Anthropic kompaniyasi IPO oʻtkazish uchun maxfiy ariza topshirdi

Claude chatbotining yaratuvchisi hisoblangan Anthropic sunʼiy intellekt laboratoriyasi aksiyalarni ommaviy joylashtirish (IPO) uchun maxfiy tarzda ariza topshirdi. Taxminan 1 trillion dollarga baholanayotgan kompaniya AQSH Qimmatli qogʻozlar va birja komissiyasiga (SEC) tegishli hujjatlarni taqdim etganini rasmiy blogida maʼlum qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hozircha Anthropic sotuvga chiqariladigan aksiyalar soni yoki ularning narxini ochiqlamadi. Kompaniya vakillarining soʻzlariga koʻra, IPO jarayoni bozor sharoitlari va boshqa tashqi omillarga bogʻliq boʻladi. Ushbu qadam kompaniya oʻz qiymatini 965 milliard dollarga yetkazgan 65 milliard dollarlik H seriyasidagi investitsiya raundidan bir hafta oʻtmay amalga oshirildi.
Mazkur investitsiya raundi Altimeter Capital, Dragoneer va Sequoia Capital kabi yirik fondlar tomonidan boshqarilgan boʻlib, u koʻplab institutsional investorlarni jalb qildi. Anthropic kompaniyasining ushbu harakati SpaceX oʻzining 2 trillion dollarlik bahosi bilan IPOga tayyorlanayotgan qizgʻin davrga toʻgʻri keldi.
Shuningdek, Anthropic kompaniyasining asosiy raqobatchisi boʻlgan OpenAI ham oʻz IPO jarayoniga tayyorgarlik koʻrmoqda. Mart oyida OpenAI 122 milliard dollar mablagʻ toʻplab, oʻz qiymatini 852 milliard dollarga yetkazgan edi. Ikki yirik laboratoriyaning birja bozoridagi raqobati investorlarning sunʼiy intellektga boʻlgan qiziqishini jiddiy sinovdan oʻtkazishi kutilmoqda.
2021-yilda sobiq OpenAI xodimlari tomonidan asos solingan Anthropic dastlab autsayder sifatida koʻrilgan edi. Biroq Claude modeli va Mythos kiberxavfsizlik tizimi tufayli kompaniya daromadi keskin oʻsdi. Maʼlumotlarga koʻra, kompaniyaning yillik daromad koʻrsatkichi 2025-yil oxiridagi 9 milliard dollardan hozirda 47 milliard dollarga yetgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!