13:27 / 31.05.2024
74

Mutaxassislar maktabdagi muammolar haqida: O‘zbekistonda pedagoglik kasbi jozibador emas, ota-onalar esa farzandlarining ta’limiga befarq

Mutaxassislar maktabdagi muammolar haqida: O‘zbekistonda pedagoglik kasbi jozibador emas, ota-onalar esa farzandlarining ta’limiga befarq
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi maktab ta’limining rivojlanishiga xalal beruvchi asosiy 6 ta muammolarni o‘rganib, o‘z tahlillarini e’lon qildi.

Malakali kadrlar yetishmaydi, kasb jozibador emas

Dastlab, muammoning asosiy sabablaridan biri sifatida o‘qituvchilik kasbining kutilgan va haqiqiy sharoitlar o‘rtasidagi farqi keltirilgan. Ta’kidlanishicha, soha kam ish haqi va og‘ir mehnat sharoitlarini o‘z ichiga olgan va bu omillar yuqori malakali nomzodlarni o‘qituvchilikni tanlashdan qaytaradi.

2023 yil avgustdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 220 ming nafar o‘qituvchining 86 ming nafari, 37 foizining malakasi “qoniqarsiz” deb baholangan. Ayniqsa, talab yuqori bo‘lgan informatika, ingliz tili, fizika, matematika va kimyo fanlari bo‘yicha o‘qituvchilar orasida vaziyat juda tashvishli.

Markazning yozishicha, sohada malakali kadrlarning yetishmasligi o‘qituvchilarni tanlashning shaffof tizimi yo‘qligidan ham bo‘lishi mumkin. Qayd etilishicha, 2024 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasi muhokamasida kasb egalarining aksariyati ishga qabul qilinish jarayonida adolatsiz holatlarga duch kelishi aytilgan. Ya’ni maktab rahbarlari o‘qituvchilarni lavozimga tayinlashda ko‘pincha tanish-bilish yoki korrupsion usullardan foydalangan shaxslarga ustunlik berishi, kasbiy mahorat va adolat tamoyillari buzilayotgani ta’kidlangan.

Sinflarda o‘quvchilar soni ko‘p

Sinfdagi o‘quvchilar sonining ko‘pligi o‘qitish jarayonida har bir o‘quvchiga individual yondashish va e’tibor berishni qiyinlashtirishi, bu esa ta’lim sifatini pasaytirishi – ko‘p jihatdan isbotlangan fakt. Mutaxassislarga ko‘ra, maktablarda o‘rinlar yetishmasligi sabab respublikadagi ayrim sinflarda bolalar soni o‘rtacha 40–50 nafarni tashkil etadi, garchi rasmiy tartibga ko‘ra sinfdagi o‘quvchilar soni 35 kishidan oshmasligi kerak bo‘lsa ham.

Soha vakillari muassasa quvvatidan ham ko‘proq bolalar o‘qiyotganini qabul jarayoniga turli shaxslarning aralashuvi borligi bilan bog‘lagan. Masalan, Toshkent shahridagi bir maktab direktori o‘quvchilar soni ikki baravar ko‘p bo‘lishiga qaramay, bir yilda yuzta bolani qabul qilish bo‘yicha iltimoslar kelib tushishini aytgan.

AQSHning Milliy maktab kengashlari assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, sinflardagi o‘quvchilar sonining ko‘payishi bolalarning ta’limdagi muvaffaqiyat darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va xulq-atvor muammolarini kuchaytiradi. Bundan tashqari, o‘quvchilar zichligi yuqori bo‘lgan maktablarda darslarni qoldirish holatlari ko‘proq kuzatiladi.

Yangi texnologiyalar va innovatsion imkoniyatlarga e’tibor kam

O‘rganishlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi ko‘plab ta’lim muassasalari texnologik yangilanish va jihozlarni yaxshilash, shuningdek, zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish zaruratiga duch kelmoqda. Bu nafaqat kompyuter texnikasi va dasturiy ta’minotni yangilash, balki o‘quv materiallarini, ya’ni ularni zamonaviy ta’lim standartlariga moslashtirishni ham o‘z ichiga oladi.

O‘quv materiallarining sifati ham ta’lim jarayonining muhim qismini tashkil etadi. Qayd etilishicha, tarixiy yoki geografik obyektlarning noto‘g‘ri joylashuvi kabi darsliklardagi xatolar ta’lim samaradorligini sezilarli darajada pasaytirishi mumkin. Tashkilot vakillari misol tariqasida 3-sinf o‘quvchilari uchun o‘qish savodxonligi darsligida Ichan-Qal’aning Buxoroda joylashgan deb ko‘rsatib o‘tilganini keltirishgan. Bu o‘quvchilarni chalg‘itishi, o‘z mamlakati tarixi va geografiyasi haqidagi tushunchalarini buzishi mumkinligi ta’kidlangan.

Bolalar bog‘cha ta’limi bilan to‘liq qamrab olinmagan

IHTT ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalarning atigi 67 foizi bir yil yoki undan ko‘proq vaqt davomida maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnaydi. Bu esa IHTT mamlakatlari bo‘yicha o‘rtacha 94 foiz ko‘rsatkichidan ancha past. Singapur va Yaponiya kabi mamlakatlarda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi mos ravishda 99 foizni va 100 foizni tashkil etadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, maktabgacha ta’lim bolalarning keyingi hayotidagi ta’lim yutuqlari uchun muhim. Misol uchun, maktabgacha ta’limni bir yil yoki undan ko‘proq vaqt davomida olgan o‘quvchilar PISA-2022da 15 yoshida matematika bo‘yicha yuqori natijalarni ko‘rsatgan. Bu esa maktabgacha ta’limga umuman qatnamagan yoki bir yildan kam vaqt davomida o‘qiganlarga qaraganda ancha yuqori. Bu erta ta’limga sarmoya kiritish muhimligini ta’kidlaydi.

Ta’limdagi notenglik

O‘zbekistonda ta’lim resurslari va imkoniyatlari teng taqsimlanmaganligi ta’lim sifatidagi farqlarga olib keladi. YUNICEF, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, shaharda o‘qiydigan o‘quvchilar qishloqdagi tengdoshlariga qaraganda, matematika va tabiiy fanlarni o‘zlashtirish bo‘yicha yaxshiroq natijalarga erishmoqda.

Bunday tengsizliklar davlat va ta’lim tashkilotlarining e’tiborini jalb qilib, hududlar o‘rtasida ta’limdagi farqlarni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni, O‘zbekistondagi barcha bolalar uchun sifatli ta’limga teng imkoniyatlarni ta’minlashni talab qiladi.

Ota-onalar o‘quv jarayonini yetarlicha qo‘llab-quvvatlamaydi

Aytilishicha, ota-onalar va keng jamoatchilikning ta’lim jarayonida passiv ishtiroki bolalarning ta’lim sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Maktab, oila va jamoalar o‘rtasidagi aloqalar zaif bo‘lsa, bu ta’lim muvaffaqiyatiga to‘sqinlik qilishi keltirilmoqda.

2023 yilda O‘zbekistonda 12 mingdan ortiq ota-onalar farzandlarini tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun jarimaga tortilgan. Qayd etilishicha, bu muammoning yorqin misoli bo‘lib, ota-onalarning ta’lim-tarbiya jarayoniga faol jalb etilishi, oila, maktab va mahalla o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga harakat qilish zarurligini ko‘rsatadi.

Bunday jalb qilish nafaqat bolalarning ta’lim natijalarini yaxshilashga yordam berishi, balki ularda mas’uliyat va o‘quv jarayoniga jalb qilish hissini tug‘dirishi hamda ularning o‘qishga bo‘lgan motivatsiyasi va qiziqishini oshirishi ta’kidlangan.

Maktab ta’limi sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar

Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish, maktab ta’limi sifatini oshirish hamda maqsadli parametrlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun “Taraqqiyot strategiyasi” markazi quyidagi choralarni ko‘rishni taklif qilmoqda.

Birinchidan, o‘qituvchilikka tanlashning shaffof va adolatli tizimini yaratish kerak. Ta’kidlanishicha, nomzodlarning barchasi uchun aniq, xolis va bir xil qabul qilish shartlari, mezonlari joriy etilishi lozim. Bu barcha talabgorlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga va eng malakali, g‘ayratli o‘qituvchilarni aniqlashga yordam berishi aytilmoqda.

Bunga misollar ham keltirilgan. Masalan, Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi ta’lim bo‘yicha prefektura kengashlaridan, yozma imtihonlardan tashqari, ishga qabul qilish uchun suhbatga ko‘proq e’tibor qaratishni talab qiladi. Bu esa o‘qituvchilarga ta’lim berish uchun zarur bo‘lgan sifat jihatlari va yuklatilgan vazifani bajarishda imkoniyatlarini aniqlash uchun amalga oshiriladi.

Kanada maktablarida esa o‘qituvchilar yetishmasligining oldini olish maqsadida Manitoba va Yangi Shotlandiya shtatlarida o‘qituvchilik tajribasiga ega bo‘lmagan odamlarni o‘qituvchi bo‘lishga jalb qilish uchun muqobil sertifikatlashtirish dasturlari mavjud.

Ikkinchidan, Yaponiyaning ilg‘or amaliyotini hisobga olgan holda, maktablararo pedagogik tajriba almashinuvi tashabbusi amalga oshirilishi lozim. Yaponiyalik o‘qituvchilar har bir necha yilda dars beradigan maktabini o‘zgartirib turishlari va o‘zlarining kasbiy faoliyatlari davomida kamida bir marta qishloqdagi kichik maktabda ishlashlari zarur. Ushbu yondashuv o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga yordam beradi va mamlakatda ta’limning umumiy sifatini oshiradi.

Uchinchidan, maktab sinflarida o‘quvchilar sonining haddan tashqari ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘quvchilarni qabul qilish ustidan qat’iy nazoratni o‘rnatish lozim. Bunda har bir sinfda 35 kishilik chegaraning qat’iy rioya qilinishini ta’minlash zarur. O‘quv xonalarining bandligini real vaqtda my.maktab.uz dasturi yordamida sinchkovlik bilan kuzatib borish natijasida yangi o‘quvchilarni qabul qilish jarayonini tashkil etish mumkin. Bu dastur O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, sinflarning zichligi va o‘quvchilarni yashash joyi bo‘yicha qabul qilish bilan bog‘liq har qanday qoidabuzarliklar to‘g‘risida mas’ul organlarga avtomatik ravishda xabar berishi va tegishli choralar ko‘rilishini ta’minlashi muhim.

O‘quvchilarning yashash joyi bo‘yicha maktablarga qabul qilinishi yo‘lga qo‘yilgan Estoniya amaliyoti misol qilingan. U yerda maktabni tanlashda uyga yaqinligi 3 km dan oshmaydi, shuningdek, bir maktabda aka-uka va opa-singillarni o‘qish imkoniyati kabi mezonlar hisobga olinadi. Agar ma’lum bir hududda bolalar mahalliy maktabdagi o‘rinlar soniga nisbatan ko‘proq bo‘lsa, yashash joyi ro‘yxatdan o‘tgan vaqti hisobga olinadi, ya’ni oldinroq ro‘yxatdan o‘tganlarga ustunlik beriladi.

To‘rtinchidan, maktab darsliklari sifatini nazorat qilish standartlarini kuchaytirish juda muhim. O‘quv materiallari mazmunini tekshirish tizimini takomillashtirish ularning sifatini oshirishning asosiy omili hisoblanadi. Darsliklar chop etilishi va tarqatilishidan oldin nashriyotlar tomonidan ularda xatolar bor-yo‘qligi diqqat bilan ko‘rib chiqilishi zarur. Shuningdek, darsliklarni tayyorlash va chop etishning barcha bosqichlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlash choralari ko‘rilishi lozim.

Misol tariqasida Yaponiya amaliyotida malakali mutaxassislar tomonidan ta’lim standartlariga muvofiqligini tekshirish uchun darsliklar loyihalari Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligiga yuboriladi. Darsliklarning sifati 120 ga yaqin ekspertlar, jumladan, olimlar va o‘qituvchilardan iborat darsliklarni avtorizatsiya qilish bo‘yicha tadqiqot kengashi tomonidan baholanadi. Agar tekshirish jarayonida xatolar yoki standartlarga nomuvofiqliklar aniqlansa, Ta’lim vazirligi nashriyotlardan tegishli tuzatishlar kiritishni talab qiladi.

Bundan tashqari, darsliklar foydalanuvchilarining bevosita fikrlarini to‘plash va mazmunini tuzatishda ularni hisobga olish imkonini beradigan o‘qituvchi va o‘quvchilarning yagona ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish, shuningdek, tegishli bilim sohalarida malaka va kompetensiyalarini tasdiqlovchi darslik mualliflarini sertifikatlash mexanizmini joriy etish taklif etilgan.

Beshinchidan, ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish lozim. O‘quv jarayonini boyitish, o‘quvchilarda ijodiy fikrlashni rivojlantirish hamda ularni kompyuterda dasturlash va dizayn asoslari bilan tanishtirish imkonini beruvchi 3D-printer texnologiyasi ana shunday yangiliklarga misol bo‘la oladi.

Buyuk Britaniyada 21 ta maktab ishtirok etgan pilot loyiha natijalariga ko‘ra, 3D-printerlarning joriy etilishi o‘quvchilar motivatsiyasini sezilarli darajada oshiradi. Aksariyat ta’lim muassasalarida ushbu qurilmalardan foydalanish tufayli o‘quvchilarning fanlarga qiziqishi ortishi qayd etilgan.

Oltinchidan, o‘quv jarayonini monitoring qilish uchun yangi texnologiyalarni joriy etish kerak. Xitoyda ta’lim muassasalarida yuzni tanish texnologiyasiga asoslangan innovatsion tizim joriy etilgan bo‘lib, bu tizim o‘qituvchilarga sinfda tartibni yanada samarali saqlash imkonini beradi. Tizim o‘quvchilarning yuz ifodalarini tahlil qilishga, ularning o‘quv jarayonidagi faollik darajasini aniqlashga qodir uchta kameradan iborat.

O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida bunday tizimdan foydalanish ta’lim sifatini ham, darsdagi tartib-intizomni ham sezilarli darajada oshirishi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga foyda keltirishi mumkin.

Yettinchidan, ota-onalar bilan uchrashuvlarning masofadan turib va individual shakllarini qo‘llash orqali bola tarbiyasida ularning o‘rnini oshirish kerak. Bugungi kunda masofadan turib ota-onalar yig‘ilishlarini tashkil etish tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. AQSHning ko‘plab shtatlari va maktab okruglari videokonferensiya va boshqa onlayn platformalar orqali uchrashuvlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan. Masofaviy yig‘ilishlarning asosiy afzalliklari - bu vaqtni tejash va ota-onalarning qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, hatto shaxsan qatnashish imkoni bo‘lmagan taqdirda ham ma’lumot olish va maktab hayotida ishtirok etish imkonini beradi.

Ota-onalar bilan individual uchrashuvlar har bir o‘quvchining ta’lim olishi va rivojlanishi uchun maqbul sharoitlar yaratishga qaratilgan va o‘qituvchilar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bu yondashuvlar maktab va oila o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, ta’lim jarayonida aloqa va o‘zaro hamkorlikni yaxshilashga, yanada samarali va faol jamiyatni yaratishga yordam berishini aytadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mutaxassislar maktabdagi muammolar haqida: O‘zbekistonda pedagoglik kasbi jozibador emas, ota-onalar esa farzandlarining ta’limiga befarq