06:53 / 12.01.2025
18

Oʻzini oʻzi band qilgan holda taksichilik bilan shugʻullanishga doimiy ruxsat beriladi

Oʻzini oʻzi band qilgan holda taksichilik bilan shugʻullanishga doimiy ruxsat beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni transport va logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, dunyodagi geosiyosiy vaziyat bu sohada qiyinchilik tugʻdirmoqda. Gʻarb yoʻnalishida tashish muddati 2 karra, xarajati esa 1,5 barobargacha oshib ketayapti. Ayrim Evropa mamlakatlari chegaralaridagi oʻtkazish punktlari yopilgan, boshqalarida uzoq navbatlar yuzaga kelgan. Shu bois transport-logistika tizimini izchil rivojlantirish va tashqi savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish zarurligi ta'kidlandi.

Xususan, xalqaro va mintaqaviy bozorlarga olib chiqadigan muqobil yoʻnalishlar boʻylab joylashgan mamlakatlar bilan tranzit yuk tashuvlarni soddalashtirish va erkinlashtirish, chegaralarda undiriladigan yigʻimlarni oʻzaro tenglik asosida kamaytirish yoki bekor qilish choralarini koʻrish kerakligi ta'kidlandi.

Oʻzbekistonda yuk joʻnatuvchi va tashuvchini oʻzaro bogʻlaydigan ekspeditorlik xizmatlarining asosiy qismi xorijiy kompaniyalarga toʻgʻri keladi. Bu sohada mahalliy ekspeditorlarimizni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning xalqaro yuk tashishdagi xizmatlariga qoʻshilgan qiymat soligʻi olinmaydigan boʻldi. Natijada mahalliy korxonalar ulushini 45-50 foizga chiqarish imkoniyati koʻrsatib oʻtildi.

Shu kabi choralar orqali xalqaro yuk tashish hajmini 2 karra oshirish, transport xizmatlari eksportini kamida 3 milliard dollarga etkazish vazifasi belgilandi.

Oʻzbekiston hududi orqali tranzit tashuvlar hajmini koʻpaytirish ham muhim. Bu borada yaratilayotgan qulayliklar natijasida mamlakatimiz soʻnggi yillarda Jahon bankining logistika boʻyicha indeksida yuqorilamoqda. Bu tranzit salohiyati bilan birga investitsiya oqimi oshishiga, umuman, savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga xizmat qiladi.

Mutasaddilarga elektron navbat tizimini keng joriy etib, chegaradan oʻtish vaqtini 20 daqiqagacha qisqartirish, transport vositalarini onlayn kuzatish tizimini yoʻlga qoʻyish orqali qoʻshimcha yuk oqimlarini jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yana bir masala – yoʻnalishsiz taksi xizmatlariga tegishli. Ikki yil oldin jismoniy shaxslarga oʻzini oʻzi band qilgan holda taksichilik qilishiga vaqtinchalik ruxsat berilgan edi. Buning natijasida taksichilar soni 6 barobar oshib, 457 mingga etdi. Shu bois endi bu tartib doimiy boʻlishi aytildi.

Taksilarga mijoz topishda qulay axborot xizmatlari bozori shakllandi. Hozirda 151 ta agregator kompaniya ish yuritayapti va bu yana oʻsib borayapti. Shu bois agregatorlar faoliyatini tartibga solish, ularning davlat, haydovchi va yoʻlovchilar oldidagi majburiyatini aniq belgilash vazifasi qoʻyildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston