Bugundan kuchga kirgan muhim yangiliklar

O‘zbekiston qonunchiligida 2026 yil 1 iyundan e’tiboran qator yangilik va o‘zgarishlar kuchga kiradi. Ular energetika, soliq, qurilish, tadbirkorlik, bojxona, farmatsevtika va boshqa sohalarni qamrab oladi. Quyida mazkur sanadan amal qila boshlaydigan asosiy yangiliklar bilan tanishing.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar amal qiladi
O‘zbekistonda elektr energiyasi hamda tabiiy gazning yangilangan tariflari joriy etiladi. Hukumat qaroriga muvofiq, aholi uchun amaldagi tabaqalashtirilgan tarif tizimi saqlab qolinadi.
Oddiy maishiy iste’molchilar uchun oyiga 200 kVt soatgacha elektr energiyasi 650 so‘mdan, isitish davrida 500 kub metrgacha va boshqa fasllarda 100 kub metrgacha tabiiy gaz esa 1 100 so‘mdan hisoblanadi. Belgilangan hajmdan yuqori iste’mol uchun oshirilgan tariflar amalda bo‘lib qoladi.
QQS va daromad solig‘iga o‘tish chegarasi oshiriladi
Prezident farmoniga asosan, 1 iyundan soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ikki ming baravariga teng qilib belgilandi.
Amaldagi 1 milliard so‘mlik limit 2019 yilda joriy qilingan edi. Keyingi yillarda narxlar o‘sib borgani sabab ayrim tadbirkorlar mazkur chegaraga yaqinlashganda aylanmalarni yashirish, chek bermaslik yoki faoliyatni bir nechta subyektlarga ajratish holatlariga murojaat qilayotgani ta’kidlangan.
Kafe va mehmonxonalarda naqd to‘lovlarga ruxsat beriladi
Mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga alkogol hamda tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul qabul qilish huquqi qayta tiklanadi. Farmonga muvofiq, alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari mazkur subyektlarda yakuniy iste’molga realizatsiya qilingan deb tan olinadi.
Ko‘mir narxi bozor tamoyillari asosida shakllanadi
O‘zbekistonda ko‘mir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinishi rejalashtirilgan. Buning uchun ko‘mirni davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega strategik tovarlar ro‘yxatidan chiqarish taklif etilgan. Natijada mahsulot narxi talab va taklif asosida shakllanadi, ko‘mir esa iste’molchilarga birja savdolari orqali sotiladi.
Ayrim soliqchilarga 100 foizlik ustama beriladi
Xalqaro sertifikat va malaka darajasiga ega bo‘lgan soliq xizmati xodimlariga lavozim maoshining 100 foizi miqdorida har oylik ustama to‘lanadi. Qo‘shimcha to‘lovlar Soliq qo‘mitasining maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Kafe va restoranlarda qisqa muddatli rasmiy ishga qabul qilish mumkin bo‘ladi
Endilikda kafe va restoranlar xodimlarni soddalashtirilgan tartibda, hatto bir kunlik yoki 7 kunlik muddatga ham rasmiy ravishda ishga qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Bu tashabbus kichik biznes subyektlari uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy muhit yaratishga qaratilgan.
Ugom daryosi bo‘yida qurilishlarga cheklov qo‘yiladi
Ugom daryosining sohilbo‘yi hududlari va suvni muhofaza qilish zonalarida ekologik muvozanatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday qurilish, yer ishlari va sun’iy inshootlar barpo etish taqiqlanadi. Shuningdek, daryo havzasi hamda uning irmoqlarida gidrotexnik va gidroenergetik obyektlar qurilishiga ham ruxsat berilmaydi.
Qurilish sohasida javobgarlik kuchaytiriladi
1 iyundan texnik yoki mualliflik nazorati ostidagi qurilish obyektlarida qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudrat tashkiloti bilan bir qatorda nazoratchilarga nisbatan ham qat’iy choralar ko‘riladi. Bundan tashqari, qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ayrim obyektlar qurilishi onlayn kameralar orqali kuzatib boriladi.
Jazoni o‘tayotgan yoshlar raqamli kasblarga o‘qitiladi
Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida yosh mahkumlarni zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 8–12 oylik kurslarda ishtirok etganlarga elektron sertifikatlar taqdim etiladi.
Korrupsiyaviy xavfi yuqori xodimlar diagnostikadan o‘tadi
Ayrim inspeksiyalarda korrupsiya xavfi yuqori deb baholangan vazifalarni bajarayotgan xodimlar va ushbu lavozimlarga nomzodlar maxsus diagnostikadan o‘tkaziladi.
Agar natijaga ko‘ra korrupsiyaga barqarorlik darajasi past deb topilsa, xodim boshqa lavozimga o‘tkaziladi.
Farmatsevtika sohasi uchun yangi imtiyozlar joriy qilinadi
Dori vositalari ishlab chiqaruvchilariga xalqaro GMP sertifikatlarini olish va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qayta malakalash jarayonlari bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, mamlakatda hali ishlab chiqarilmayotgan dori vositalari va tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchilariga ham moliyaviy ko‘mak ajratiladi.
Markirovka kodlari hamkor davlatlarda ham tan olinadi
O‘zbekiston va hamkor davlatlar o‘rtasida suv hamda salqin ichimliklarga qo‘llaniladigan raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish tizimi ishga tushiriladi. Bu mahsulotlar harakatini nazorat qilish va noqonuniy aylanmaning oldini olishga xizmat qiladi.
Bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratiladi
Tadbirkorlik subyektlari uchun bojxona to‘lovlarini 120 kungacha kechiktirib yoki qismlarga bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Shu bilan birga, bojxona auditi «maslahatchi–auditor» tamoyili asosida amalga oshirilib, tadbirkorlarga aniqlangan kamchiliklarni mustaqil bartaraf etish imkoni yaratiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!