuqaro sifatida bu qaror meni xursand qilmadi. Biz ayollar uchun hamma farzandimiz birdek — 9 oy ko‘tarib, o‘n soatlab dard chekib tug‘iladi va bir xilda mashaqqat bilan katta qilinadi. Ertaga ular katta bo‘lsa, oilada nechanchi bo‘lib tug‘ilganidan qat’i nazar, shu vatan oldida teng huquqli va majburiyatli bo‘ladi. Afsuski, aksar qismi erkaklardan iborat qaror qabul qiluvchilarimiz boshqacha o‘ylashadi shekilli”, deb yozdi bloger Shahnoza Soatova.
Sobiq deputat, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev fikricha, bu ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash siyosatiga mutlaqo zid harakat.
Iqtisodchi Otabek Bakirov “suyunchi puli”dan tejalgan pullar nimaga sarflanishi haqidagi savolni o‘rtaga tashladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilganlar va reyestrga kiritilgan ayollarning tug‘ish statistikasi bo‘yicha biron bir normal statistika yo‘q.
Lekin yarmi yopiq va chala-chulpa demografiya statistikamizga ko‘ra, jami tug‘ilish ko‘rsatkichida birinchi farzandlarning ulushi 23,7% atrofida. Agar shu proporsiyani o‘tgan yilgi tug‘ilish soni ko‘rsatkichiga qo‘llasak, 2023 yilda ikkinchi va keyingi tug‘ilgan farzandlar 734 ming atrofida bo‘lgan, deb taxmin qilish mumkin.
Tendensiyaga ko‘ra bu yil tug‘ilish umumiy soniyam, ikkinchi va undan keyingi tug‘ilgan farzandlar soni ham o‘sadi.
Demak, hukumat mazkur budjet manyovridan 2024 yilda 415 mlrd so‘mgacha tejab qoladi (kelasi yillarga iqtisod qilingan mablag‘ yanayam kattaroq ko‘rinish oladi).
Asosiy savol shundaki, bu pullar nimaga va qaysi maqsadlar uchun ishlatiladi? Agar gap ayanchli ahvolda qolayotgan maktablarga yo kasalxonalarga yo‘naltirish haqida ketsa, bu bitta keys. Shunday maqsadlar uchun mazkur manyovrga qo‘l urilgan bo‘lsa, shaxsan men ikki qo‘lim bilan quvvatlayman.
Lekin bizning yangi tariximiz prioritetlaridan kelib chiqilsa, kambag‘al va muhtojlardan tejalgan mablag‘lar odatda yaqin oligarxlar cho‘ntagiga ishlaydigan loyihalar yoki sxemalarga taqsimlanishi ehtimoli ko‘pligi xavotirga soladi”, deb yozadi iqtisodchi.
Qo‘shni davlatlarda “suyunchi puli” bormi?
Qo‘shni Qozog‘istonda ham bola tug‘ilganda to‘lanadigan bir martalik nafaqa mavjud. Bu nafaqa 2024 yil holatiga ko‘ra, birinchi 3 nafar bola uchun 140 296 tengeni (3 mln 907 ming so‘mni) tashkil qiladi. To‘rtinchi va undan keyingi bolalar uchun 232 596 tenge (6 mln 477 ming so‘m) miqdorida to‘lanadi.
Qozog‘istonda tug‘ilganlik nafaqasi va bola parvarishi uchun to‘lanadigan to‘lovlar miqdori keyingi tug‘iladigan bolalarga qarab ko‘payib boradi.
Qirg‘izistonda esa oila daromadidan qat’i nazar har bir bolaga tug‘ilganda bir martalik 4 ming som (560 ming so‘m) miqdorida nafaqa beriladi. Agar bir vaqtning o‘zida 3 va undan ortiq chaqaloq tug‘ilsa, ularning har biriga 50 ming somdan (7 mln so‘m) “suyunchi puli” beriladi.
Endi onalar kamroq tug‘adimi? – onalar nima deydi?
Bir marta to‘lanadigan 738 ming so‘mlik nafaqaning faqat birinchi farzandga berilishi haqida onalar fikrlarini jamladik. Ularning aksari davlat tomonidan ajratiladigan bu pul miqdorining hammaga to‘lanmasligi o‘zlariga ma’qul bo‘lmaganini bildirdi. Ba’zilar esa bu pul ular uchun unchalik ahamiyatga ega emasligini aytdi.
“Bu juda achinarli holat. Bola pulini tiklash o‘rniga hattoki suyunchi pulini ham olishyapti. Men bu pulga muhtoj emasman. Ammo hamma ayollarning mendek qarashadigan ota-onasi, ishi, oyligi yo‘q. Oylik shunday ham kam. Ikki yoki 3 ta farzandi borlar qiynaladi”.
“Davlat "suyunchi puli"ni yo‘qotibdi, mayli. Lekin har bir tug‘ilgan bolaga xuddi birinchi sinfga chiqqandagidek kerakli narsalar olib berishi kerak. To‘lagan soliqlarimiz nimaga ketyapti?”
“Ikkita farzandim bor, shu vaqtgacha biror martayam bola puli olmaganmiz. Hozir ijarada turamiz. Turmush o‘rtog‘im doktorant, ilmiy ish qilyapti. 0,25 stavkada ishlaydi. 300 dollar ijara puli. O‘zim yaqinda kontrakt bilan o‘qishimni tugatdim. Hozirda yosh bola bilan ishga chiqmayman. Ammo bizning moliyaviy ahvolimiz yaxshi ekan, shu sabab bola puli olmas ekanmiz. Endi suyunchi puliyam yo‘q bo‘lsa, katta rahmat. Olgan suyunchimizni yoniga qo‘shib, “raddom”ga suyunchi qilib berardik. Millionlab, milliardlab pullarni o‘z hisobiga o‘zlashtirayotganlarning emas, bir-ikki so‘m oladigan onalarning puli ko‘zga ko‘rinibdi-da. Onalarga berilgan 700 ming so‘m bilan davlatimiz boyib, yaxshi taraflarga o‘zgarib, gullab-yashnab ketsa, olaversin”.
Unchalik ahamiyatli emas deb hisoblayman. Baribir ona “roddom”daligi paytida er yo qaynonasi u pulni o‘zlashtirib olardi, ko‘p hollarda ona-bolaga berilmaydi.
Birinchi farzandmi, ikkinchi farzandmi, har qaysisi tug‘ilganda ham pul kerak bo‘ladi. Ba’zilar uchun bu pul ahamiyatli bo‘lmasligi mumkin, lekin ba’zilarga o‘sha pul ham harna yordam edi.
“O‘zbekistonda demografik o‘sish shundoq ham yaxshi, bola tug‘ilishi tanqisligi yo‘q. Davlat berayotgan pulga qarab qolmasdan farzand ko‘rishni rejalashtirish kerak”.
“Aytgan bilan o‘zgarmaydi hech narsa. Bola ta’minoti haqida o‘zimiz o‘ylaganimiz yaxshi”.
“Arzimas pul edi, shuniyam ko‘p ko‘rishdi, mayli, nimayam derdik: peshonamizga bersin”.
“Bu tug‘ishni kamaytirish uchun bo‘lsa kerak”.
“Farzandim tug‘ilganda tug‘uruqxonadaligimdayoq plastik kartamga tashlab berishgandi. Shunda “voy, zo‘r”, degandim. Endi bu xabar. Hech kim 700 ming so‘mga ishonib bola tug‘maydi. Bu ona va bolaning mayda chiqimlariga ishlatiladigan summa edi xolos. Boshqa davlatlarda bola tug‘ilganda beriladigan imkoniyatlar haqida eshitganda bu yangilik odamni xafa qiladi”.
“To‘g‘ri qilishadi bermay. Bola puli baribir bolaga yetib bormaydi. O‘zi tug‘ishni ham moliyaviy holatiga qarab cheklash payti keldi. Ishsiz, uysiz, temir daftarda turib 3-4 ta tuqqanlar bor”.
“Bu “suyunchi puli” bekor bo‘lsa, “roddom”ga beriladigan “suyunchi pulini ham yo‘q qilishsin, imkonlari bo‘lsa”.
"Bu pul davlat tomonidan yana bir o‘zbek bolasi tug‘ildi, millatimiz yana bittaga ko‘paydi degan ma’noda beriladigan suyunchi edi deb hisoblayman. Bu pulni ayollar olishlari va bolalariga ishlatishi kerak deb hisoblayman. Bu pul berilmasligiga bir jamiyat ayoli sifatida qarshiman. Davlat tug‘ilajak bolalarimizga e’tibor bermasligi, ularning onalarini qo‘llab-quvvatlamasligi yaxshi emas”.
“Bu berilayotgan pul bilan hech kim boyib ketmaydi, lekin inson qadri degan narsalar bor-ku. Farzand rejalashtirishni ham bugungi kunda hamma oila o‘z sharoitidan kelib chiqib qilyapti. Bu pul bilan bola katta bo‘lib qolmaydi”.
“Eshitib jahlim chiqdi. Berishgani yaxshi edi. O‘zbekistonda oddiy oilalar juda ham ko‘p-ku”.
“Odamlarni tabaqalashtirishni shu joyga ham tiqishmasa, yaxshi bo‘lardi. Bu pul har bir ona va bolaga berilishi zarur deb hisoblayman”.
Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»